Test - topshiriq odam xulqi va holatini amalga oshirgan ishlari asosida baholashni nazarda tutadi. Masalan, shaxs tafakkuridagi ijodiylilikni aniqlash uchun ko‘pincha bir qarashda oddiygina topshiriq beriladi: berilgan 20 ta doira shaklidagi shakllardan o‘zi xoxlagancha rasmlar chizish imkoniyati beriladi. Ma’lum vaqt va tezlikda bajarilish sur’ati, rasmlarning o‘ziga xos va betakrorligiga qarab shaxs fikrlashi jarayonining naqadar nostandart, ijodiy va kreaktivligiga baho berilib, miqdoriy ko‘rsatgich aniqlanadi. Bu metodlarning umumiy afzalligi ularni turli yosh, jins va kasb egalariga nisbatan qo‘llashning qulayligi, bir guruhda natija bermasa, boshqa guruhda yana qayta tekshiruv o‘tkazish imkoniyatining borligi bo‘lsa, kamchiligi - ba’zan tekshiriluvchi agar testning mohiyatini yoki kalitini bilib qolsa, sun’iy tarzda uning kechishiga ta’sir ko‘rsatishi, faktlarni soxtalashtirishi mumkinligidir. Proektiv testlar. Bu usullar test usullarining bir ko'rinishi bo'lib, unda tekshiriluvchiga aniq tizim yoki ko'rinishga ega bo'lmagan, noaniq narsalar tavsiya etiladi va ularni sharxlash topshirig'i beriladi. Ya'ni, tekshiriluvchiga turlicha talqin qilish mumkin bo'lgan rasmlar, tugatilmagan hikoyalar, biror aniq ko'rinishga ega bo'lmagan buyumlar, yog'ochlar berilishi mumkin, ularga qarab tekshiriluvchi o'zining hissiy dunyosi, qiziqishlari, dunyoqarashi nuqtai nazaridan baho berishi mumkin. Proektiv usullarga mashhur "Rorshaxning siyoh dog'lari" testini kiritish mumkin (1921 y.). Bu dog'lar ikki tomonlama simmetrik shaklda berilgan 10 xil dog'lardan iborat bo'lib, har bir dog‘ har xil buyoqli fonda ko'rsatiladi. Tekshiriluvchidan har bir "dog‘" ning nimani eslatayotganligini aytish so'raladi. Uning fikridan va so'zlaridan, assotsiatsiyalarga qarab (ularni kontent-analiz qilib) shaxs xususiyatlari haqida xulosa qilinadi. Yana bir proektiv usul—bu S. Rozensveygning rasmli assotsiatsiyalar usulidir. Bunda hayotda tez-tez uchrab turadigan ziddiyatli vaziyatlarni aks ettirgan rasmlar tekshiriluvchiga tavsiya qilinadi. Bu rasmlarda bir tomonda turgan personajlar nimalarnidir gapirayotgan holda gavdalantiriladi, unga qarshi tomondagi shaxs esa hali javob qaytarib ulgurmagan, tekshiruvchi tekshiriluvchidan tez, qiska muddat ichida bo'sh kataklarga berilishi mumkin bo'lgan javobni yozishni so'raydi. Berilgan javoblarga qarab shaxsning yo'nalishn, uning ziddiyatlarga munosabati, agressiya-jaholat hissining xususiyatlari, bu hisning kimlarga qaratilganligi va shunga o'xshash muhim faktlarto'planadi. Ijtimoiy-psixologik eksperiment Ijtimoiy psixologik eksperiment—bu ijtimoiy hodisalarni o'rganish maqsadida tekshiruvchi bilan tekshiriluvchi o'rtasidagi maqsadga qaratilgan muloqotdir. Bunday muloqotning bo'lishi uchun eksperimentator, ya'ni tekshiruvchi maxsus sharoit yaratadi va ana shu sharoitda aniq reja asosida faktlar to'playdi. Umumiy psixologiyada bo'lgani kabi, ijtimoiy psixologiyada ham tabiiy va laboratoriya eksperimenti turlari farqlanadi. Tabiiy eksperimentga misol qilib, rus pedagogi A. Makarenkoning jamoaning shakllanishi va uni uyushtirish borasida olib borgan tadqiqotlarini olish mumkin. Amerikalik psixolog M. Sherif esa guruhlararo munosabatlarga taalluqli fenomenlarni tabiiy sharoitlarda maxsus reja asosida tekshirib o'rgangan. Uning asosiy maqsadi vaqtinchalik tuzilgan jamoa — yozgi ta'til lagerlarida kooperatsiya hamda turli ziddiyatlarning paydo bo'lishidagi psixologik sabablarni o'rganishdan iborat edi. Laboratoriya eksperimenti odatda maxsus sharoitlarda, maxsus xonalarda, kerakli asbob- uskunalar yordamida o'tkaziladi. Birinchi marta laboratoriya sharoitida ijtimoiy psixologik tadqiqotni rus olimi Bexterev o'tkazgan edi. U maxsus asboblar yordamida idrokning aniqligini, xotiraning sifatini, kuzatuvchanlik xususiyatlarini yakka holda va guruh sharoitida solishtirib o'rgandi va guruhning borligi har bir guruh a'zosi psixik jarayonlariga bevosita ta'sir etishini isbot qildi. Bundan tashqari, maxsus asbob-uskunalar yordamida guruh a'zolaridagi ishonuvchanlik—konformizm hodisalarini ham eksperimental tarzda o'rganish mumkin. Guruhdagi bunday xodisalarni o'rganish uchun maxsus moslamalardan foydalaniladi. Modellashtirish metodi kuzatish, so'roq, eksperiment yoki boshqa usullar yordamida o'rganilayotgan hodisaning tub mohiyati ochilmagan sharoitlarda qo'llaniladi. Bunda o'sha hodisaning umumiy xossasi yoki asosiy parametrlari modellashtirilib, o'sha model asosida tadqiqotchini qiziqtirgan jihat o'rganiladi va xulosalar chiqariladi. Shunday qilib, ijtimoiy psixologiya hozirgi kunda juda ko‘p metodlarga ega, biz tanishib chiqqan metodlar ularning asosiylari, bir qismi, xolos. Har bir xolatda o‘z tadqiqot ob'ektining xususiyatlari, tadqiqot maqsadi va mavzuiga qarab kerakli uslubni tanlash mumkin. Shuning uchun ham metodlar to'plami bilan to'lig'icha tanishish uchun maxsus adabiyotlarni ko'rib chiqish kerak bo'ladi. Takrorlash uchun savollar. Ijtimoiy psixologiyadagi asosiy metodlar va ularning qo‘llanish shartlari haqida.
Ijtimoiy psixologiya uchun xujjatlarni o‘rganish metodining mohiyati.
Ijtimoiy hodisalarni kontent-analiz usuli orqali tekshirish.
So'rov, anketa va testlar usullari.
. Mustaqil ish va referat uchun mavzular. Ijtimoiy psixologiyadagi kuzatish metodi va uning turlari haqida.
Ijtimoiy psixologiya uchun xujjatlarni o‘rganish metodining mohiyati.
Ijtimoiy hodisalarni kontent-analiz usuli orqali tekshirish.
So'rov, anketa va testlar usullari.
Ijtimoiy psixologiya fanidagi asosiy metodlar, ularni qo‘llash shart-sharoitlari.
Mavzu yuzasidan adabiyotlar ro'yxati. Petrovskiy A.V. «Sotsialnaya psixologiya».
Andreyeva. «Sotsialnaya psixologiya».
Bueyev L.P. «Sotsialnaya sreda i soznanie». Ya-i, M-67.46-55 b.
Karimov V. «Ijtimoiy psixologiya asoslari». T., 1994 «Ukituvchi».
Karimova V. «Ijtimoiy psixologiya va ijtimoiy amaliyot».
Andreyeva G.M. «Aktualnie problemi sotsialnoy psixologii». M., MGU, 1988. 432 b.
Asmolov A.G. «Lichnost kak predmet psixologicheskogo issledovaniya». M., Pedagogika, 1984.
Mavzu yuzasidan internet tarmog'i bo'yicha veb-saytlar ro'yhati: www.expert.psychology.ru
www.psycho.all.ru
www.psychology.net.ru
www.psy.piter.com
- ma’ruza. SOTSIALIZATSIYA. IJTIMOIY PSIXOLOGIYADA SHAXS VA FAOLIYAT.