Tabiiy komplekslarning holatlari o‘zining davomiyligiga qarab uchga bo‘linadi: 1.Qisqacha vaqtlik holatlar - davomiyligi bir sutkagacha bo‘lib, havo massalari va ularning o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
2.O‘rtacha vaqtlik holatlar - davomiyligi bir sutkadan bir yilgacha davom etadigan holatlar, asosan yil fasllaridagi holatlarni o‘z ichiga oladi. Ob-havo bilan bog‘liq bo‘lgan va fasllardagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lgan sutkalik holatlar - stekslar ham shu xilga kiradi.
3. Uzoq muddatlik holatlar- davomiyligi bir yildan ko‘proq vaqtni o‘z ichiga olib, odatda ko‘p yillik iqlim davrlari yoki o‘simlik qoplamining suksessiyasi bilan bog‘liq bo‘ladi.
2. Har qanday muayyan bir landshaft ma'lum bir landshaftlar guruhida yoki bir kattaroq geotizim tarkibida mavjuddir va "yashaydi". O‘zi mavjud bo‘lgan tabiiy muhitga moslashgan bo‘ladi va shu muhitda barqaror hisoblanadi. Tashqi muhitning o‘zgarishi landshaftlarning ham o‘zgarishiga olib keladi. Landshaftlarning o‘zgarishi ba'zan boshqa tashqi omillar, masalan insonning xo‘jalikdagi faoliyati ta'sirida ham yuz berishi mumkin. Bunday o‘zgarishlarning qanchalik jadal yoki sust bo‘lishi tashqi omilning ta'sir kuchiga va landshaftning barqarorlik darajasiga bog‘liqdir. Shuning uchun ham landshaftlardan oqilona foydalanish, ularni ifloslanish va buzilishdan muhofaza qilish tadbirlarini ishlab chiqishda landshaftlarning barqarorligini bilish katta amaliy ahamiyat kasb etadi. Landshaftlarning barqarorligi deganda, ko‘pincha ularning turli xil tashqi ta'sirlarga bardoshlilik va chidamlilik xususiyati tushuniladi.
"Охрана ландшафтов" (1982) nomli lug‘atda ham taxminan shunday izoh berilgan:
landshaftlarning o‘zgarib turuvchi muhitda o‘zining maxsus faoliyati va ichki tuzilishini saqlay olish xususiyati uning barqarorligi deyiladi. M.D.Grodzinskiy (1987) geotizimlar barqarorligining uchta umumiy shaklini belgilaydi:
Geotizimlarning tashqi omillar ta'siri bo‘lib turishiga qaramay o‘z holatini saqlash xususiyati
(inertlik);
Tashqi omil ta'sirida geotizimlarning avvalgi holatiga qaytish xususiyati (tiklanishlilik);
Geotizimlarning bir invariant doirasida bir necha holatlarga ega ekanligi va bir holatdan ikkinchi holatga o‘tish qobiliyati (plastiklik) dan iboratdir.
Landshaftlarning dinamikasi va rivojlanishiga ta'sir etadigan tabiiy omillar, komponentlar orasida muttasil ro‘y berib turadigan o‘zaro ta'sir va aloqadorliklar landshaftlarning nisbatan muvozanatda bo‘lib turishiga, ularning barqarorligiga xizmat qiladi. Bu o‘zaro ta'sir va aloqadorliklar landshaftlarda sarf bo‘layotgan modda va energiyani ularga kirib kelayotgan modda va energiyaga tenglashtirib turishga harakat qiladi. Bu landshaftlarning o‘zini-o‘zi boshqarib, sozlab turuvchi tabiiy tizim ekanligidan dalolat beradi. Tashqi tabiiy omillardan faqat tez va katta kuch bilan bo‘ladigan hodisalargina (vulqon otilishi, kuchli tektonik silkinishlar, qor ko‘chishi, sel ketishi, muzlik bosishi, dengiz qaytishi, yog‘inlar kabi) landshaft barqarorligini izdan chiqarishi yoki buzishi mumkin.
Landshaftlarning o‘zi turli-tuman bo‘lganligi kabi, ularga ta'sir etishi mumkin bo‘lgan omillarning ta'siri ham turlitumandir. Buni faqat geokimyoviy nuqtai nazardan tuzilgan texnogen omillar tasnifidan ham ko‘rish mumkin