Asosiy tayanch tushunchalar Makroiqtisodiyot – moddiy va nomoddiy ishlab chiqarish sohalarini yaxlit bir butun qilib birlashtirgan milliy iqtisodiyot va jahon xo‘jaligi darajasidagi iqtisodiyotdir.
Milliy hisoblar tizimi – milliy mahsulotni ishlab chiqarish, taqsimlash hamda ulardan foydalanishni, turli tarmoqlar o‘rtasidagi aloqadorlikni tavsiflaydigan o‘zaro bog‘liq ko‘rsatkichlar tizimi.
Yalpi milliy mahsulot (YaMM) – milliy iqtisodiyotda bir yil davomida vujudga keltirilgan va bevosita iste’molchilarga borib tushadigan pirovard mahsulot va xizmatlarning bozor narxlardagi summasi.
Yalpi ichki mahsulot (YaIM) – yil davomida mamlakat hududida ishlab chiqarilgan pirovard mahsulot va xizmatlarning bozor narxlaridagi qiymati.
Sof ichki mahsulot (SIM) – yil davomida jonli mehnatning unumli harakati bilan yaratilgan yangi mahsulotdir.
Milliy daromad – yangidan vujudga keltirilgan mahsulotning puldagi ifodasi bo‘lib, hozirgi hisoblar tizimida SIMdan egri soliqlarni chiqarib tashlash yo‘li bilan aniqlanadi.
Shaxsiy daromad – milliy daromaddan ijtimoiy sug‘urta ajratmalari, korxona foydasidan olinadigan soliqlar va korxonaning taqsimlanmaydigan foydasini chiqarib tashlash hamda aholi qo‘liga kelib tushadigan ijtimoiy to‘lovlar summasini qo‘shish yo‘li bilan aniqlanadi.
Nominal YaIM – joriy bozor narxlarida hisoblangan YaIM.
Real YaIM – narxlarning o‘zgarishini hisobga olib, o‘zgarmas yoki qiyosiy narxlarda hisoblangan YaIM.
Qo‘shilgan qiymat – ishlab chiqarilgan mahsulot qiymatidan sotib olingan va unumli iste’mol qilingan xom ashyo va materiallar qiymati chiqarib tashlangandan keyin qolgan qismining miqdori.
Oraliq mahsulot – ishlov berish, qayta ishlash va qayta sotish maqsadlarida sotib olingan mahsulotlar. Unga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonida qo‘llanilgan xomashyo, yonilg‘i, materiallar va boshqalar kiritiladi.
Pirovard mahsulot – ishlab chiqarish jarayoni yakunlangan, shaxsiy va unumli iste’mol qilishga tayyor bo‘lgan mahsulotlar.