Mehnat qurollari va mehnat predmetlari birgalikda ishlab chiqarish vositalari deb yuritiladi. Bu esa mehnat jarayonining tabiatidan kelib chiqadi; shuning uchun ham ishlab chiqarish vositalari barcha ijtimoiy-iqtisodiy tizimlar, insoniyat taraqqiyotining hamma bosqichlari uchun xosdir.
Ishlab chiqarish omillari insoniyat taraqqiyotining hamma bosqichlari uchun umumiy bo‘lsada, bu omillarga turli adabiyotlarda turlicha ta’rif beriladi.
Jumladan, «Siyosiy iqtisod» darsliklarida ishlab chiqarishning ikki omili: moddiy va shaxsiy omillari mavjudligi tan olinadi. Bunda mehnat qurollari va mehnat predmetlaridan iborat ishlab chiqarish vositalari ishlab chiqarishning moddiy omilini tashkil etadi, ishchi kuchi esa uning shaxsiy omili deb yuritiladi. Hozirgi bozor iqtisodiyotiga doir ko‘pchilik adabiyotlarda esa ishlab chiqarishning to‘rt omili: mehnat, kapital, er, tadbirkorlik qobiliyati tan olinadi.
Bu yerda ishchi kuchi bilan mehnat o‘rtasidagi farqni anglab olish juda muhimdir. Chunki, mehnat insonning, to‘g‘rirog‘i ishchi kuchining ma’lum maqsadga qaratilgan faoliyati jarayoni bo‘lib, ishchi kuchi tushunchasidan tamomila farqlanadi. Ko‘pgina adabiyotlarda esa ularga sinonim (bir xil tushuncha) sifatida qaralib, bunday holat ko‘plab chalkashliklarni keltirib chiqaradi. Bizga ma’lumki, ishchi kuchi insonning mehnatga bo‘lgan aqliy va jismoniy qobiliyatlarining yig‘indisidir. Mehnat esa barcha omillarning birgalikdagi harakati ishchi kuchining ishlab chiqarish vositalari bilan qo‘shilishi natijasida sodir bo‘ladigan va ma’lum samara olishga qaratilgan faoliyatdir. Shuning uchun biz mehnat degan tushunchani emas, balki ishchi kuchi degan tushunchani ishlab chiqarishning omili deb bilamiz va ishlab chiqarish omillari ishchi kuchi, kapital, tabiat va tadbirkorlik qobiliyatidan iborat deb ta’kidlaymiz (2.1-rasm).
2.1-rasm. Ishlab chiqarish omillarining turkumlanishi Ishchi kuchi insonning mehnatga bo‘lgan aqliy va jismoniy qobiliyatlarining yig‘indisi bo‘lganligi uchun bozor iqtisodiyoti davrida inson emas, mehnat jarayoni ham emas, balki ishchi kuchi tovar sifatida sotiladi va sotib olinadi. Ishchi kuchining boshqa tovarlar kabi qiymati va nafliligi mavjuddir va binobarin, uning bozori ham mavjud bo‘ladi. Shuning uchun hozirgi kunda keng qo‘llanilayotgan mehnat bozori tushunchasi o‘rniga ishchi kuchi bozori, mehnat resurslari o‘rniga ishchi kuchi resurslari deyilsa to‘g‘ri va tushunarli bo‘lar edi.
Kapital tushunchasi ham turli adabiyotlarda turlicha talqin qilinadi.
Ko‘pchilik kapital tushunchasini tarixiy tushuncha deb qarab, uning kapitalizmga xosligini isbotlaydi va kapitalni o‘z egasiga qo‘shimcha qiymat keltiruvchi qiymat, o‘z-o‘zidan ko‘payuvchi, o‘suvchi qiymat deb hisoblaydi. Ayrim g‘arb iqtisodchilari ham, masalan, J.Klark, L.Valras, I.Fisherlar kapitalga daromad keltiruvchi, foyda keltiruvchi, foiz keltiruvchi qiymat deb qaraydilar.
Qator g‘arb iqtisodchilarining jumladan, D.Xayman, P.Xeyne, E.Dolon, J.Robinson, R.Dornbush va boshqalarning fikrini keltirib va ularni umumlashtirib, prof. V.D.Kamaev o‘zining rahbarligida yozilgan darsligida «haqiqatdan ham — kapital o‘zidan o‘zi ko‘payuvchi qiymat»1 deb yozadi. Bunday fikr D.D.Moskvin, V.Ya.Ioxin, A.G.Gryaznova, E.F.Borisov va boshqalarning rahbarligida nashr etilgan qator iqtisodiyot nazariyasi kitoblarida ham aytiladi. Lekin, Amerika va Yevropa mamlakatlaridan kirib kelgan «Ekonomiks» darsliklari va boshqa ayrim adabiyotlarda kapitalni barcha ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida qo‘llaniladigan moddiy vositalardan, ya’ni hamma turdagi mashinalar, asbobuskunalar, inshootlar, zavod-fabrikalar, omborlar, transport vositalari va boshqa shu kabilardan iborat deb ko‘rsatadi, unga pul va tovarni kiritmaydi. Bundan ko‘rinib turibdiki, ayrim iqtisodchilar kapitalistik iqtisodiy tuzumning sotsial mohiyatini ochish uchun masalaga bir tomonlama qarab, ishlab chiqarish omillarining qiymatiga e’tiborni kuchaytirgan. Iqtisodchilarning ayrimlari esa kapitalni bir tomonlama qarab, uning qiymat tarafini e’tiborga olmasdan faqat moddiy ashyoviy tomonini ko‘rsatadilar va kapital tushunchasining tarixiyligini e’tibordan chetda qoldiradilar. Shuning uchun ham ular uni qotib qolgan doimiy, o‘zgarmas tushuncha deb ishlab chiqarish vositalarini (uning faqat moddiyashyoviy tomonini hisobga olib) kapital deb ataydilar. Biz bu kapital tushunchasiga bo‘lgan ikki tomonlama yondashuvni bir tanganing ikki tomoni, bir tushunchaning, ya’ni kapital tushunchasining ikki tomoni: uning bir tomoni moddiy va ashyoviy ko‘rinishi, ikkinchi tomoni esa uning qiymat ko‘rinishi ekanligini e’tiborga olamiz va uni bozor iqtisodiyoti sharoitida kapital deb ishlatamiz. Biz kapital deganda yollanma mehnat tomonidan harakatga keltirilib, o‘z egalariga daromad, foyda keltiradigan, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning hamma sohalarida qo‘llanadigan ishlab chiqarish vositalarini, sotishga tayyor turgan tovarlarni, yangi vositalar va ishchi kuchini sotib olishga mo‘ljallangan pul mablag‘larini, ularning ashyoviy tomoni va qiymatining birligini tushunamiz. Boshqacha qilib aytganda, «kapital» ham qiymatga, ham naflilikka ega bo‘lgan, ma’lum foyda olish maqsadida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonida foydalaniladigan, yollanma ishchi kuchi tomonidan harakatga keltiriladigan vositalardir. Hamma adabiyotlarda yerga deyarli bir xil tushuncha beriladi, ya’ni yer deganda tuproqning unumli qatlami, o‘tloqlar, yaylovlar, suv, havo, o‘rmon, qazilma boyliklar, umuman tabiiy resurslar tushuniladi. Ma’lumki, keyingi vaqtlarda quyoshdan, shamoldan energiya olinmoqda, havodan foydalanilmoqda.
Shularni hisobga olgshan holda yer degan so‘z o‘rniga tabiat so‘zini ishlatsak to‘g‘ri bo‘lar deb o‘ylaymiz.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida katta e’tibor beriladigan omillardan biri tadbirkorlik qobiliyatidir. Tadbirkor deb iqtisodiy resurslar, ya’ni ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi resurslarining, tabiiy resurslarning birbiriga qo‘shilishini ta’minlaydigan, tashkilotchi, yangilikka intiluvchi, tashabbuskor, iqtisodiy va boshqa xavfdan, javobgarlikdan qo‘rqmaydigan kishilarga aytiladi; bu xislatlar majmui esa tadbirkorlik qobiliyati deb yuritiladi. Mamlakatimiz prezidenti Sh.Mirziyoyev aytganlaridek, “Faol tadbirkorlik biznes faoliyatini innovatsion, ya’ni zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or texnologiya va boshqaruv usullari asosida tashkil etadigan iqtisodiy yo‘nalishdir”1. Hozirgi davrda ayrim adabiyotlarda axborot va uning vositalarini, ekologiyani ham alohida omil deb ko‘rsatadilar. Bizning fikrimizcha, ular tabiat va kapital omillarida o‘z ifodasini topadi. Shuning uchun ularni alohida omil deb qarashga hojat yo‘q.
Ishlab chiqarish omillari hech qachon bir joyda qotib turmaydi, balki doimo rivojlanib o‘sib boradi. Ishlab chiqarish vositalari ham, ishchi kuchi ham doimo harakatda, rivojlanishda bo‘ladi. Ilgarigi oddiy omoch-bo‘yintiriqqa, bolg‘a va boltaga asoslangan ishlab chiqarishdan hozirgi zamon avtomatlashgan ishlab chiqarishgacha kelish fikrimizning dalilidir.
Ishlab chiqarish jarayonining sodir bo‘lishi uchun uning omillari bilan bir qatorda infratuzilmasi ma’lum darajada rivojlangan bo‘lishi zarur. Chunki, shu infratuzilma bo‘lmagan, rivojlanmagan joyda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning ko‘pgina turlarini amalga oshirib bo‘lmaydi. Shuning uchun ular bir-biriga mos ravishda rivojlanib borishi zarur.
Milliy iqtisodiyotining taraqqiy etishida ishlab chiqarish infratuzilmasining roli hisobga olingan holda uning iqtisodiy kategoriya sifatidagi mazmunmohiyatini chuqurroq tushunishni hamda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashdagi o‘rnini aniqlab olishni taqozo etadi.
“Infratuzilma” tushunchasi lotincha “infra” – quyi, osti va “struktura” – tuzilma so‘zlaridan paydo bo‘lgan (ya’ni, “ostki tuzilma” yoki “qo‘shimcha” ma’nosida talqin qilish mumkin). XX asr boshlarida bu atama orqali qurolli kuchlarning harakatini ta’minlovchi front orti inshootlar majmui ifodalangan (moddiy vositalar omborlari, harbiy bazalar, poligonlar va h.k.). 40-yillarning o‘rtalaridan boshlab mazkur tushuncha g‘arb iqtisodiy fanidan boshlab amaliy iqtisodiyotga kirib keldi. U orqali sanoat va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga xizmat qiluvchi xo‘jalik tarmoqlari majmui tushunila boshlandi1.
Yuqoridagi bir qator fikr-mulohazalardan xulosa qilish mumkinki, ishlab chiqarish infratuzilmasi deganda asosiy ishlab chiqarish sohasiga xizmat qiluvchi, ya’ni ijtimoiy ishlab chiqarishning normal amal qilishi uchun zarur bo‘lgan umumiy shart-sharoitlarni yaratuvchi va ta’minlovchi obyektlar majmuini tushuniladi.
Bundan ko‘rinadiki, ishlab chiqarish infratuzilmasining tabiati asosiy ishlab chiqarishga yordamchi xizmatlar ko‘rsatuvchi subyektlarni muntazam ajratib borish hamda tarmoqdagi alohida korxonalar ko‘rinishida tashkil etish orqali namoyon bo‘ladi. Ishlab chiqarish infratuzilmasi korxonalari asosiy ishlab chiqarishga nisbatan ikkilamchi darajani namoyon etib, o‘z taraqqiyotida doimo tovar ishlab chiqaruvchilarning ehtiyojlariga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Ishlab chiqarish infratuzilmasi iqtisodiy tizimda takror ishlab chiqarish barcha fazalarining (ishlab chiqarish, taqsimot, ayirboshlash va iste’mol) birligini, uning uzluksiz amal qilishini ta’minlab, iqtisodiy tizim amal qilishi va rivojlanishining bevosita va majburiy shartlaridan biriga aylanadi.
Ishlab chiqarish jarayoni, uning omillari va infratuzilmasining bir-biri bilan