Talabalarga tavsiya etiladigan kurs ishlari mavzulari “Iqtisodiyot nazariyasi” fani dasturiga muvofiq tarzda kafedra tomonidan ishlab chiqildi va kafedra yig’ilishida ko’rib chiqilib, yig’ilish bayonnomasi bilan tasdiqlandi. Talabaga kafedra tomonidan tavsiya etilgan mavzular tarkibidan o’z familyasining bosh harfiga mos harf qatoridan istalgan mavzuni tanlab olish huquqi beriladi. Ayrim hollarda talaba, kurs ishiga rahbar etib tayinlangan professor-o’qituvchi va kafedra mudiri bilan kelishilgan holda, kurs ishi mavzulari ro’yxatiga kirmagan mavzuni tanlashi (agar bunga asos bo’lsa) mumkin.
Odatda, kurs ishlari mavzulari ro’yxatidagi mavzular soni akademik guruhdagi kurs ishini bajaradigan talabalar sonidan 2 barobar ortiq bo’ladi. Shu sababli bir akademik guruhdan bir necha talaba bitta mavzuni tanlamagani maqsadga muvofiq. (kurs ishlarining namunaviy mavzulari ushbu Ko’rsatmalarning 1-ilovasida keltirilgan).
Kurs ishi mavzusini to’g’ri tanlash muhim ahamiyatga ega, u yoki bu mavzuni tanlab olish tasodifiy bo’lmasligi lozim. Ayrim talabalar mavzu tanlashdek muhim bosqichga jiddiy yondoshmaydilar, natijada tasodifiy biror mavzuni olib, bir qancha vaqt o’tgach, qator qiyinchiliklarga uchrab, qimmatli vaqtlarini behuda sarflab, so’ng kafedraga mavzuni o’zgartirishni so’rab murojaat qiladilar. Shuningdek, ba’zi talabalar duch kelgan mavzuni tanlab, mavzu ustida yuzaki, hech bir tashabbus va izlanishsiz ishlaydilar. Bunday sovuqqonlik va loqaydlikdan, e’tiborsizlik va sustkashlikdan umumiy ish faqat zarar ko’radi, kurs ishini bajarishdan ko’zlangan maqsadga erishilmaydi.
Mavzuni tanlashga har bir talaba u yoki bu mavzuga ilmiy va amaliy qiziqishlarini, ilmiy to’garaklardagi avvalgi ishtirokini hisobga olib, maxsus adabiyotlar bilan tanishuvi yoki oliy ta’lim muassasasigacha orttirgan ish tajribasiga tayangan holda yondoshgani ma’qul.
Bundan tashqari, kurs ishi mavzusini talaba kelgusida yozajak bitiruv-malakaviy ishining mavzusi va yo’nalishini hisobga olgan holda tanlagani maqsadga muvofiq, chunki kurs ishi, ma’lum ma’noda, malakaviy ishda ko’tariladigan masala va muammolarning nazariy asosini tashkil qiladi.
Xulosa qilib aytganda, kurs ishining mavzusini tanlashda qanday omil asos bo’lishidan qat’i nazar, bu tasodifiy emas, asoslangan va to’g’ri qabul qilingan qaror bo’lishi kerak. Talaba o’z ilmiy rahbariga nafaqat o’zi tanlagan kurs ishining mavzusini, balki aynan shu mavzuni tanlash sababini ham etkazishi tavsiya etiladi.