Ishlab chiqarish imkoniyatlari chegarasi to‘g‘risida yaxshiroq tasavvurga ega bo‘lish uchun:
birinchidan, iqtisodiyot faqat ikki xil mahsulot – non va tegirmon ishlab chiqaradi (bunda non iste’mol tovarlarini, tegirmon ishlab chiqarish vositalarini bildiradi); ikkinchidan, iqtisodiy resurslar miqdor va sifat jihatdan o‘zgarmaydi; uchinchidan, mehnat unumdorligi va texnologiya doimiy bo‘lib qoladi, deb
faraz qilamiz.
Mavjud resurslar cheklanganligi sababli iqtisodiyotning tegirmon va non ishlab chiqarish hajmini birdaniga ko‘paytirib borish imkoniyati cheklangan. Resurlarning cheklanganligi mahsulot ishlab chiqarishning cheklanganligini bildiradi. Bunday sharoitda tegirmon ishlab chiqarishni har qanday ko‘paytirishga resurslarning bir qismini – non ishlab chiqarishni kamaytirish orqali erishadi.
Aksincha, agar non ishlab chiqarishni ko‘paytirish afzal ko‘rinsa, buning uchun zarur resurslar faqat tegirmon ishlab chiqarishni qisqartirish hisobiga olinishi mumkin.
Jadvalda jamiyat tanlashi mumkin bo‘lgan sanoat tegirmonlari va non miqdorining muqobil uyg‘unlashuvi ifodalangan. A muqobil variantga binoan, iqtisodiyot o‘zining butun resurslarini tegirmon, ya’ni ishlab chiqarish vositalarini ishlab chiqarishga yo‘naltiradi. E muqobil variantda esa mavjud resurslar to‘lig‘icha non, ya’ni iste’mol buyumlari ishlab chiqarishda foydalaniladi. Jadvaldagi asosiy g‘oya quyidagicha: har qanday vaqt oralig‘ida iqtisodiyot to‘la bandlik va ishlab chiqarishning to‘liq hajmida non mahsulotini ko‘proq ishlab chiqarishi uchun tegirmonning bir qismidan voz kechishi zarur. Iqtisodiy resurslar kamyob bo‘lganligi sababli, iqtisodiyot non va tegirmon ishlab chiqarish hajmini bir vaqtda ko‘paytira olmaydi.
Ishlab chiqarish imkoniyati haqidagi tushunchani chuqurlashtirish uchun jadvalda keltirilgan ma’lumotlarni rasmda tasvirlaymiz (2.9-rasm).
Ishlab chiqarish imkoniyati egri chizig‘idagi har bir nuqta ikki xil mahsulot ishlab chiqarishning qandaydir eng ko‘p hajmini ko‘rsatadi. Jamiyat uchun mahsulotlarning erishib bo‘ladigan har xil uyg‘unlashuvlaridan tanlab olish imkoniyati egri chiziq ichida joylashadi.
Non va tegirmon ishlab chiqarishning har xil uyg‘unlashuvini amalga oshirish uchun jamiyat ulardagi mavjud resurslarning to‘la bandligi va ishlab chiqarishning to‘liq hajmini ta’minlashi zarur. Non va tegirmonning barcha uyg‘unlashuvi ularning eng ko‘p miqdorini ko‘rsatib, bu barcha mavjud resurslardan esa samarali foydalanish natijasida olinishi mumkin. Iqtisodiyotda resurslarning to‘la bandligi va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash uchun har ikkala mahsulotning tanlangan hajmi ishlab chiqarish imkoniyatlari egri chizig‘i deb nomlanuvchi ABCDE chizig‘ida joylashgan bo‘lishi lozim. Bu chiziqdan chap tomonda joylashgan har qanday nuqta resurslardan to‘liq foydalanmaslikni anglatadi. Masalan, rasmdagi G nuqta iqtisodiyotda 1,6 mln. dona non va 5 ming donaga yaqin tegirmon ishlab chiqarilayotganini bildiradi. Bu esa, resurslardan foydalanishning muayyan darajasida, qo‘shimcha resurslarni jalb etmagan holda, quyidagi harakatlarni amalga oshirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatadi:
non ishlab chiqarishning mavjud hajmini saqlab qolgan holda, tegirmon
ishlab chiqarish hajmini 8 ming donagacha yetkazish;
tegirmon ishlab chiqarishning mavjud hajmini saqlab qolgan holda, non
ishlab chiqarish hajmini 2,7 mln. donagacha yetkazish;
bir vaqtning o‘zida har ikkala mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish.
Ishlab chiqarish imkoniyatlari egri chizig‘idan tashqarida joylashgan har qanday nuqtaga (masalan W) resurslarning mavjud hajmi va ishlab chiqarishning mavjud texnologiyasi darajasida erishib bo‘lmaydi.
Jamiyat bu mahsulotlar uyg‘unlashuvidan birortasini tanlashi zarur: ko‘proq tegirmon ishlab chiqarish kamroq non ishlab chiqarishni bildiradi va aksincha. Har qanday mahsulotning qandaydir miqdorini olish uchun, voz kechishga to‘g‘ri keladigan boshqa mahsulot miqdori bu mahsulotning muqobil xarajatlari deb ataladi. Biz bu yerda faqat ikki narsa tegirmon va non misolida iqtisodiy resurslarning to‘la bandligi va ishlab chiqarishning to‘liq hajmi bilan xususiyatli deb hisobladik.
Agar band bo‘lmagan resurslar bo‘lsa yoki resurslardan samarasiz foydalanilsa (to‘liq foydalanilmasa) iqtisodiyot jadvalda ko‘rsatilgan har bir muqobil variantdagidan kamroq mahsulot ishlab chiqargan va bu rasmda keltirilgan ishlab chiqarish imkoniyati egri chizig‘ining ichida joylashgan bo‘lar edi.
Agar resurslarning miqdori, sifati hamda texnika, texnologiya o‘zgarsa iqtisodiyotda ishlab chiqarishning umumiy hajmi ham (ishlab chiqarish imkoniyati egri chizig‘ining holati) o‘zgaradi. Mavjud resurslarning ko‘payishi har bir variantda bitta yoki har ikkala mahsulot ishlab chiqarish hajmining ko‘payishiga olib keladi.
Hozirgi davrda fan-texnika taraqqiyoti va binobarin texnika va texnologiyalar o‘zgarishi jadallashgan vaqtda ishlab chiqarish imkoniyati to‘xtovsiz kengayib boradi. Energiyaning, xomashyo va materiallarning yangi turlari topilib ishga tushuriladi. Yangi texnika va texnologiyalar qo‘llanilib, mehnat unumdorligi, yerlar xosildorligini, chorva mollari mahsuldorligini, tejamkorlikni oshirish imkonini beradi.