Farmatsevtikada dori turlari tayyorlash hamda dorivor preparatlar va toza moddalar olish uchun ishlatiladigan dorivor о‘simliklar va hayvon organlari yoki ulardan birlamchi ishlash yо‘li bilan olingan mahsulotlar dorivor mahsulotlar deb ataladi. Sanoat miqyosida kimyoviy sintez orqali olinayotgan turli xildagi dori-darmonlarning tannarxi dorivor о‘simliklardan olinayotgan dori-darmonlarga nisbatan ancha qimmatga tushadi. Tabiiy dori-darmonlar inson organizmini davolashda yaxshi samara berib, hech qanday asorat qoldirmaydi. Shu sababli, kimyoviy sintezdan kо‘ra tabiiy xomashyodan preparatlar tayyorlashni ilmiy tibbiyot tasdiqlamoqda. Dorivor о‘simliklar xomashyo bazasini kengaytirish kechiktirib bо‘lmaydigan dolzarb muammolardan biri sanaladi.
Hozirgi paytda shifobaxsh о‘simliklardan tayyorlangan dori-darmonlar keng miqyosda qо‘llanilib kelinmokda. Ruhiy xastaliklarni davolashda dorivor о‘simliklarning 18 turidan, saratonni davolashda 7 turidan, qandli diabetda 24 turidan, ateroskleroz, yurak-qon tomirlari sklerozida 25 turidan, oshqozon xastaliklarida 10 turidan, qon bosimi xastaliklarida 22 turidan keng foydalanilmokda. Bundan tashqari, kashandalik va alkogolizmning oldini olishda, qondagi xolesterinni muvofiqlashtirib turishda ham shifobaxsh giyohlardan tayyorlangan dori-darmonlar yordam bermoqda. Dorivor о‘simliklarga va ulardan olinadigan dorivor vositalarga tibbiyot sohasida bо‘lgan talabning ortib borishiga asosiy sabab sintez yо‘li bilan olingan har bir kimyoviy dorivor vositani uzoq vaqt uzluksiz ravishda iste’mol qilish inson va hayvon organizmida turli noxush о‘zgarishlarni yuzaga keltirishidir. Shunga kо‘ra oxirgi vaqtlarda butun dunyoda о‘simlik dorivor vositalariga — fitopreparatlarga va dorivor о‘simliklarga ehtiyoj ortmoqda. Bu esa о‘z navbatida dorivor о‘simliklarni о‘rganish ahamiyatining yanada oshishiga olib keladi.
Dorivor о‘simliklar fanining о‘z oldiga qо‘ygan asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:
Fitopreparatlar yaratish uchun zarur bо‘lgan biologik faol moddalar hamda dori turlari tayyorlash manbai sifatida dorivor о‘simliklarni о‘rganish.
Tabiiy sharoitda yо‘qolib ketish xavfi bо‘lgan va kamayib ketayotgan noyob dorivor о‘simliklarni muhofaza qilish.
Respublikamizda yovvoyi holda о‘sadigan dorivor о‘simliklardan oqilona foydalanish.
Fitopreparatlar va dorivor о‘simliklar xazinasini boyitish maqsadida yangi dorivor о‘simliklar izlab topish va yangi, samarali fitopreparatlar yaratish.