Asosiy tayanch tushunchalar Tadbirkorlik faoliyati – shakli va sohasidan qat’iy nazar foyda olishga va undan samarali foydalanish maqsadiga qaratilgan iqtisodiy faoliyat.
Aksiyadorlik jamiyati – ko‘proq foyda olish maqsadida aksiyalar chiqarish orqali mehnat, mehnat qurollari va boshqa ishlab chiqarish vositalari hamda pul resurs (kapital)larini birlashtirgan uyushma.
Aksiya – bu uning egasi aksiyadorlik jamiyati kapitaliga o‘zining ma’lum hissasini qo‘shganligi va uning foydasidan dividend shaklida daromad olish huquqi borligiga guvohlik beruvchi qimmatli qog‘oz.
Aksiya kursi – qimmatli qog‘ozlar bozorida aksiyalarning sotiladigan narxi.
Obligatsiya – uning egasi jamiyatga qayd qilingan foiz olish sharti bilan pul qo‘yganligini tasdiqlovchi qimmatli qog‘oz.
Ta’sischilik foydasi – sotilgan aksiyalar va aksiyadorlik korxonasiga haqiqatda qo‘yilgan mablag‘lar summasi o‘rtasidagi farq.
Dividend – aksiya egasi o‘zlashtiradigan daromad turi.
Tadbirkorlik kapitali – tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha moddiy vositalar, tovarlar va pul mablag‘lari.
Aylanma kapital – unumli kapitalning bir doiraviy aylanish davomidagi ishlab chiqarish jarayonida to‘liq iste’mol qilinadigan, o‘z qiymatini yaratilgan mahsulotga to‘liq o‘tkazadigan va ashyoviy-buyum shaklini ham yo‘qotadigan qismi.
Asosiy kapital – unumli kapitalning ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) jarayonida bir qator doiraviy aylanishlar davomida qatnashib, o‘zining qiymatini tayyorlanayotgan mahsulotga (xizmatga) bo‘lib-bo‘lib o‘tkazib boradigan va xizmat muddati davomida o‘zining ashyoviy-buyum shaklini o‘zgartirmaydigan qismi.
Amortizatsiya normasi – amortizatsiya ajratmalari yillik summasining asosiy kapital qiymatiga nisbatining foizdagi ifodasi.
Takrorlash uchun savollar va topshiriqlar: Tadbirkorlik faoliyatiga ta’rif bering. «Tadbirkorlik faoliyati» va «biznes» tushunchalarini izohlang.
Tadbirkorlikning vazifalarini sanab ko‘rsating. Nima uchun tadbirkor tahlika
(tavakkalchilik) bilan faoliyat ko‘rsatadi?
Tadbirkorlikning rivojlanish shart–sharoitlari nimalardan iborat?
Tadbirkorlikning shakllari va ularning xususiyatlarini ko‘rsating.
Aksiyadorlik jamiyatiga ta’rif bering. Aksiya nima, aksiya kursi qanday aniqlanadi? Aksiya kursiga ta’sir qiluvchi omillarni ko‘rsating.
Tadbirkorlik kapitali nima? Uning tarkibiy tuzilishi qanday?
Tadbirkorlik kapitali ishlab chiqarish va muomala jarayonida qanday bosqichlardan o‘tadi hamda qanday shakllarga kiradi?
Kapitalning aylanishiga tavsif bering. Aylanish vaqti qanday vaqtlarni o‘z ichiga oladi? Ularga tushuncha bering.
Kapitalning aylanish tezligi qanday aniqlanadi? Kapitalning aylanish uzunligi ikki oyni tashkil qiladi deb faraz qilsak, bir yilda necha marta aylanadi va bir aylanishining uzunligi qancha davom etadi?
Unumli kapital asosiy va aylanma kapitalga qanday mezonlar bo‘yicha ajratiladi? Asosiy va aylanma kapitalga tavsif bering.
Amortizatsiyaning iqtisodiy mazmuni nimadan iborat? Uning normasi qanday aniqlanadi?
Asosiy kapitaldan foydalanish samaradorligi qanday ko‘rsatkichlar orkali aniqlanadi? Aylanma kapital va aylanma mablag‘lardan foydalanish samaradorligi ko‘rsatkichlarini tushuntiring.