27.3. To‘lov balansi, uning tuzilishi va taqchilligi To‘lov balansi - mamlakat rezidentlari (uy xo‘jaliklari, korxonalar va davlat) va chet elliklar o‘rtasida ma’lum vaqt (odatda bir yil) oralig‘ida amalga oshirilgan barcha iqtisodiy bitimlar natijasining tartiblashtirilgan yozuvi.
Iqtisodiy bitimlar – qiymatning har qanday ayirboshlanishi, ya’ni tovarlar, ko‘rsatilgan xizmatlar yoki aktivlarga mulkchilik huquqining bir davlat rezidentlaridan boshqa davlat rezidentlariga o‘tishi bo‘yicha kelishuvlardan iborat. Har qanday bitim ikki tomoniga ega bo‘ladi va shu sababli to‘lov balansida ikki tomonlama yozuv tartibiga rioya qilinadi. Har bir bitim to‘lov balansining debet va kredit qismlarida o‘z ifodasini topadi.
Kredit –qiymatning mamlakatdan chiqib ketishi bo‘lib, uning hisobiga mazkur mamlakat rezidentlari chet el valyutalarida qoplovchi to‘lovlar ekvivalentini oladi. Debet – qiymatning mazkur mamlakatga kirib kelishi bo‘lib, uning hisobiga rezidentlar chet el valyutalarning sarflaydi. To‘lov balansida kreditlar umumiy summasi debetlarning umumiy summasiga teng bo‘lishi zarur. To‘lov balansidagi barcha bitimlar o‘z ichiga joriy va kapital bilan operatsiyalarni olishi sababli, u uchta tarkibiy qismdan iborat bo‘ladi (27.4-jadval):
joriy operatsiyalar hisobi;
kapital harakati hisobi;
rasmiy zaxiralarning o‘zgarishi.
27.4-jadval To‘lov balansining tuzilishi
I. Joriy operatsiyalar hisobi
1. Tovar eksporti
2. Tovar importi
Tashqi savdo balansi qoldig‘i
3. Xizmatlar eksporti
(chet el turizmidan daromadlar va h.k. - kreditli xizmatlar)
4. Xizmatlar importi (turizm uchun chet elga to‘lovlar va h.k.
- kreditli xizmatlar)
5. Investitsiyalardan sof daromadlar ( kreditli xizmatlardan sof daromadlar)