1. Bilishning mazmun va mohiyati
Dunyoni bilish masalasi doimo falsafa fanining diqqat markazida bo’lib
kelgan. Qadimgi faylasuflar ham dunyoni bilish mumkinligini e’tirof qilganlar.
Masalan, atomistik nazariyaning asoschilaridan biri bo’lgan Demokrit olamni
bilish va haqiqatga erishish mumkinligini ta’kidlaydi. U bilish jarayonida
hissiy organlarimiz va tafakkur rolini oddiy va sodda holda ko’rsatadi.
Markaziy Osiyolik buyuk mutafakkirlar Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino,
Mirzo Ulug’bek va boshqalar ham o’z asarlarida dunyoni bilishning, bilish
jarayonida hissiy organlar bilan aqlning roli haqida qimmatbaho fikrlarni olg’a
suradilar. Bilish nazariyasining rivojlanish tarixida XVII-XVIII asr faylasuflari
muhim o’rin tutadi. Ular agnostitsizm, skeptitsizmni qattiq tanqid qilib, olamni
bilish mumkinligini ta’kidlaydilar. Masalan, ingliz faylasufi Bekon
ta’limoticha, bilish jarayoni fan va amaliyot bilan bog’liq bo’lishi va shularga
bevosita xizmat qilishi kerak. Bekon bilish nazariyasida empirik edi. U, bilish
sezishdan boshlanadi,- deydi -hamda bilishning manbai tajriba ekanligi
haqidagi g’oyani ilgari suradi. Uning fikricha, ob’ektiv mavjudlik to’g’risidagi
bilimlar sezgilarimiz orqali olingan dalillar tufayligina tafakkur yordamida
to’ldiriladi. Frantsuz faylasufi Dekart esa bilishning birdan bir manbai tafakkur
deb, sezgi organlarimiz va ularning yordamida olinadigan ma’lumotlarga
shubha bilan qaraydi. Uning ta’limoticha, kishilar bilimining haqiqatligi tajriba
bilan emas, balki aql ko’zi bilan tekshiriladi. Dekartning bilish nazariyasida
sezgilar roli kamsitib ko’rsatiladi. Dekartning vatandoshlari Didro, Golbax,
Gelvetsiylar dunyoni bilish jarayonida sezgilarimiz bilan tafakkurning rolini
tan olsalar-da, ularning o’zaro munosabatlarini to’la-to’kis ochib bera
olmadilar. Shuningdek, bilish jarayonida amaliyotning rolini to’g’ri baholay
olmadilar. Ma’lumki, ob’ektiv dunyo, uning predmet va hodisalari bilishning
birdan-bir manbaini tashkil etadi. Shunday bo’lsada, ayrim faylasuflar va din
ta’limotida bilishning manbai sifatida qandaydir mistik, go’yo insondan
5
tashqari mavjud bo’lgan ong («mutlaq g’oya»,«olam ruhi» va hokazolar)
e’tirof etiladi. Ular nuqtai nazarida inson tabiat va ijtimoiy hayot
hodisalariningmohiyatini bilishga qodir emas, u faqat iloh ijodining natijalarini
qayd qilishga va turkumlarga ajratishgagina qodir. Agnostitsizmning yirik
vakillari ingliz faylasufi David Yum bilan nemis faylasufi Immanuil Kantdir.
Yumning fikricha, inson o’z sezgilari chegarasidan tashqariga chiqa olmaydi,
u faqat o’z sezgilarinigina bila oladi. Real voqelikni inson aslo bila olmaydi.
Kant esa, Yumga qarama-qarshi o’laroq, inson ongi va sezgilaridan tashqarida
ob’ektiv olam bor deb hisoblaydi. Uning fikricha, bu ob’ektiv olamda aslo
bilib bo’lmaydigan «narsa o’zida» bor. Inson aqli o’z mohiyati jihatidan
cheklangan bo’lib «narsa o’zida»ni bila olmaydi. Kant inson bilish mumkin,
bo’lgan hodisalar olamini «narsa biz uchun» deb, uni inson aqli bilan, fan
vositasi bilan bilishi mumkin deydi. «Narsa biz uchun» bilan «narsa o’zida»
butunlay bir-biriga bog’liq emas, - deb tushuntiradi Kant, - «narsa o’zida»
sezgi a’zolarimizga tartibsiz, aralash holda ta’sir etishi bilan bilish mumkin
bo’lgan hodisalar yuzaga keladi, inson esa uni o’zining apriori (azaldan ongga
xos bo’lgan) tushunchalari bilan tartibga soladi. Umuman, Kantning bilish
nazariyasi o’z mohiyat e’tibori bilan inson aqlining bilish imkoniyatlarini,
fanning rivojlanish istiqbollarini inkor etishga qaratilgan. Bu xilda inson
aqlining bilish imkoniyatlarini cheklash idealizmning hamma ko’rinishlariga
xosdir. XIX asr sub’ektiv idealizmining vakillari bo’lgan maxchilar ham
boshqa sub’ektiv idealistlar singari dunyoni bilish mumkinligini inkor etadilar,
bizning sezgilarimiz aniq, to’la in’ikos hosil qilishiga ishonmaydilar.
Insoniyatning ijtimoiy amaliyoti va ilmiy bilish taraqqiyotining ilgarilab
borishi bilimni chegaralab qo’yuvchi agnostitsizmni puchga chiqarmoqda.
Inson o’z aqli bilan olam sirlarini bilishi mumkin ekanligini ayniqsa hozirgi
zamon fani yutuqlari isbotlamoqda. Masalan, hozirgi zamon tabiat fanlari,
ayniqsa fizika fani atom tabiatining tuzilishini va xususiyatlarini o’rganish
sohasida katta yutuqlarni qo’lga kiritdi. Atomli parchalash, atom ichki
6
energiyasidan foydalanish, atom yadro zarrachalarining bir-biriga bog’liqligi,
umuman mikroolamni bilish, astronomiya, biologiyadagi kashfiyotlar ilmiy
falsafaning bilish nazariyasini to’g’riligini tasdiqlaydi.Insonning bilish
qobiliyati cheklanmagan, lekin har bir aniq tarixiy davrda o’zi xohlagan barcha
narsa va hodisalarni emas, balki bilish imkoni borlarinigina bilib, bilmaganini
keyinroq biladi. Shu bilan birga ta’kidlash kerakki, inson bilimining ham
cheksizligini ko’rsatadi.Dunyoning moddiyligini va uning rivojlanish
qonunlarining inson ongida aks etishini e’tirof qilish ilmiy falsafa bilish
nazariyasining asosidir. Fan qonunlari tabiat va jamiyatda inson ongiga bog’liq
bo’lmagan holda yuz beradigan ob’ektiv jarayonlarning in’ikosidan boshqa
narsa emas. Falsafaning bilish nazariyasi asosan quyidagilarga asoslangan:
ob’ektiv olam bizning sezgi va tasavvurlarimizga bog’liq bo’lmagan holda
mavjud. Ob’ektiv olam inson sezgi va tasavvurlarining manbai hisoblanadi;
inson dunyo va uning rivojlanish qonuniyatlarini bilishi mumkin. Inson sezgi
tasavvur va tushunchalarida o’ziga bog’liq bo’lmagan tashqi olamni aks
ettiradi. Demak, tashqi olam, undagi hamma narsa va hodisalar sezgilarga
ta’sir etishi bilan sezgi obrazlari hosil qiladi. Sezgi tasavvur va tushunchalarda
ob’ektiv olamning subektiv in’ikosi hosil bo’ladi. Shuning uchun ham bilish
nazariyasi in’ikos nazariyasi deb ataladi. Chunki bilish jarayonida ob’ekt bilan
sub’ekt dialektikasi muhim o’ringa ega. U sub’ekt, ya’ni inson bilan bog’liq
jarayondir. Insonsiz bilish jarayoni bo’lishi mumkin emas. Sub’ektning ilmiy
bilishdagi roli shundan iboratki, u ob’ektiv mavjud bo’lgan qonuniy
bog’lanishlarni ochib beradi. Ob’ektga nisbatan ham amaliy, ham nazariy
jihatdan yondashadi.Nemis fiziologi Gelmgolts fikricha, inson avval o’z
sezgilarida tashqi olamni yaratadi, o’z sezgilarini narsa, hodisaga aylantiradi,
keyin esa uni bilishga intiladi buyum tasvirini buyumning o’zi bilan
tenglashtiradi. Sezgi ob’ektiv olam tasviri bo’lmay, olamning o’zi bo’lib
qoladi. Demak, simvollar (ramziy) nazariyasiga ko’ra, narsa bilan narsaning
tasviri orasida farq yo’q. Mavjud ob’ektiv olam faqat sezgi va tasavvurda bor.
7
Sezgi mazmunini predmetlar xossalari bilan hech qanday umumiylikka ega
bo’lmagan belgilar, simvollar bilan almashtirish noto’g’ri. Sezgi obrazi
moddiy dunyo narsa va hodisalarining inson sezgi a’zolarida aks etishi
natijasida yuzaga keladi. Demak, sezgi va tushunchada narsaning o’zi emas,
narsaga nisbatan ikkilangan ko’rinishi hosil bo’ladi. Tasvir, sezgi va
tushunchadan tashqarida mavjud bo’lishi mumkin emasligi sababli u ideal
narsadir, u inson, sub’ekt ongida vujudga keladi. Lekin sezgi ob’ektiv
mazmunga ega. U moddiy dunyoning qayta ishlangan mazmunini
gavdalantiradi, shunga ko’ra ob’ektivdir. Obraz sub’ektda uning sezgi va
tafakkurida hosil bo’ladi. Demak, obraz sub’ekt bilan ob’ekt o’rtasidagi
birlikni ko’rsatadi. Sezgi, tasavvur, tushuncha shakliy jihatdan sub’ektivdir,
lekin mazmuniga ko’ra ob’ektivdir. Chunki sezgida real dunyo in’ikos etadi.
Demak, sezgi ob’ektiv olamning sub’ektiv obrazidir.Sezish va fikrlashni bilish
jarayonining ikki mustaqil bosqichi sifatida qarash ma’lum ma’noga ega.
Sezish umuman inson bilimi taraqqiyotiga nisbatan birinchi bosqichdir.
Insoniyatning dastlabki bilimlari, tushunchalari dastavval sezgi a’zolari orqali
olingan dalillar asosida yuzaga keladi. Olamdagi narsa va hodisalar haqida
sezgi obrazlari, tasavvurlar bilish jarayonining ma’lum bosqichidagina
shakllanadi. Sezish inson miyasining tashqi olam bilan dastlabki va bevosita
bog’lanishidir. Bevositalik sezgilarning eng muhim xususiyatidir. Sezgi obrazi
sodir bo’lishi uchun uni hosil qiluvchi narsa yoki hodisa ob’ektiv mavjud
bo’lmog’i kerak. Bu esa, bilish jarayonidagi eng muhim shartdir. Ob’ektiv
olamning sub’ektiv obrazi — sezgi qotib qolgan, o’lik narsa emas, balki bilish
jarayonida o’zgarib turadi.Shuning uchun ham bilish bu murakkab va
ziddiyatli jarayondir. Bilishning ziddiyatli jarayon ekanligini bilimlarimizning
to’laroq, chuqurroq bo’lishi uchun dalil va ma’lumotlar to’plashga, eski dalil
va ma’lumotlarning yangisiga to’g’ri kelmay qolishida ko’rishimiz mumkin.
Ziddiyatli munosabatlar hal qilinishi bilan bilish jarayoni rivojlanib boradi.
|