Eng yangi davrga kelib konfliktlar nazariyasi yanada rivojlantirildi.Konfliktlarni tadqiq qilishning nazariy jihatlarini ishlab chiqishda amerikalik sotsiolog Tolkott Parsons (1902-1979) tomonidan asoslantirilgan tashkilotning tuzilmaviy funktsional modeli muhim o’rin egallaydi. U jamiyatga insonlar o’rtasidagi munosabatlar tizimi, normalar va qadriyatlarga uni bog’lovchi bo’g’in deb qaragan. U quyidagi qoidalarga amal qilgan: a) har qanday ijtimoiy tizim nisbatan barqaror, doimiy va yaxshi tashkil etilgan tuzilmadan iborat ; b) bu tizimning har bir elementi muayyan funktsiyani bajarishi bilan tizim barqarorligini saqlashga o’z ulushini qo’shadi; v) bu ijtimoiy tuzilmaning amal qilishi zarur barqarorlik va hamkorlikni ta’minlovchi jamiyat a’zolarining qo’llab-quvvatlashiga asoslanadi.
Parsonsning fikricha, ijtimoiy harakatning me’yoriy komponenti quyidagi to’rtta darajada namoyon bo’ladi: organizm, shaxs, ijtimoiy tizim, madaniyat. Konfliktning bo’lishi ijtimoiylashuv jarayonining o’zida mavjud, bunda inson nafaqat ijtimoiy tizimning namoyon bo’lish usullariga, shuningdek, tegishli madaniyatning me’yorlari va qadriyatlariga ham jalb qilinadi. Ijtimoiylashuv jarayonida organizmning ichki fiziologik ehtiyojlari bilan insonning ijtimoiy munosabatlardagi ehtiyojlari o’rtasida shakllanadigan nomuvofiqlik, muayyan tanglik konfliktga aylanishi mumkin.