VIDEO KARTALAR VA ULARNING TURLARI Video karta - kompyuter xotirasida saqlanadigan grafik tasvirni monitor ekranida namoyish qilish uchun mos shaklga o’zgartirib beruvchi qurilma. Video karta GPU (graphics processing unit) – ma’lumotni tasvirlash qurilmasiga (monitor yoki televizor) video (ba’zan audio) signallarni qayta ishlash va chiqarish uchun mo’ljallangan kompyuter qurilmasi. Tasvirni chiqarish uchun kerakli portlar mavjud. Masalan, VGA, DVI, DisplayPort, HDMI. Markaziy protsessordan olingan qayta ishlash kerak bo’lgan ma’lumotlar (OpenGL, DirectX) video xotiraga tushadi va video protsessor uni monitor uchun tushunarli bo’lgan signalga aylantirish uchun ma’lum bir tarzda qayta ishlaydi.
Video xotirani kadrlar buferi desa ham bo’ladi.
Video karta turlari haqida gapiradigan bo’lsak ular 3 turga bo’linadi:
1. Integratsiyalashgan yoki o’rnatilgan video karta. bu turli video kartalar avvallari bosh plataga o’rnatilgan bo’lardi. hozirda ular markaziy protsessorga o’rnatilmoqda.
Bu turli video kartalarning afzallaiklari quyidagicha:
Narxi CPU narxiga kiritilgan.
Foydalanish qulay. O’rnatilgan video kartaning ishlashi uchun foydalanuvchidan hech qanday harakat talab qilinmaydi, shunchaki kompyuterni yoqib ishlayveradi.
Kam energiya sarflaydi. Bu noutbuklar kabi portativ qurilmalar uchun juda muhim parameter.
Shovqinsiz ishlaydi.
Kamchiliklari haqida esa quyidagilarni aytish mumkin:
Boshqa turli video kartalarga nisbatan ancha past samaradorlikga ega;
Video tasvir sifati yuqori darajada bo’lmaydi;
Protsessorni to’liq almashtirmasdan almashtirish yoki ta’mirlash mumkin emas;
O’rnatilgan video kartaning o’z xotirasi yo’qligi sababli kompyuterning tezkor xotirasidan foydalanadi. Bu kompyuterning umumiy ish
samaradorligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi;
Markaziy protsessorni qo’shimcha qizib ketishiga olib keladi, chunki umumiy sovutish tizimidan foydalaniladi.
2. Diskret video karta. Video kartaning bu turi o’zining grafik protsessoriga, video xotirasiga, quvvat va sovutish tizimiga, video chiqishlariga ega bo’lgan alohida bir qurilma ko’rinishida bo’ladi. Ular almashtirish mumkin bo’lgan kompyuterni alohida tarkibiy qismi hisoblanib, juda yuqori samaradorlikda ishlaydi. Musol tariqasida ushbu MSI GeForce GTX 750 Ti, ASUS AMD Radeon RX 460 kabilarni keltirish mumkin.
1.12-rasm. Diskret video karta
Diskret video kartalarning afzalliklari quyidagilardan iborat:
Video protsessorlarining barcha turlari orasida eng yuqori samaradorlikda ishlaydi;
Eng yuqori sifatli tasvirni beradi;
Ikki va undan ortiq monitorlarni ulash imkoniyati (ma’lum modelga qarab) mavjud.
Ta’mirlash mumkinligi;
Tez almashtirish va yangi modeliga yangilash mumkinligi;
Ish samaradorligini oshirish maqsadida 2 ta zamonaviy diskret video kartadan foydalanish mumkin (SLI va Crosfire rejimlari);
NVidia CUDA va AMD STREAM texnologiyalaridan foydalangan holda hisoblash samaradorligini oshirish uchun diskret grafik kartadan markaziy protsessorga "yordamchi" sifatida foydalanish mumkin.
Diskret video kartalar ham kamchiliklardan holi emas:
Eng jiddiy kamchiligi - bu ularning narxini balandligi. Bu turdagi video kartalarning o’rtacha narxi 400 AQSh dollar va undan yuqori narxlarda boshlanadi. Eng yaxshi modellarning narxi 3500 dollardan oshib ketgan;
Energiya sarfi ko’p. Bu darajadagi video kartalar uchun etarlicha kuchli quvvatga ega bo’lgan tok manbai bloki kerak bo’ladi (500 Vt va undan yuqori);
Shovqinning mavjudligi. Bu mavjud sovutish tizimiga bog’liq. Agar yaxshi sovutish tizimi qo’yilsa shovqin yo’qoladi;
Video kartaning monitor uchun video chiqishlari bilan mosligi. Ba’zan ular mos kelmay qoladi;
Yuqoridagilardan hulosa qilishimiz mumkinki, diskret grafik karta "og’ir" zamonaviy o’yinlar, shuningdek, loyihachilar, muhandislar va dizaynerlar
tomonidan ishlatiladigan ko’p resurslarni talab qiladigan amaliy dasturlar (masalan, Adobe Primer) uchun kerak.
3. Tashqi video kartalar. Bu turli video kartalar uncha katta bo’lmagan qutiga o’xshash bo’lib, USB kabelidan foydalangan holda video manbasiga (kompyuterga), boshqa tomondan esa monitorga ulanadi. Bunday video kartalardan kompyuterga qo’shimcha monitorni ulash zarur bo’lganda yoki masalan, noutbukga o’rnatilgan video kartalar ishlamay qolgan hoillarda ishlatiladi.
1.13-rasm. Tashqi video karta
Ular ishlash uchun yoki filmlar ko’rish uchun yaraydi, lekin jiddiyroq narsa uchun, yaramaydi. bu turli vide kartalarning asosiy afzalligi ularning narxi va ishlatishga qulayligi hisoblanadi. Ularning kamchiligi sifatida ish samaradorligini keltirish mumkin. Bu turli video kartalarning ish samaradorligi Integratsiyalashgan video kartalarning ish samaradorligidan ham past.