Kirish bosqichi xususiyatlari –kam mahsulot chiqadi (yarim quvvat), yuqori tannarx (texnologiya hali to‘liq emas), realizatsiya kam.
Qilinishi kerak – qiziqtiruvchi marketing taktikasi (joy, vaqt, narx, promotion-siljitish), tovar kamchiliklarini yo‘qotish (sifatini oshirish) kerak.
O‘sish bosqichi. Agar yangi tovar bozorning talabini qoniqtirsa, u holda tovarni sotish katta darajada ortadi. Chunki yangi tovarlarni takroran xarid qilayotgan faol xaridorlarga ko‘p sonli boshqa xaridorlar qo‘shiladi. Bu bosqichda tovar ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish hisobiga tovar sifatining barqarorligiga erishiladi. Bu bosqichda korxona ancha foyda olishga kirishadi, bu foyda o‘sib boradi va ushbu bosqichning oxiriga kelib eng yuqori ko‘rsatkichga yetadi. Korxona bu bosqichning uzoqroq davom etishidan manfaatdor, shuning uchun ham u butun harakatlarini sotish hajmining o‘sishiga qaratishi kerak bo‘ladi. Bu yerda marketingning asosiy vazifasi – tovar sifatini oshirish, bozorning yangi segmentlarini o‘zlashtirish, mazkur tovarni sotishning qamrab olinmagan kanallarini topish, iste’molchilarni tovarlar xususiyatlarining afzalligi haqida ishonarli reklama ishlarini tashkil etish kabi tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
O‘sish bosqichi xususiyatlari —ko‘p mahsulot chiqadi (to‘la quvvat), kam tannarx (texnologiya mukammal egallangan), realizatsiya o‘sadi, sifat oshgan.
Qilinishi kerak - agressiv marketing (tovar xususiyatlarini tanishtirish), tovarni zamonaviylashtirish (mukammallashtirish), ommaviy sotish (realizatsiya tarmoqlari orqali) kerak.
Yetuklik bosqichi. Bu bosqichda tovar yirik partiyalarda takomillashgan texnologiyalar bo‘yicha yuqori sifat bilan ishlab chiqariladi. Bu bosqichda ko‘pgina ishlab chiqaruvchilarda sotilmay qolgan tovarlarning zaxiralari to‘planib qoladi, oqibatda tovarlarning sotilishi kamayadi. Natijada raqobat keskinlashadi. Raqobatchilar tovarlarni ko‘proq past narxlarda sotishga harakat qiladi. Reklama kuchaytirilib, tovarlarning yaxshilangan variantlarini ishlab chiqarishga mablag‘lar sarflanadi. Bularning hammasi foydaning kamayishini keltirib chiqaradi. Eng kuchsiz raqobatchilar kurashdan chetga chiqa boshlaydilar. Tarmoqda faqat mustahkam o‘rin egallagan raqobatchilargina qoladi. Marketing xizmati tovarning hayotiylik davrini uzaytirish, sotish hamda foydaning kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tovar, bozor va marketing kompleksini modifikatsiyalash usullarini izlashi kerak bo‘ladi.