Joriy narx – yil davomidagi ishlab chiqarish natijalarini hisoblashda qo‘llaniluvchi amaldagi narx.
Qiyosiy narx – ishlab chiqarishning natijalari ma’lum yil (bazis yil) asosida hisoblanuvchi va boshqa yillar bilan taqqoslanuvchi narx.
Narx tizimi – iqtisodiyotda amal qilib turgan barcha narx turlari.
Ulgurji narx – ishlab chiqaruvchilar tomonidan katta partiyadagi tovarlar bir yo‘la ko‘tarasiga sotilganda qo‘llaniladigan narx.
Shartnoma narx– sotuvchi va xaridorning roziligi bilan belgilanadigan, ular tomonidan tuzilgan shartnomada qayd qilingan narx.
Chakana narx – tovarlar bevosita iste’molchilarga sotiladigan narx.
Chegaralangan narx – davlat tomonidan yuqori va quyi chegaralari belgilanib, shu doirada o‘zgarishi mumkin bo‘lgan narx.
Dotatsiyalangan narx – davlat budjeti hisobidan maxsus arzonlashtirilgan narx.
Demping narx– bozorda o‘z mavqeini mustahkamlash va raqiblarini siqib chiqarish uchun firmalar tomonidan foydalaniladigan maxsus narx.
Nufuzli narx – sotish hajmini o‘zgartirmasdan, yuqori foyda olishga erishish uchun firmalar tomonidan foydalaniladigan narx.
Erkin bozor narxi – talab va taklif asosida vujudga keladigan bozor narxi.
Narx diapazoni – narxlar oralig‘ining puldagi ifodasi.
Hududiy narx – faqat ma’lum hududiy bozorga xos bo‘lib, shu hudud doirasidagi omillar ta’sirida hosil bo‘ladigan narx.
Milliy bozor narxi – bir mamlakat doirasida amal qiluvchi va ularning xususiyatini aks ettiruvchi narx.
Jahon bozori narxi – muayyan tovarni ishlab chiqarishga sarflangan baynalminal xarajatlarni, tovarning jahon standarti talabiga mos kelish darajasini va xalqaro bozordagi talab va taklif nisbatini hisobga oladigan narx.
Ommaviy talab bo‘yicha narxning o‘zgarishi – taklifga nisbatan xaridorlarning ommaviy talabi qanchalik katta bo‘lsa, bozor narxi darajasi shunchalik yuqori bo‘lishi va aksincha, talabning kamayishi bilan bozor narxi pasayib borishi o‘rtasidagi miqdoriy bog‘liqlik.