Xo‘sh, Mustaqillikning o‘zi nima? U nimalarga asoslanadi va uning mazmun-mohiyati nimalardan iborat? Eng avvalo shuni aytish kerakki, Mustaqillik tenglik sari qo‘yilgan birinchi qadam. Chunki, tenglik bo‘lmagan joyda kimdir kimgadir tobe bo‘ladi.Mutelik bor joyda hukmronlik, o‘zgalar hisobiga yashash kabi illatlar paydo bo‘ladi.Natijada biz so‘nggi bir yarim asr mobaynida boshimizdan o‘tkazgan mustamlakachilik dunyoga keladi.“Tenglik” so‘zining qudrati shundaki, u odamlarning o‘zaro munosabatlaridan tortib, davlatlararo munosabatlargacha hamma narsani me’yor-mezonga soladi.Turli kamsitishlar yoki mantiqsiz ta’zim- tavozega chek qo‘yadi.
Istiqlol — o‘zaro hurmat, bir-birini tan olish, bir-birini e’zozlash orqali inson qadr-u qimmatini asrashdir.Demak, mustaqil — har bir shaxs, har bir inson mohiyatidan kelib chiqadigan butun jamiyat va insoniyatni baholaydigan umuminsoniy qadriyat!
Mustaqillik - jamiyatdan ajralmagan holda dunyo muammolari va o‘z taqdiri bilan bog’liq bo‘lgan istiqbol haqida o‘ylashdir.
lstiqlol — erkin dunyoqarash, erkin tafakkurga suyanib yashash salohiyatidir.
Mustaqil yashashga, Mustaqil fikrlashga, o‘z taqdirini o‘zi belgilashga, o‘z hayotini o‘zi izga solishga qodir odam ziddiyatlarni osonlik bilan yengadi, dunyoning shiddatli muammolar bo‘hronida dovdirab qolmaydi.Har bir inson ruhiyati, fe’l-atvori jihatidan qaraganda ana shu oddiy hayotiy haqiqatni keng ma’noda davlat mustaqilligiga ham qiyoslash mumkin.
Mustaqiliik mustamlakachilikning har qanday shaklini, u taqozo etadigan tazyiqlar, kamsitishlar va zo‘ravonliklarni inkor etadi.Ayni paytda mustaqillik jahon taraqqiyotining ilg‘or tajribalari asosida o‘z ravnaqining o‘ziga xos tamoyillarini ishlab chiqish bilan birga yagona zamin, yagona makon taqdirini belgilashda o‘zaro hamkorlikning yangi, sifat jihatidan yuqori bo‘lgan, umuminsoniy manfaatlarga mos keladigan andozasi asosida yashash demakdir.Agar u hamkorlik, o‘zaro hamjihatlik, mamlakatlararo, davlatlararo va mintaqalararo siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarni qaror toptirmasa o‘z qobig’ida qolib ketishi, milliy mahdudlik doirasidan chiqolmasligi mumkin.Shuning uchun ham istiqlolning g‘oyatda zalvorli tajribasidan o‘tgan tamoyillari hamma vaqt dolzarb bo‘lib qolaveradi.Chunki u doimiy ravishda rivojlanib, o‘z-o‘zini boyitib, takomillashib, fuqarolar ongi va tafakkurini o‘stirib borayotgan tarixiy voqelikdir.