Zamonaviy proteksionizmning ham asosiy maqsadi ichki bozorda milliy ishlab chiqaruvchilar uchun nisbatan qulay sharoitlar yaratish hamda ularni xorijiy ishlab chiqaruvchilar raqobatidan himoyalash hisoblanadi, biroq uning usul va vositalari o‘zining moslashuvchanligi bilan klassik proteksionizmdan farq qiladi.
Qiyosiy xarajatlar nazariyasiga ko‘ra erkin savdo tufayli, jahon xo‘jaligi resurslarni samarali joylashtirishga va moddiy farovonlikning yuqori darajasiga erishishi mumkin. Proteksionizm, ya’ni erkin savdo yo‘lidagi to‘siqlar xalqaro ixtisoslashuvdan olinadigan nafni kamaytiradi yoki yo‘qqa chiqaradi.
Erkin savdo yo‘lida juda ko‘p to‘siqlar mavjud bo‘ladi. Ularning asosiylari quyidagilar:
boj to‘lovlari. Boj to‘lovlari import tovarlarga aksiz soliqlari hisoblanadi, u daromad olish maqsadida yoki himoya uchun kiritilishi mumkin;
import kvotalari. Import kvotalari yordamida ma’lum bir vaqt oralig‘ida import qilinishi mumkin bo‘lgan tovarlarning maksimal hajmi o‘rnatiladi;
tarifsiz to‘siqlar. Tarifsiz to‘siqlar tarkibiga litsenziyalash tizimi, mahsulot sifatiga standartlar qo‘yish yoki oddiy ma’muriy taqiqlashlar kiradi;
eksportni ixtiyoriy cheklash. Eksportni ixtiyoriy cheklash savdo to‘siqlarining nisbatan yangi shakli hisoblanadi. Bu holda chet el firmalari o‘zlarining ma’lum mamlakatga eksportini ixtiyoriy ravishda cheklaydi.
Mamlakatlar xalqaro savdo yordamida o‘zlarining davlatlararo ixtisoslashuvini rivojlantirishi, o‘zlarining resurslari unumdorligini oshirishi va shu orqali ishlab chiqarishning umumiy hajmini ko‘paytirishi mumkin. Alohida davlatlar, eng yuqori nisbiy samaradorlik bilan ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan tovarlarga ixtisoslashishi va ularning o‘zlari samarali ishlab chiqarish holatida bo‘lmagan tovarlarga ayirboshlash hisobiga yutish mumkin.
Shu o‘rinda mamlakatlar nima uchun savdo-sotiq qiladi, degan savol tug‘iladi. Birinchidan, iqtisodiy resurslar dunyo mamlakatlari o‘rtasida juda notekis taqsimlanadi: mamlakatlar o‘zlarining iqtisodiy resurslar bilan ta’minlanishi keskin farqlanadi. Ikkinchidan, har xil tovarlarni samarali ishlab chiqarish har xil texnologiya yoki resurslar uyg‘unlashuvini talab qiladi. Bu ikki holatning xalqaro savdoga ta’sirini oson tushuntirish mumkin. Masalan, Yaponiya ko‘p va yaxshi tayyorlangan ishchi kuchiga ega, malakali mehnat ortiqcha bo‘lganligi sababli arzon turadi. Shu sababli, Yaponiya tayyorlash uchun ko‘p miqdorda malakali mehnat talab qilinadigan turli-tuman mehnat sig‘imli tovarlarni samarali ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Avstraliya esa aksincha, juda keng maydonlariga ega bo‘lgan holda yetarli bo‘lmagan miqdorda inson resurslari va kapitalga ega.
Qisqacha aytganda, himoya qilinadigan tarmoqlar savdo to‘siqlarini kiritishdan oladigan foyda butun iqtisodiyot uchun ancha katta yo‘qotish hisoblanadi.