12.1-rasm. Yopiq turdagi kasaba uyushmasining ish haqi darajasiga ta’siri Rasmdan ko‘rinadiki, kasaba uyushmalari ishchi kuchi taklifini S1S1 dan S2S2 ga qadar qisqartirish orqali ish haqi darajasini W1 dan W2 ga qadar oshirishga erishadilar. Biroq, ishchi kuchi taklifining pasayishi yollangan ishchilar sonining Q1 dan Q2 ga qadar qisqarishiga olib keladi.
Aksariyat kasaba uyushmalari o‘z a’zolari sonini cheklashga harakat qilmaydilar. Aksincha, ular barcha mavjud yoki keyinchalik yollanuvchi ishchilarni birlashtirishga harakat qiladilar. Bu ochiq turdagi yoki tarmoq kasaba uyushmalariuchun xos bo‘lib, tarmoqdagi barcha ishchilarni, ularning
malakasidan qat’iy nazar, o‘z saflariga a’zo bo‘lishiga intiladilar. Bu o‘rinda, agar kasaba uyushmasi a’zolari faqat malakali mutaxassislardan tarkib topsa, uni yopiq tarzda tashkil etish ham mumkin bo‘ladi.
Chunki ish beruvchilar bu qadar katta miqdordagi malakali mutaxassislarni ishdan bo‘shatib, ular o‘rniga boshqalarini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lmaydilar. Biroq, o‘ziga malakasiz yoki past malakali ishchilarni birlashtirgan kasaba uyushmasi a’zolikni cheklay olmaydi, bunday holatda ish beruvchilar bu ishchilarni kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lmagan ishchilar bilan almashtirish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu holat kasaba uyushmasining amal qilish zaruratini yo‘qqa chiqaradi.
Agar tarmoq kasaba uyushmasi mazkur tarmoqdagi deyarli barcha ishchilarni birlashtira olsa, u holda ish haqi darajasi bo‘yicha shartnoma tuzishda kasaba uyushmalari korxona ma’muriyatini o‘z ta’siri doirasida ushlab tura oladi.
Ma’muriyat tomonidan ularning shartlari inkor etilgan holda, ishchilarni ish tashlashga undash orqali kasaba uyushmalari korxonani ishchi kuchi taklifidan to‘liq mahrum etishi mumkin.
Ochiq turdagi kasaba uyushmasining ish haqi darajasiga ta’sirini quyidagi rasm orqali ko‘rish mumkin (12.2-rasm).