REJA: Shaxsni o'rganishning ijtimoiy psixologiya uchun o'ziga xosligi.
Shaxsning ijtimoiy ustanovkalari.
Shaxsga qo'yiladigan ijtimoiy talablar.Ijtimoiy norma.Ijtimoiy sanksiya. Ijtimoiy rol.
Shaxs ijtimoiylashuvi.
Shaxs toifalari va ularning ijtimoiy psixologik xarakteristikasi. Ekstrovert va introvert toifali shaxslar.
Mobil va rigid toifali shaxslar.
Dominant va tobe toifali shaxslar.
MAVZU YUZASIDAN TANYACH SO'ZLAR: Ijtimoiy ustanovka, mobil, rigid, introvert, ekstrovert, dominant, tobe, ijtimoiylashuv. GLOSSARIY: Ijtimoiy ustanovka - shaxsning atrof muhitida sodir bo‘layotgan ijtimoiy hodisalarni, ob’ektlarni, ijtimoiy guruhlarni ma’lum tarzda idrok etish, qabul qilish va ular bilan munosabatlar o‘rnatishga ruhiy ichki hozirligi. Mobil - shaxsning bir faoliyat turidan boshqasiga o‘tish va moslashish imkoniyatining yuqori darajada kuzatilishi. Rigid - shaxsning bir faoliyat turidan boshqasiga o'tish va moslashish imkoniyatining past darajada kuzatilishi. Introvert - shaxsning xar qanday sharoit va xolatlarida o‘z ichida kechayotgan fikrlarini bayon etish ehtiyojining nihoyatda pastligi. Ekstrovert - shaxsning xar qanday sharoit va xolatlarida o‘z ichida kechayotgan fikrlarini bayon etish ehtiyojining yuqoriligi. Dominant - boshqalar bilan muomala va munosabat o'rnatishda o‘z fikrini o'tkazish xislatining yorqin namoyon bo‘lishi. Tobe - muloqot va boshqa jarayonlarda shaxsda ko‘nikuvchanlik, boshqa kishilarga bog‘liqlik, fikriga bo‘ysunish xususiyatlarining tarkib topishi. Ijtimoiylashuv - inson tomonidan ijtimoiy tajribani egallash va hayot - faoliyat jarayonida uni faol tarzda o‘zlashtirish jarayoni. MASHG'ULOTNING MAQSADI:Ijtimoiy psixologiyada shaxsni shakllanishi va rivojlanishi muammolarini nazariy urganish. KIRISh: Muloqot jarayonining ham, guruhiy jarayonlarning hamda egasi—sub’ekti hamda ob’ekti aslida alohida shaxs, konkret odamdir. Shuning uchun ham ijtimoiy psixologiya alohida shaxs muammosini ham o‘rganadiki, uni o‘sha turli ijtimoiy jarayonlarning ishtirokchisi va faol amalga oshiruvchisi degan nuqtai nazardan tekshiradi. Ma’lumki, shaxs muammosi umumiy psixologiyada ham, yosh psixologiyasi va pedagogik psixologiyada ham, differensial, huquqiy psixologiya va psixologiyaning qator maxsus bo‘limlarida ham o‘rganiladi. Har bir bo‘lim yoki tarmoq uni o‘z mavzui va vazifalari nuqtai nazaridan shaxsga taalluqli bo‘lgan muammolarni yoritadi. Masalan, umumiy psixologiya shaxsni psixologik faoliyatning mahsuli, alohida psixik jarayonlarning egasi deb hisoblasa, sotsiologiya uni ijtimoiy munosabatlarning ob’ekti deb qaraydi. ASOSIY QISM: Shaxsni o'rganishning ijtimoiy psixologiya uchun o'ziga xosligi Shaxs muammosiga ijtimoiy-psixologik yondashishning o'ziga xosligi shundaki, u turli guruhlar bilan bo'ladigan turli shakldagi o'zaro munosabatlarning oqibati sifatida qaraladi. Ya'ni, ijtimoiy psixologiya avvalo biror guruhning a'zosi hisoblangan shaxs xulq-atvori qanday qonuniyatlarga bo'ysunishini, shaxsning muloqotlar sistemasida olgan ta'sirlari uning ongida qanday aks topishini o'rganadi. Guruhning shaxs psixologiyasiga ta'siri qay yo'sinda sodir bo'lishi ijtimoiy psixologiyada sotsializatsiya, ya'ni ijtimoiylashuv muammosi bilan uzviy bog'liq bo'lsa, bu ta'sirlarning shaxs hatti-harakatlari, xulqida bevosita qanday namoyon bo'lishi ijtimoiy yo'l-yo'riqlar muammosi bilan bog'liqdir. Ana shular asosida shaxsda shakllanadigan fazilatlar va ularning turli tipdagi shaxslarda namoyon bo'lishini aniqlagan holda, shaxs xulq-atvorini boshqarish mexanizmlarini ishlab chiqish ijtimoiy psixologiyaning asosiy vazifalaridan biridir. Shaxsning ijtimoiy ustanovkalari Sof psixologik ma’noda yangicha tafakkur va dunyoqarashni shakllantiruvchi va o‘zgartiruvchi ijtimoiy psixologik mexanizm - bu ijtimoiy ustanovkalardir. Bu - shaxsning atrof muhitida sodir bo‘layotgan ijtimoiy hodisalarni, ob’ektlarni, ijtimoiy guruhlarni ma’lum tarzda idrok etish, qabul qilish va ular bilan munosabatlar o‘rnatishga ruhiy ichki hozirlik sifatida odamdagi dunyoqarashni ham o‘zgartirishga aloqador kategoriyadir. Ijtimoiy muhitning ta'siri xulq-atvorda bevosita namoyon bo'ladi. U yoki bu xulq- atvorning sababi uning motividir. Ijtimoiy psixologiya shaxs xulq-atvorining motivlari sifatida ijtimoiy ustanovkalarni o'rganadi. Rus olimi V.A. Yadov o‘zining dispozision konsepsiyasini yaratib, unda ustanovkalarni to‘rt bosqich va to‘rt tizimli sifatida tasavvur qilgan. elementar ustanovkalar (set) - oddiy, elementar ehtiyojlar asosida ko‘p incha ongsiz tarzda hosil bo‘ladigan ustanovkalar. Ularni o‘zgartirish uchun moddiy shart - sharoitlarni va odamdagi ehtiyojlar tizimini o‘zgartirish kifoya.
ijtimoiy ustnovkalar (attitud) - ijtimoiy vaziyatlar ta’sirida ijtimoiy ob’ektlarga nisbatan shakllanadigan ustanovkalar. Ularni o‘zgartirish uchun ijtimoiy shart - sharoitlar va shaxsning ularga nisbatan baho va munosabatlari tizimini o‘zgartirish kerak.
V) bazaviy ijtimoiy ustanovkalar - ular shaxsning umumiy yo‘nalishini belgilaydi va ularni o‘zgartirish e’tiqodlar va dunyoqarashlarni o‘zgartirish demakdir. G) qadriyatlar tizimi - ular avlodlararo muloqot jarayonining mahsuli sifatida jamiyatda qadr - qimmat topgan narsalarga nisbatan ustanovka. Masalan, sahih hadislar shunday qadriyatlardir, biz ularni tanqidsiz, muhokamalarsiz qabul qilamiz, chunki ular ham ilohiy, ham eng buyuk insonlar tomondan yaratilgan va avloddan avlodga o‘z qadrini yo‘qotmay kelayotgan qadriyatlardir. Ijtimoiy ustanovka shaxs xulq-atvorining ichki, anglanmagan yoki qisman anglangan motivlariga kiradi. Masalan, bir kishiga badiiy adabiyotdan aynan bir guruh asarlar yoqadi. Lekin nima uchun xuddi shu asarlar guruhi yoki shu adib yoqishini tushunmaydi. O'sha guruhdan yangi bir kitob qo'lga kirganda u albatta yoqishi kerak degan tasavvurda bo'ladi. Shu ma'noda olib qaralganda, ijtimoiy ustanovka shaxsdagi anglanmagan munosabatlarga o'xshaydi. Lekin aslida uning tabiati juda murakkabdir. Chunki ijtimoiy ustanovka tushunchasida munosabatlar ham, shaxsiy ma’no ham, baholar sistemasi ham, bilimlar ham o‘z ifodasini topadi. Ya'ni, ijtimoiy ustanovka shaxsning turli ijtimoiy ob'ektlarga nisbatan munosabat bildirishining ichki mexanizmidir, shu ob'ektlar bilan ishlashga, ularni baholashga hamda ma'lum tarzda idrok qilishga tayyorgarlik holatidir. Ijtimoiy ustanovka muammosi G'arbda, ayniqsa, Amerika Qo'shma Shtatlarida har taraflama chuqur o'rganilgan muammolardan hisoblanadi. Amerikalik olimlar uning shaxsning avvalgi xayotiy tajribasiga, undagi ijtimoiy tasavvurlarga bog'liqligini o'rganib, shaxs xulq- atvorini turli sharoitlarda boshqaruvchi mexanizm ekanligini isbot qildilar. Ular ijtimoiy ustanovkani bir so‘z bilan— "attityud" so'zi bilan ifodalaydilar. 1942 yildayok M. Smit attityudning uch komponentli strukturasini ishlab chiqqan. Bunga ko'ra attityudda uch qism bo'lib, bular kognitiv qism, affektiv qism hamda konativ qismlaridir.