13.2. Renta munosabatlari Renta nazariyasi dastlab, fiziokratlar maktabining asoschilari F.Kene va
A.Tyurgolarning ilmiy asarlarida ko‘rib chiqilgan. Ular rentaning vujudga kelish sababini tabiat, yerning qandaydir sirli kuchi, tabiat ehsoni, yerning qo‘shimcha mahsulot yarata olish qobiliyati natijasi deb izohlaganlar. Ular qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yaratishda, jumladan, sof va qo‘shimcha mahsulot yaratishda tabiat rolini ko‘rsatishga harakat qilganlar. Keyinchalik renta nazariyasining asoslari klassik iqtisodchilar U.Petti, J.Anderson, A.Smit va D.Rikardolar tadqiqotlarida turli darajada takomillashtirilgan. Jumladan, Anderson differensial renta to‘g‘risidagi qarashlarni ilgari surgan, biroq rentaning yaratilgan maxsuloti tovar qiymatining bir qismi ekanligini tushuntirib berolmagan. Rikardo esa, fiziokratlardan farqli o‘laroq, rentaga mahsulot ijtimoiy va individual qiymatlari o‘rtasidagi farq sifatida qarab, renta nazariyasini qiymatning mehnat nazariyasi, qiymat qonuni bilan bog‘lagan.
Renta nazariyasini rivojlantirishda rus iqtisodchilaridan N.G.Chernishevskiy va N.I.Ziberlar salmoqli hissa qo‘shganlar.
Hozirgi vaqtda Rossiyada «Iqtisodiyot nazariyasi» bo‘yicha chop etilgan qator o‘quv qo‘llanma va darsliklarda ham yer rentasi munosabatlari keng bayon etilmoqda. D.D.Moskvin tahriri ostida tayyorlangan darslikda yozilishicha, resurslarning turli-tumanligi natijasida ulardan foydalanish chog‘ida renta daromadlarining turli ko‘rinishlari paydo bo‘ladi, jumladan: qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda vujudga keluvchi yer rentasi; foydali qazilmalarni qazib olish chog‘ida vujudga keluvchi renta; o‘rmon resurslaridan foydalanishda hosil bo‘luvchi renta; qurilish uchastkalaridan olinuvchi renta va h.k. Barcha turdagi tabiiy resurslar yer bilan uzviy bog‘liq bo‘lganligi sababli ulardan foydalanishda rentaning vujudga kelishi uchun bir-biriga o‘xshash shartsharoitlar mavjud bo‘ladi. Qishloq xo‘jalik ekinlaridan foydalanishning iqtisodiy shart-sharoitlariga nisbatan ishlab chiqilgan renta munosabatlarini tahlil qilish uslubiyoti rentaning barcha turlariga tegishli bo‘ladi, shunga ko‘ra ularni yer rentasiga kiritish to‘g‘ri bo‘ladi. Haydaladigan er, qurilish uchastkasi, ruda koni, baliq ovi, o‘rmon va boshqalardan to‘lanishidan qat’iy nazar, renta ko‘rinishidagi mazkur pul summasi yer rentasi deb ataladi1.
Yer rentasining bir qancha tarixiy ko‘rinishlari mavjud. Masalan, uch shakldagi: barshchina (ishlab berish), obrok (natural soliq) va pul solig‘i shakllaridagi feodal rentalari shular jumlasidandir. Hozirgi paytda turli mamlakatlarda mavjud renta vujudga kelish sabablari va shart-sharoitlariga qarab quyidagi turlarga ajratiladi: absolyut yer rentasi, differensial (tabaqalashgan) renta I va II, monopol renta, qazilma boyliklar, qurilishlar joylashgan yerlardan olinadigan renta. Yuqorida aytib o‘tilgan qator nazariyalarni hamda yer rentasining tarixiy va zamonaviy shakllarini umumlashtirib aytish mumkinki, yer rentasi – yer egaligini iqtisodiy jihatdan amalga oshirish (realizatsiya qilish)ning shaklidir. Rentaning mohiyatini tushunishdagi asosiy qiyinchilik tadbirkorlar o‘rtasida qayta taqsimlanmaydigan qo‘shimcha sof daromadni vujudga kelishi shart-sharoit va sabablarining ochib berilishi hisoblanadi. Bunday holat vujudga kelishining sabablaridan biri samarali xo‘jalik yuritish uchun yaroqli bo‘lgan yerlarning cheklanganligi va qayta tiklab bo‘lmasligida o‘z ifodasini topadi. Ikkinchi sababi – yerga yoki boshqa tabiiy resurslarga mulkchilik obyekti yoki xo‘jalik yuritish obyekti sifatidagi monopoliyaning mavjudligi hisoblanadi. Uchinchi sababi esa, ko‘p mamlakatlarda qishloq xo‘jaligidagi kapital uzviy (organik) tuzilishi, ya’ni ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchigai sarflangan kapital o‘rtasidagi nisbatning pastligi hisoblanadi.
Yer uchastkalarining unumdorligi va joylashgan joyidagi farqlar natijasida vujudga keladigan qo‘shimcha maxsulot qiymatning bir qismi renta shaklini oladi hamda u differensial renta deb ataladi. Qishloq xo‘jaligida eng muhim ishlab chiqarish vositasi – yerning miqdori va sifatini tabiatning o‘zi cheklab qo‘ygan, uni inson ko‘paytirishga qodir emas.
Shuning uchun qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini faqat yaxshi va o‘rtacha unumdor yer uchastkalarida tashkil etish bilan cheklanish mumkin emas. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab ko‘p bo‘lganligi uchun yomon, kam unumli yerlarda ham ishlab chiqarishni tashkil etish zarurdir. Agar ishlab chiqarilgan mahsulot to‘lovga qodir talab bilan ta’minlangan bo‘lsa, yerning mahsuldorligi yoki joylashuvi jihatidan yomon sharoit qishloq xo‘jalik tovarlariga narx shakllanishini tartibga soluvchi ijtimoiy normal sharoit hisoblanadi. Natijada o‘rtacha yoki yaxshi yerlarda xo‘jalik yurituvchi ishlab chiqaruvchilar ustama qo‘shimcha mahsulot va binobarin qo‘shimcha foyda oladilar. Demak, differensial renta hosil bo‘lishining tabiiy sharti miqdori cheklangan yerning sifati (unumdorligi) dagi farqlardir, uning ijtimoiy-iqtisodiy sababi esa foydalaniladigan yerlarda iqtisodiy jihatdan alohidalashgan tarzda mustaqil xo‘jalik yuritishdir.
Differensial renta o‘zining kelib chiqish sharoitlarga qarab differensial renta I va differensial renta II ga bo‘linadi.