Ishchi kuchiga bo‘lgan talabni oshirish. Kasaba uyushmalar nuqtai nazaridan ish haqini oshirishning eng qulay usuli ishchi kuchiga bo‘lgan talabni kengaytirish hisoblanadi. Ishchi kuchiga bo‘lgan talabning ortishi natijasida ish haqi stavkasi ham, ishchi o‘rinlari soni ham ortadi. Kasaba uyushmalari bu talabni belgilovchi bir yoki bir necha omillarni o‘zgartirish yo‘li bilan ishchi kuchiga bo‘lgan talabni ko‘paytirishlari mumkin. Xususan, ular quyidagilarga erishishga harakat qiladilar: 1) ishlab chiqariladigan mahsulot yoki ko‘rsatiladigan xizmatga talabni oshirish; 2) mehnat unumdorligini oshirish; 3) ishchi kuchi bilan birgalikda foydalanadigan boshqa ishlab chiqarish omillari narxlarini o‘zgartirish.
Ishchi kuchi taklifini qisqartirish. Kasaba uyushmalari ishchi kuchi taklifini qisqartirish yo‘li bilan ish haqi stavkasini oshirishlari mumkin. Bunga quyidagi yo‘llar bilan erishiladi: a) immigratsiyani cheklash; b) bolalar mehnatini qisqartirish; v) pensiyaga muddatida chiqishni qo‘llab-quvvatlash; g) ish haftasini qisqartirishga yordam berish.
Bulardan tashqari kasaba uyushmalari tadbirkorlarni o‘z a’zolarini ishga yollashga majbur qilib, ishchi kuchi taklifi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatadi. Kasaba uyushmalari o‘z a’zolari sonini qisqartirish siyosati orqali (masalan, uzoq muddatli o‘qitish, yangi a’zolarni qabul qilishni cheklash yoki taqiqlash) ishchi kuchi taklifini sun’iy ravishda qisqartiradi. Bu, o‘z navbatida, ish haqi stavkasining ortishiga olib keladi.
Kasb bo‘yicha malaka darajasini litsenziyalash. Bu ma’lum mehnat turi taklifini cheklash vositasi hisoblanadi. Bunda kasaba uyushmalari korxona ma’muriyatiga ma’lum kasbdagi ishchilar aniq ko‘rsatilgan talablarga javob bergan taqdirda ishga qabul qilishga ta’sir ko‘rsatadi. Bu talablar o‘z ichiga ishchining ta’lim darajasi, mutaxassislik bo‘yicha ish staji, imtihon natijasi va shaxsiy tavsiflarini oladi.
Kasaba uyushmalari jamoa shartnomalari tuzishda monopol holatga ega bo‘lgan tadbirkorlarga qarshilik ko‘rsatish yo‘li bilan ham ish haqi stavkasini oshirishga erishishi mumkin. Buning natijasida ish haqini oshirish bilan bog‘liq qo‘shimcha sarflar, yangi ishchi kuchini yollash natijasida olinadigan qo‘shimcha mahsulot hajmidan ortiq bo‘ladi.
Kasaba uyushmalari o‘zlarining iqtisodiy vazifalarini amalga oshirishlarida manfaatlari himoya qilinayotgan mehnatkashlar guruhining kasbiy ixtisosligi xususiyatlaridan kelib chiqqan holda yopiq (tor) yoki ochiq (keng) turda tashkil etilishi mumkin. Yopiq turdagi kasaba uyushmalariish haqi darajasini oshirish uchun ishchi kuchi taklifini qisqartirishga harakat qiladilar. Bu ko‘proq ma’lum kasb egalari, masalan, duradgorlar, g‘isht teruvchilar, elektr payvandchilar kabilarni o‘ziga birlashtiruvchi sex kasaba uyushmalari tarzida tashkil etiladi. Sex kasaba uyushmalari ish beruvchilarni faqat mazkur kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lgan ishchilarni yollashga majbur etib, shu orqali ishchi kuchi taklifi ustidan nazorat o‘rnatadilar. Zarur holda kasaba uyushmasiga a’zolikni qisqartirish orqali ishchi kuchi taklifini sun’iy yo‘l bilan qisqartiradilar. Bunda ular quyidagi yo‘llardan foydalanishlari mumkin:
o‘qitish, kasbga tayyorlash muddatini cho‘zish;
kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lish badallarini oshirish;
yangi a’zolarni qabul qilishni cheklash yoki umuman taqiqlash va boshqalar.
Bu tadbirlar asosida ishchi kuchi taklifini qisqartirish hamda ish haqi darajasini oshirish jarayonini quyidagi rasm orqali ko‘rish mumkin (12.1-rasm).