2-Qog'oz pullar va ularni kredit pullardan farqlari. Qog‘oz pullar. Pulning bu turi haqiqiy pullarning vakili bo‘lib, pulning muomala funksiyasi rivojlanishi natijasida yuzaga kelgan.
Qog‘oz pullar yuzaga kelishining quyidagi bosqichlarini keltirish mumkin.
1-bosqich – tangalarning uzoq vaqt muomalada bo‘lishi, qo‘ldan-qo‘lga o‘tishi natijasida emirilishi;
2-bosqich – tangadagi metall tarkibining buzilishi. Davlat tomonidan ongli ravishda davlat xazinasiga tushumni oshirish maqsadida tangalar metall (oltin, kumush) miqdorining kamaytirilishi;
Bu bosqichda tanga tarkibining buzilishiga oltin, kumush va boshqa qimmatbaho metallarni qazib chiqarish qiyinligi, ular zaxiralarining kamligi ham sabab bo‘lgan.
3-bosqich – davlat tomonidan emission daromad olish maqsadida xazina biletlarining chiqarilishi.
birinchi qog‘oz pullar XII asrda Xitoyda chiqarilgan, deb ko‘rsatiladi. Lekin tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, 700 yillarda kumush tangalar chiqarilgunga qadar, Buxoro davlatida qog‘oz materiallardan pul sifatida foydalanilgan ekan.
Qog‘oz pullar Amerika va evropada XVII- XVIII asrlarda, Rossiyada 1769 yilda chiqarilgan.
Qog‘oz pullar deb, hukumat tomonidan byudjet taqchilligini qoplash uchun chiqarilgan, metall pullarga almashtirilmaydigan, lekin davlat tomonidan ma’lum kurs o‘rnatilgan pul belgilariga aytiladi.
To‘la oltin va kumushdan bo‘lmagan tangalar muomalada pul sifatida ishlatilsa-da, ularning nominal miqdori real miqdoridan farq qilgan. SHunday bo‘lsa ham, bu tangalar ma’lum miqdordagi metallni ifodalagan. Qog‘oz pullar bo‘lsa, muomalaga chiqarilgan vaqtda va keyin ham uzoq yillar davomida ma’lum bir miqdordagi oltinni o‘zida ifoda qilgan. Ammo biror davlatning pulida metallning zarrasi ham bo‘lmagan, ya’ni ular qiymatni belgilab bergan, xolos.
Qog‘oz pullarning emitenti davlat xazinasi yoki emission bank hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida muomalaga pul belgilarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki chiqaradi. Qog‘oz pullarning tabiati ularning inflyawiyaga moyilligini ko‘rsatadi. Qog‘oz pullarni muomalaga chiqarishda pul muomalasi qonuni talablarini e’tiborga olish kerak. Lekin amaliyotda har doim ham shu talablar e’tiborga olinavermaydi. Pul muomalaga tovar aylanmasi ehtiyojini qoplash uchungina chiqarilishi kerak. Haqiqatda pul yuqoridagidan tashqari, byudjet taqchilligini, davlatning boshqa xarajatlarini qoplash uchun ham chiqariladi, ya’ni emissiya miqdori tovar aylanmasi bilan cheklanmasdan davlatning moliyaviy resurslarga bo‘lgan talablariga ham bog‘liq bo‘ladi. Bu, albatta, muomaladagi pul massasining o‘zgarib turishiga, aksariyat hollarda uning muomalaga keragidan ortiqcha chiqib ketishiga olib keladi. Natijada pulning barqarorligiga putur etadi, uning qadri tushadi, xalqning davlatga bo‘lgan ishonchi pasayadi, to‘lov balansining barqarorligi yo‘qoladi, (passiv qoldiq hajmi ortadi) milliy valyuta kursi tushadi va h. k.
Ishlab chiqarish va tovar aylanmasining rivojlanishi, metall pullarning etishmasligi kredit munosabatlarining rivojlanishiga olib keladi. Tovar va to‘lov aylanmasining ehtiyojini qoplash maqsadida muomalaga oltin, kumush tangalar bilan bir qatorda kredit vositalari: chek, veksel, banknotalar chiqarilgan.
Kredit pullar deb kredit munosabatlar asosida yuzaga keluvchi, to‘lov vositasini bajaruvchi qiymat belgilariga aytiladi.
Kredit pullar o‘zining mustaqil qiymatiga ega emas, chunki ularni yaratish uchun abstrakt zaruriy mehnat sarflanmaydi. Kredit pullar qog‘oz pullardan farq qilib, ular bir vaqtning o‘zida qiymatni ifodalaydi va u kredit hujjat bo‘lib, kreditor va qarz oluvchi o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatni aks ettiradi. Kredit pullarning asosiy turlaridan biri vekseldir.
Veksel – bu qarzdorning (oddiy veksel) yoki kreditorning (o‘tkazma veksel - tratta) ko‘rsatilgan summani, ko‘rsatilgan vaqtda va joyda to‘lash to‘g‘risidagi yozma majburiyati hisoblanadi.
Banknota – kredit pullarning etakchi vakillaridan bo‘lib, Markaziy bank tomonidan, veksellarni hisobga olish yo‘li bilan chiqariladi.
O‘tmishda banknota muddatsiz majburiyat bo‘lib, xohlagan vaqtda uni bankka topshirib, o‘rniga unda ko‘rsatilgan summaga oltin yoki kumush olish mumkin bo‘lgan.
Hozirgi zamon banknotalari oltinga almashilmaydi. Lekin ular quyidagi yo‘llar bilan pul muomalasiga kelib tushadi:
– xo‘jaliklarni bank tomonidan kreditlash orqali berilgan kreditlarning bir qismi muomalaga kirib keladi;
– davlatni kreditlash, ya’ni banknotalar davlatning qarz majburiyati sifatida muomalaga chiqadi;
– aktiv to‘lov balansiga ega bo‘lgan davlatlarda rasmiy valyuta zaxiralarining o‘sishi orqali va boshqalar;
CHek veksel va banknotadan keyin paydo bo‘lgan kredit vositasi hisoblanib, to‘lovchining o‘z bankiga uning schyotidan mablag‘ni oluvchining schyotiga o‘tkazib qo‘yish to‘g‘risidagi buyrug‘idir.
Banklar faoliyatida EHM lardan foydalanish elektron pullar yordamida qarzlarni to‘lashni tezlashtiradi. AQSHda pul mablag‘larining elektron o‘tkazish tizimi – EFTS (Electronicfunds Transfert Sistem) aylanmaning samarali bo‘lishini ta’minlamoqda.
Hozirgi zamon amaliyotida qo‘llanilayotgan kredit kartochkalar naqd pullar o‘rniga hisob-kitoblarni olib borish uchun chiqarilgan bo‘lib, ular juda qulay va bir qator afzalliklarga ega. Kredit kartochka bilan barcha turdagi chakana savdo va xizmatlarga haq to‘lash mumkin. Hozirgi vaqtda kredit kartochkalar bank, savdo xizmatlarini to‘lashga mo‘ljallangan.