Toshkent viloyati chirchiq davlat pedagogika instituti



Yüklə 275,42 Kb.
səhifə7/10
tarix16.06.2022
ölçüsü275,42 Kb.
#61641
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
BMI DM2022

2.2 Ta’lim klasterini tasviriy san’atga tatbiq etish omillari.
Innovatsion klaster usuli va o‘qitish texnologiyalari vositasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tasviriy san’at bo‘yicha ta’lim sifatini takomillashtirish jarayoni ushbu tadqiqotning ob’ekti sifatida belgilangan.
Tadqiqotning vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • Nazariy va ilmiy-metodik adabiyotlarni tahlil qilish, uzluksiz ta’lim tizimida mavjud muammolarni o‘rganish asosida tasviriy san’at ta’lim tizimida innovatsion klaster usuli va o‘qitish texnologiyalarini joriy etishning ilmiy va pedagogik asoslarini aniqlash; umumta’lim maktablarida (maktabgacha ta’lim muassasasida va hokazo) ayni paytdagi ko‘rsatkichlarni aniqlash usul va vositalarini ishlab chiqish;

  • klaster yondashuvi va o‘qitish texnologiyalarini tasviriy san’at ta’lim tizimiga tatbiq etish, mavjud muammolarni o‘rganish va ta’lim muassasalari o‘quv jarayoni ishtirokchilarining o‘zaro munosabatlar tizimini takomillashtirish, o‘quv-tarbiya jarayonidagi muayyan yo‘nalishda sifat ko‘rsatkichlarini oshirish, ta’lim va tarbiya uzviyligini ta’minlovchi mexanizmlarni takomillashtirish;

  • innovatsion klaster usuli va o‘qitish texnologiyalarini tasviriy san’at ta’lim tizimiga tatbiq etish mexanizmlarini takomillashtirish (ishlab chiqish);

  • innovatsion klaster usuli va o‘qitish texnologiyalarini qo‘llash orqali o‘quvchilarni tasviriy san’atga qiziqtirish va ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirishda ta’lim klasterining ahamiyatini aniqlash;

  • tasviriy san’at ta’lim tizimida innovatsion klaster usuli va o‘qitish texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etish orqali umumta’lim maktablarida ta’lim va tarbiya samaradorligini oshirish metodikasini takomillashtirish;

  • innovatsion klaster usuli va o‘qitish texnologiyalarini qo‘llash orqali tasviriy san’at ta’limi mazmuni, shakli, vosita va metodlarini takomillashtirish, ta’lim samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Uzluksiz ta’limdagi tasviriy san’at orqali yoshlarning ijodkorligini oshirish jarayoni tadqiqotning sub’ekti hisoblanib, pedagogik ta’lim klasteri vositasida yoshlardagi ijodkorlik ko‘nikmalarini tarbiyalash orqali oliy va umumiy o‘rta ta’lim hamkorligi integratsiyalashsh, ular o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ta’minlash, raqobatbardoshlikni kuchaytirish, sub’ektlarni yagona umumiy maqsad ostida birlashtirish mumkin. O‘zaro hamkorlik doirasida ijodkorlikka yo‘naltirish jarayonini tashkil etish orqali sub’ektlar bir-birini to‘ldiradi, umumiy maqsadga intilish natijasida har bir tomonning xususiy manfaatdorligi qondiriladi, hudud miqyosida iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati oshadi.
Shaxsdagi ijodkorlik xususiyatlarini qanday tarbiyalash mumkin?, degan muammo bugun paydo bo‘lgan emas. Azaldan ijodkorlikning boshlanishi bo‘lgan insondagi ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish masalasi bevosita bolalar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan pedagoglarni ham, ilmiy tadqiqotchilarni ham birdek qiziqtirib keladi.
Tasviriy san’at darslari aynan ijodkorlikka asoslangan mashg‘ulot hisoblanadi. Aslida har qanday kasb, har qanday faoliyatda ijodkorlik kishini oldinga intilishga undaydi va mustaqil harakat qilish uchun motivatsiya beradi. Tasviriy san’at darslari to‘g‘ri tashkil etilgan taqdirda intellektual, hissiy sohalarga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, bolaning shaxsiyati, ma’naviy dunyosini shakllantirishga yordam beradi, undagi ijobiy ko‘nikma va malakalarni tarbiyalaydi.
Tasviriy san’atni rivojlantirish borasidagi tadqiqotlar eramizgacha bo‘lgan davrdagi Qadimgi Misrda boshlanganligi ma’lum. Insoniyatning tarixiy rivojlanishida tasviriy san’at san’at va madaniyat, ijtimoiy va iqtisodiy yuksalishlarga sabab bo‘lgan. Qadimdan bolalardagi ijodkorlik qobiliyatlarni shakllantirish ta’lim-tarbiyaning asosiy maqsadlaridan bo‘lib kelgan. Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, A. Dyurer, K. Behzod, Fontenblo va Avinon maktablari vakillari, Rembrandt, O. Dome, Van Gog, Pikasso, D. Kardovskiy, O. Renuar, G. Dore, Chistyakov, I. Repin kabi ko‘plab dunyoga mashhur ijodkorlar tasviriy san’atning rivojlanishida o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishgan.
Oliy maktabdagi innovatsiya jarayonlari xarakteri ‑ kiritilgan yangiliklar xususiyatlari, o‘qituvchilarning kasbiy imkoniyatlari, yangilik kiritish tashabbuskorlari va ishtirokchilarining innovatsion faoliyatlari xususiyatlari bilan belgilanadi. V. A. Slastenin, M. M35, o‘zbek olimlaridan J. G‘. Yo‘ldoshev, R. J. Ishmuxamedov, U. Tolipov, N. Sayidaxmedov, N. N. Azizxodjaeva va boshqalar tomonidan bu muammolarning yechimi ustida izlanishlar olib borilgan va hozirda ham tadqiq qilinib kelinmoqda.
S. M. Godninning ishlarida talabaning shaxsiy ko‘nikmalari pedagogik jarayonning sub’ekti sifatida yoritiladi. Shular jumlasiga quyidagilarni kiritadi: o‘qitishning hozirgi va kelgusi bosqichlari uchun qabul qilingan o‘quv - tarbiya jarayonining maqsadi, vazifasi va ko‘rsatmalarini anglay bilish; intellektual mehnatning yangi tadbirlarini egallash; maqsadga muvofiq kasbiy o‘z-o‘zini tarbiyalash va mustaqil tahsil olish, qiyinchiliklarni a’lo darajada yenga bilish, o‘sish va mustahkam o‘rin egallashning kengayayotgan intellektual va kasbiy imkoniyatlari, istiqbollari bilan qoniqish, o‘zining sotsial roli, funksiyasini bajarishida faol munosabatda bo‘lish va hokazo.
B. G. Ananev, N. V.Kuzmina, A. A. Derkach va boshqalar kasbiy faoliyatning samarasini oshirish bilan yo‘g‘rilgan inson hayotining eng ijodiy davrlari, yetuklik bosqichlari to‘g‘risida fikr yuritadilar. Ular yetuk insonlarning barkamolligi, shaxs rivojlanishining gullagan davridagi psixik qonuniyatlari, professionalizmga yetishdagi balandliklardan o‘ta olish masalalari bilan shug‘ullanganlar.36
V. A. Slastenin akmeologiyaning yuksak barkamollikka, mutaxassisning ijodiy faoliyatining davomiyligiga olib keladigan sub’ektiv va ob’ektiv omillarini asoslab berdi. Ob’ektiv omillarga olingan ta’limning sifatini, sub’ektiv omillari esa insonning iste’dodi va qobiliyati, ishlab chiqarishdagi vazifalarni samarali hal qila olish mas’uliyati, mutaxassislikka yondashuvini kiritadi.37
Yuksak kasbiy barkamollikka erishishning omillari sifatida quyidagilar ko‘rsatiladi:

  • iste’dod nishonalari;

  • uquvlilik;

  • qobiliyat;

  • iste’dod;

  • oila tarbiyasi sharoiti;

  • o‘quv yurti;

  • shaxsiy xatti-harakati.

Kasbiy barkamollik va ijod munosabatining ilmiy nuqtai nazardan olib qaralganda akmeologiya quyidagi kategoriyalar bilan farqlanadi:
• ijodiy individuallik;
• shaxsning o‘sish va takomillashish jarayoni;
• o‘z imkoniyatlarini amalga oshirish sifatidagi kreativ tajribasi.
• O‘qituvchining ijodiy individualligi quyidagilardan iborat:
• intellektual - ijodiy tashabbus;
• bilimlar kengligi va chuqurligi intellektual qobiliyati;
• ziddiyatlarga nisbatan xushyorlik, ijodga tanqidiy yondashuv,
• yaratuvchilikka vujudan kurashchanlik qobiliyati;
• axborotlarga tashnalik, muammolardagi g‘ayriodatiylik va yangilikka bo‘lgan his-tuyg‘u, kasbiy barkamollik, bilimga bo‘lgan chanqoqlik38.
V.A. Slastenin shaxsiy ijodkorlikni ro‘yobga chiqarishning asosiy vazifalari deb quyidagicha belgilaydi:

  • ijtimoiy mohiyat kasb etgan madaniyatni boyitish;

  • pedagogik jarayon va shaxs bilimlarini yangilab turish;

  • samarali va ahamiyatli meyorlarni belgilaydigan yangi texnologiyalarni topish;

  • o‘z taqdirini o‘zi belgilash va o‘zini o‘zi namoyon qila olishi orqali shaxsiy rivojlanishni ta’minlash39

Bolalarning tasviriy faoliyatdan malaka va ko‘nikmalarini shakllantirish omillari T. N. Komarova tomonidan atroflicha ilmiy asoslab berilgan bo‘lsa, bolalarni rasm ishlash texnikasiga o‘rgatish muammosi XX asr boshlarida V. M. Bexterev, Korrodo Richchi, Liberti Tedd tomonidan tadqiq etilgan. Ular bolalar ijodiyotining o‘ziga xos rivojlanishini ta’kidlagan holda bu jarayonda rasm ishlashga o‘rgatishning zarurligiga alohida urg‘u berilgan.
Liberti Tedd rasm chizishda qo‘l harakatlari uchun maxsus mashqlar tizimini ishlab chiqqan. Bu mashqlar maktabgacha yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu mashqlarni bolalar jon–dillari bilan bajaradilar. U faqatgina geometrik shakllarni chizdirish bilan cheklanib qolmasdan, balki tabiiy unsurlarni chizdirish va bu orqali bolalarning ona tabiatga bo‘lgan qiziqishlari, kuzatuvchanliklarini rivojlantirish lozimligini ta’kidlaydi. P. N. Nikonorova esa o‘z tadqiqotlari natijasiga asoslangan holda tasviriy faoliyatda vazifalarni turli materiallar va texnikada ishlash bolalarning ijodiy tashabbusini uyg‘otishi, fantaziyasi va tasavvurlarini o‘stirishning muhim sharti ekanligini ta’kidlaydi.
Demak, ta’lim oluvchilarning bilim faoliyatlarini rag‘batlantiruvchi usul bu – faol ta’lim berish usuli hisoblanadi. Suhbat, bahs, o‘yin, keys-stadi, loyihalar usuli, muammoli usul, aqliy hujum va boshqalar eng ko‘p tarqalgan va alohida xususiyatga ega bo‘lgan ta’lim usullaridir.
Shu tariqa talabaning shaxsiy ijodkorligini shakllantirish kasbiy ko‘nikmalarining rivojlanishi va yangilanishining dinamik innovatsion jarayoni sifatida tushuniladi.
Respublikamizda ham tasviriy san’atni o‘qitish muammolarini hal etish bo‘yicha ko‘plab ishlar qilingan. Shunday olimlardan B. B. Boymetov o‘quv mashg‘ulotlarida asosan milliy naqsh rozetkalarini chizishni taklif etgan bo‘lsa40, R. K. Rajabov ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirish uchun ustoz-shogird tizimida o‘quvchilar bilan individual ishlashga41 ko‘proq urg‘u beradi, S. F. Abdirasilov “pedagogik texnologiyaning ahamiyati avval o‘zlashtirgan nazariy bilimlar bilan yangi o‘zlashtiriladigan bilimlar orasida mustahkam bog‘lanishlarining yuzaga kelishi bilan belgilanadi42” deb ta’kidlaydi. K. M. Gulyamov esa o‘z ilmiy tadqiqot ishida keyingi vaqtda innovatsion texnologiyalarning ta’lim-tarbiya jarayoniga keng tatbiq qilinishi, ta’lim mazmunini boyitishga, uni takomillashtirishga va o‘quvchilar bilimini o‘zlashtirishda jadallashtirish, hamkorlik hamda yakka tartibda ta’lim olish va ta’limni kompleks loyihalashtirish muammolarini yechishga e’tiborni qaratadi. Bu jarayonda shaxs o‘zining fikri, diqqat-e’tibori va ayni paytdagi hissiy kechinmalarini ish faoliyatining samarali bo‘lishi tomonga yo‘naltiradi. Sub’ekt-ob’ekt munosabati asosida qaytar aloqa o‘rnatiladi. O‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik “ustoz-shogird” munosabatlari qaror topadi. O‘qituvchi o‘zining bajargan kompozitsiyasi va erishgan yutug‘idan qoniqish hosil qiladi. Ma’lum bir muvaffaqiyatga erishish esa yangi kuch, o‘z iqtidoriga ishonishning omili bo‘lib xizmat qiladi. Shaxs manfaati jamiyat manfaati bilan toboro uyg‘unlashib boradi deb bu fikrlarni to‘ldiradi.
R. Z. Xayrov tasviriy san’at fanidan o‘quvchilarni individual o‘qitish muammosini o‘rganib, bu usulning afzallik tomonlarini amaliyotga tatbiq etishga harakat qildi. Mazkur tadqiqotlarda shaxsni tasviriy va amaliy san’at namunalari asosida badiiy-estetik tarbiyalash, uning kasbiy mahoratini o‘stirishda shaxs rivojlanishining ichki ehtiyojlari, psixologik xususiyatlarini inobatga olish, zamon talablari asosida ta’lim-tarbiya berishda yoshlarga o‘tmish madaniy meros namunalaridan foydalanishning pedagogik asoslari e’tirof etiladi. Turli soha vakillari tomonidan bo‘lajak o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini rivojlantirish muammosi bilan bog‘liq ilmiy izlanishlar olib borilgan bo‘lsa-da, tasviriy san’at ta’limida pedagogik ta’lim klasteri usuli va o‘qitish texnologiyalarini joriy etish, oliy va umumiy o‘rta ta’lim hamkorligini pedagogik ta’lim klasteri vositasida integratsiyalash orqali yoshlardagi ijodkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish masalasi maxsus tadqiq etilmagan.
Uzluksiz ta’lim tizimidagi tasviriy san’atni o‘qitish jarayoni tahlil qilib ko‘rilganda, Oliy ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasida hamkorlik va o‘zaro teskari aloqaning yo‘qligi, ijaodkorlikka qiziqtirishda tasviriy san’atning imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanilmasligi ma’lum bo‘ladi.
Hozirgi kunda shubhasiz eskirgan pedagogik usullar yordamida yangicha sifatli ta’lim olish mumkin emas. Ta’lim jarayoni zamon bilan hamnafas yangi innovatsion texnologiyalarni talab qilmoqda. Innovatsion pedagogik jarayonning muhim unsurlari shaxsning o‘z-o‘zini boshqarishi va o‘zini-o‘zi safarbar qilishi hisoblanadi. Uning eng muhim yo‘nalishlaridan biri talabalarning bilish faoliyatini rivojlantirish bo‘lib, u talabalarning o‘kuv ishlarini faollashtirish va kasbiy ixtisoslashivuning faollashuviga olib keladi.
Hayotimizdagi yangi shart‑sharoitlaridan kelib chiqib o‘quv jarayonida kompyuter vositalari va axborot texnologiyalardan foydalanishni informatsiya hajmining ko‘payib ketganligi, komunikabellik, jamiyatdagi ilmiy–texnik rivojlanish bilan izohlash mumkin. Pedagogik faoliyat bosqichma–bosqichligini nazarda tutadigan innovatsion texnologiya bo‘lajak mutaxassisni hayotiy – o‘quv faoliyatini mustaqil qura oladigan, unga tuzatishlar kirita oladigan faol, ijodkor shaxsni shakllantirishga qaratadigan zamonaviy innovatsiyalarni o‘zlashtirish va ishlab chiqish jarayoni hisoblanadi. Pedagogik innovatsiya – ta’lim jarayoni sifatini oshirish va pedagogik amaliyotni sifat va son jihatdan o‘zgartirishni maqsad qiladi. Zamonaviy ta’limni matn, grafika, video va multipikatsiya (multimedia – ingl. ko‘p tarkibli muhit) va shu bilan kompyuterni o‘quv jarayonida qo‘llash imkonini oshiradigan multimediya texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Taklif qilinayotgan tasvirni ko‘rish bilan birga talabaning obrazli fikrlash ‑ materialni yaxlit qabul qilishiga yordam beradi. Ularda nazariy va ko‘rgazmali materiallarni o‘zaro mujassamlashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ko‘rgazmali axborot ishlatilganda, tasavvur hosil bo‘lishi og‘zaki bayondan ko‘ra o‘rtacha 5-6 martaba tezroq kechadi. Insonning ko‘rgazmali axborotdan ta’sirlanishi, og‘zaki axborotdan ko‘ra ancha yuqori bo‘ladi. Ko‘pchilik hollarda u oxirgisini o‘tkazib yuboradi. Ko‘rgazmali axborotni qayta takrorlash oson va aniqroqdir. Odamning ko‘rgazmali axborotga ishonchi, og‘zaki axborotdan ko‘ra yuqori bo‘ladi. Shuning uchun “yuz bor eshitgandan ko‘ra, bir bor ko‘rmoq afzalroqdir” deb bejiz aytilmagandir.
Tasviriy san’at o‘quv jarayonida mashg‘ulot mavzusiga doir bilimlarini mustahkamlash va fikrlashini rivojlantirish maqsadida innovatsion ta’lim texnologiyalar (loyiha), interfaol metodlar (aqliy hujum, tushunchalarni aniqlash, chalkashtirilgan mantiqiy zanjirlar ketma‑ketligi) hamda (Klaste,B‑B‑B chizmasi, “Nima uchun”, chizmasi, “Qanday” diagrammasi va toifalash jadvali) kabi grafik organayzerlardan unumli foydalanish mumkin.
Yo‘nalishiga ko‘ra talabalarning pedagogik intellekt darajasini, kasbiy layoqatini aniqlashga qaratilgan turli nostandart testlardan foydalanish kompyuter vositalari orqali amalga oshiriladi. Bunda testli vazifalar quruq so‘zlar ifodasi emas, balki animatsiyali lavhalar ko‘rinishida bo‘ladi. Kompyuter texnologiyalarini qo‘llab ishlash juda qiziqarli bo‘lib, ular tomonidan bajonidil qabul qilinadi, talabalar shaxsiy ko‘nikmalari tarbiyalanadigan jiddiy ijodiy faoliyatlarga jalb qilinadi. Tasvirli badiiy bezaklar ijobiy ruhiy muhitni yaratib, asta – sekin talabalarda muayyan madaniy axloqiy xususiyatlar paydo bo‘la boshlaydi, ularning dunyoqarashlari kengayadi. Kompyuterdagi axborot almashish prinsiplari an’anaviy darsni tashkil etishdan uni qayta qurish imkoniyatlarini tug‘diradi. Darslar quyidagilarga asoslansa yanada samarali bo‘ladi:

  • Tezauris ‑ tushunchalar tizimi o‘qituvchi va talabalarning bir xil ma’noli izohlar bilan ta’minlaydi;

- Fassinatsiya ‑ namoyish etilayotgan materialning jozibadorligi o‘rganilayotgan mavzuga qiziqishni oshiradi;

  • Mayevtika ‑ o‘qituvchi va talabaning hamkorlikda ijod qilish prinsipi, chuqur bilim olish, tasviriy san’at asarlarini idrok qilish, tasviriy san’at asarlari yaratilish jarayonini tushunib yetish va olingan axborotlarni amalda qo‘llay olish qobiliyatlarini shakllantiradi;

  • Mashg‘ulotni hikoya, ma’ruza taqdimotlari, yangi materialni reproduksiyalar ko‘rinishida namoyish qilish kabi multimedia chiqishlar bilan o‘tkazish;

  • Auditoriyada, kutubxonada yoki uydagi shaxsiy kompyuterdan foydalanib mashg‘ulotlarga tayyorlanish, uyga vazifani bajarish – axborotlar to‘plash, matn ustida ishlash, multimediyalar yaratish;

  • Talabalarning auditoriyalarda, kichik guruhlarda bajaradigan vazifalari va mustaqil ishlarini kompyuterda ishlashni tashkil etish ta’limga xususiy yondashishni yuqori darajada amalga oshirish imkonini beradi.

  • Ta’lim jarayonining optimal variantini tanlash, uning samaradorligini oshirish, o‘qituvchi va talabalardagi ortiqcha yukni bartaraf etish, fanlararo o‘zaro bog‘liqlik tasviriy san’at asarlarini qabul qilishning samarali shakllanishi uchun katta ahamiyatga ega. Innovatsion texnologiyalar yordamida tasviriy san’at asarlarini kengroq va yaxlit idrok etish uchun imkon beradigan mashg‘ulotlarga ko‘proq diqqat qaratiladi. Kompyuterlar orqali tasviriy san’at asarlarini tahlil qilish, muzeylar bo‘ylab virtual sayyohatlar uyushtirishda har xil ovozli matnlar, musiqa, animatsion bezaklardan foydalanish tasviriy san’at, adabiyot, musiqa va badiiy ijodkorlik, innovatsion texnologiyalarning o‘zaro bog‘liqligini amalda sinash mashg‘ulotlarda talabalarning faoliyatini jonlantirishga xizmat qiladi. Ta’limning o‘zaro bog‘liqligi talabalardagi bilim olish va san’atga qiziqishlarini oshiradi. Material mazmuni hamda yangicha ta’lim usullari ta’sirida talabada fikrlash, izlanish, yangiliklarni ocha olish, asoslash, tatbiq etish, kompyuterga bilim olish vositasi sifatida munosabatda bo‘lish ko‘nikmalari rivojlanadi, mustaqil ijodkorlik tajribasi oshadi. Yangi avlod multimedia texnologiyalar bilan faol shug‘ullanganda talabalardagi san’at asarlarini idrok qilish tezroq shakllanadi.

Tasviriy san’at mashg‘ulotlarida innovatsion texnologiyalarning faol qo‘llanilishi talabalardagi tasviriy san’at asarlarini idrok etish qobiliyatlarini shakllantirish, kompyuter dasturlari bilan ishlash faoliyatini rivojlantirish, bilim va ko‘nikmalarning ma’naviy ahamiyatini oshirishga yordam beradi.
Bugungi kunda kompyuter texnologiyasi ta’limning yangi mazmuni va shaxs rivojlanishiga muvofiq bilimlarni beradigan asosiy vosita hisoblanadi. Bu vosita talabadan qiziqish bilan o‘qish, axborot manbaalarini topish, yangi bilimlarni o‘zlashtirishda mustaqillik va ma’suliyat hissini tarbiyalaydi, intellektual intizomni rivojlantiradi.
Ta’lim jarayoni samaradorligini oshirish, ta’lim oluvchilarning mustaxkam nazariy bilim, ko‘nikma va malakalarini shakllantirish, ijodiy faoliyatlarini rivojlantirish, ularni kasbiy mahoratga aylanishini ta’minlash maqsadida o‘qitish jarayonida yangi pedagogik innovatsion texnologiyalardan foydalanish davr taqozosi bo‘lib, ijtimoiy zaruriyat sifatida kun sayin dolzarbligi oshib bormoqda.
Ta’lim jarayoniga bu texnologiyalarni tatbiq etish kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgan umumiy jarayon mazmunining sifat jihatdan o‘zgarishini ta’minlaydi.
Yangi pedagogik texnologiya nazariyasi g‘oyalaridan foydalanish asosida tashkil etilgan ta’lim jarayoni barkamol shaxs va malakali mutaxassisni tarbiyalash borasidagi ijtimoiy buyurtmaning bajarilish holatining sifat ko‘rsatkichiga ega bo‘lishiga turtki bo‘ladi.
Ijtimoiy ishlab chiqarish jarayonidagi barkamol shaxs va malakali mutaxassislar faoliyatlarining rivojlanishi ijtimoiy taraqqiyot tezlashuviga olib keladi.
Kompyuter vositalaridan unumli foydalanilsa, mavzuga oid “mahorat darslari” bilan tanishtirishlari, jahon muzeylariga sayohat, buyuk rassomlar asarlari tahlillaridan iborat video‑tasmalar namoyishi, grafik organayzerlar, nostandart testlardan foydalanish mumkin bo‘ladi. Shu jumladan pedagogning shaxsan o‘zi kompozisiya yaratish jarayonini amalda ko‘rsatib mashg‘ulotlarning qiziqarli bo‘lishiga erishi mumkin.
Hozirgi kun o‘qituvchisi bolalar bilan ishlaganda bu qobiliyatlarning yanada samaraliroq rivojlanishiga yordam berishi, o‘quvchilarning aqliy va amaliy malakalarini faollashtirishni ta’minlaydigan ta’lim usullari va metodlarini qo‘llashga diqqatini qaratishi lozim. Buning uchun o‘qituvchi ta’lim muassasasidagi shart-sharoitlar va o‘z imkoniyatlaridan kengroq foydalanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Har bir o‘quvchining shaxsiy xususiyati, imkoniyatiga qarab ijodiy qobiliyati, ishtiyoqi, qiziqishini samarali rivojlantirish:

  • yechimi aniq bo‘lgan har xil ijodiy vazifalar berish;

  • amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘quvchilardagi ijodiy qobiliyatlarini faollashtirish va yo‘naltirish usullari bilan amalga oshirilishi mumkin.

Tasviriy san’at o‘qituvchisi o‘zining har bir darsini bola hayotidagi yorqin voqea bo‘lib qolishiga, ulardagi mustaqil ijodkorlik hislarini uyg‘otishga intilishi darkor. Rasm chizish o‘ziga xos qiziqarli mashg‘ulot. Unda har safar avvalgisiga o‘xshamagan, yangi, o‘ziga xos, hayajonli, qiziqarli muhit yaratilishi lozim. O‘qituvchi bu muhitni o‘quvchilar bilan jonli muloqot, musiqa, tasvirlar, she’riy satrlar, o‘yinli holatlar, kompyuter dasturlari yordamida yaratishi mumkin.
Tasviriy san’at darslaridagi ijodiy faoliyat mobaynida taklif etiladigan tasvirni har xil ifodalash shakllari:

  • qog‘oz tekisligida hajmli shakllarni (naturadan qarab, xotiradan, tasavvurdan) tasvirlash;

  • konstruktiv va dekorativ rasmlar ishlash;

  • san’at asarlari va borliqdagi ko‘rinishlarni idrok qilish;

  • o‘rtoqlari bilan jamoa bo‘lib ishlash, sinfda va uyda bajarilgan vazifalar natijasini birgalikda muhokama qilish;

  • tasviriy san’atdagi ma’naviy meroslarni o‘rganish;

  • o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha ko‘rgazmali materiallar to‘plash kabi yo‘nalishlarda tasviriy savodxonlikni shakllantirish o‘quvchilarda ijodiy qobiliyatlarni tarkib toptirish va rivojlantirishning muhim shartlaridan biridir.

Tasviriy san’at darslarida o‘quvchilarda ijodiy qobiliyatlarni fanlararo aloqadorlik prinsipidan foydalanish ham yaxshi samara beradi. Zero, o‘rganilayotgan mavzu bo‘yicha musiqa (musiqa asarlari eshitib rasm ishlash, tasviriy san’at va musiqa o‘rtasida aloqa o‘rnatish), adabiyot (she’riy satrlar o‘qish, topishmoq, ertak, illyustrasiyalar chizish), tarix (san’at asarlari yarratilishini o‘rganish, tarixiy voqealar, mavzuli voqeaband mavzularni o‘rganishda janglar tasviri va h.k....), texnologiya (o‘yinchoqlar, kelgusida naqsh ishlash uchun idishlar, qutichalar yasash), informatika fanlari bilan bog‘liq grafik o‘yinlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Tasviriy san’at mashg‘ulotlarida o‘quvchilar har xil tasvirlash vositalari (qalam, qog‘oz, karton, mo‘yqalamlar, akvarel, guash bo‘yoqlari, plastilin, stek) bilan ishlash usullarini o‘zlashtiradilar. Hozirgi davrda ijodiy jarayonni kengaytiruvchi har xil flomaster, geliyli ruchka, o‘chirish uchun shtrixlar, sifati va fakturasi har xil qog‘ozlar kabi juda ko‘plab yangi tasvirlash ashyolari paydo bo‘ldi.
Tasvirlash ashyolarning ko‘payishi ijodiy ishlar turi, ko‘lamining kengayishiga olib keladi.
Tasviriy san’at darslarida ularni o‘rnida qo‘llash o‘quvchilarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi. Shuningdek tasviriy san’at darslarida faoliyatning har xil turlaridan foydalanish o‘quvchilarga o‘z ijodiy “g‘oyalari”ni turli texnikada tasvirlash imkonini yaratadi. Jumladan:
– chizish (har xil janr va turlarda); applikasiya (rang-barang qog‘oz yoki mato parchalarini biror narsaga yopishtirib yoki tikib gul, naqsh hosil ќilish); qandaydir qog‘oz yoki yuzaga uning rangi va fakturasi bilan farq qiladigan rangli qog‘oz parchalarini yopishtirib kompozisiya ishlanadigan tasviriy san’atning texnik usuli – kollaj; plastik materiallardan haykal yasash; qo‘lda yasalgan buyumlarga naqsh ishlash; barmoqlar bilan chizish, har xil shoxlar, g‘o‘lalarga ozgina ishlov berib kompozisiya ishlash, pero yoki boshqa o‘tkir asbob bilan qog‘ozga, kartonga qirqib yoki o‘yib ishlanib, keyin u joyga tush quyib tasvir hosil qilish – grattaj usuli kabi texnikalardan foydalanish mumkin
Darsdan tashqari vaqtlarda esa ingichka uzun qog‘oz tasmalaridan uzun spiralsimon burmalar hosil qilib har xil (hajmli va hajmsiz) kompozisiyalar tayyorlash jarayoni – kvilling (inglizcha (quill) so‘zdan olingan bo‘lib qush pati ma’nosini bildiradi) texnikasida, oynaga harir ranglarda rangtasvir yoki naqshli kompozisiya ishlash – vitraj, yog‘ochga o‘yish, shisha va sopolga ishlash kabi texnikalarini o‘rganishadi.
Bir darsdan keyingi darsgacha doimiy ravishda badiiy tasvirlash ashyolari o‘zgarib, ularning har xil imkoniyatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini egallab borishadi. O‘quvchidagi ijodiy faoliyat shaklining xilma–xilligi ularning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishlarining oshishiga sabab bo‘ladi va bu bola shaxsiyati shakllanishining muhim sharti hisoblanadi.
Ta’lim jarayonida unga individual yondashish ham boladagi ijodiy qobiliyatlarining rivojlanishining muhim shartlaridan biridir.
Ijodiy qobiliyatlarning rivojlanishi barchada birdek bo‘lishi mumkin emas, lekin o‘z ijodiy mehnati natijasidan quvonch hissini tuyushi uchun har bir bolaga faol, mustaqil ravishda ijod qilish imkoniyati yaratib berilishi kerak.
O‘quvchilar dars jarayonida kuchli o‘quvchilardan qolib ketmaslik uchun,o‘zlashtirishi sust bo‘lgan o‘quvchilarda fanni o‘zlashtirish istaklarini kuchaytirib, mustaqil ravishda ishlash ko‘nikmalari oshirib boriladi. Bunday samaraliroq usullaridan foydalanish va qulay sharoitlar yaratib berish, ulardagi tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishlarini yanada kuchaytiradi.
Atrof-borliqdagi tabiat bilan muloqot - ijodkorlikdagi barcha faoliyatlarning asosi, boshlanishi hisoblanadi. Borliq orqali biz insonning ajoyib qobiliyati bo‘lgan “fantaziya” tushunchasiga kirib kelamiz. Har qanday fantaziya asosida haqqoniy, hayotiy tajribalar yotadi. Shuning uchun bola atrof–borliqni ko‘rib kuzatganlari asosida fantaziya qilishi mumkin.
O‘qituvchi har bir o‘quvchida fantaziya qilish qobiliyati, ijod qilishda o‘ziga nisbatan ishonch hosil qilish ko‘nikmasini shakllantirishi kerak. Bir qator g‘ayrioddiy va kutilmagan vazifalar bajarish fantaziyani samarali rivojlantirish usullaridan biri hisoblanadi. Shaxsiy qaror qila olish, yaratuvchanlik, ijodga noan’anaviy yondashish va o‘z fikrida turish ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi, maqsadli, o‘z ustida tinimsiz ishlash bilan bog‘liq tasavvurni kengaytiruvchi bir nechta mavzudagi mashqlarni misol keltiramiz:

  • ertakdagi ajoyib mo‘jizaviy hayvon, semurg‘ qushi; shahrimiz kelajakda; mo‘jizakor mamlakat;

  • mevalar, sabzavotlar, gullar, geometrik shakllardan tuzilgan natyurmortlar;

  • har xil materiallardan g‘ayrioddiy o‘yinchoq yasash;

  • ma’lum bir mavzuga oid naqsh chizish;

  • aql–idrokni rivojlantiruvchi o‘yinlar; “Bu nimaga o‘xshaydi?”, “Sehrli rasmlar”, “Sehrli dog‘lar”, “Rassomga yordam ber”, “Sehrli ko‘zoynak”.

Alohida individual ishlashdan tashqari, jamoaviy ishlash usulidan ham foydalanilishi mumkin. Bunda butun sinf bilan birga “Kapalaklar dunyosi”, “Gullarga to‘la o‘tloq”, “Hayvonot bog‘i”, “Suv osti dunyosi”, “Qasrdagi raqs kechasi, bazm” va h.k. mavzularidagi kompozisiyalar ishlanadi. Bu mavzuda ishlaganda bolalar barchasi ishtirok etib, biri qasrni chizsa, ikkinchisi uning naqshlari, uchinchisi undagi qahramonlar obrazlarini bir vaqtda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Har kim o‘z tasavvuridagi narsalarni ifodalashga urinadi va natijada turli-tuman shakllar, qahramonlar obrazlari qatnashgan qiziqarli kompozisiya yaratiladi. Jamoaviy ijodkorlikda boladagi xususiy ijodkorlik juda qiziqarli ijobiy natijalar beradi.
Mashg‘ulotlarda kompyuter texnologiyalari ham samarali qo‘llanilishi mumkin. Kompyuterda multfilm yaratilish jarayonlari aks ettirilgan videoroliklar ko‘rsatilib, multfilm qahramonlarining ijobiy va salbiy ko‘nikmalari, ranglar va chiziqlar plastikasining jozibadorligi hamda uning yaratilish jarayonidagi qiziqarli va mashaqqatli rassom mehnatidan bolalar boy taassurotga ega bo‘ladilar.
Rassomlarning asarlaridan namunalar ko‘rsatish va taniqli rassom, pedagog olimlar bilan masofaviy ta’lim mashg‘ulotlarini tashkil etilishi o‘quvchilarda darsga bo‘lgan qiziqishlarini orttiradi.
Yuqori sinflarda loyihalash metodlarini keng qo‘llash mumkin. Bunda amaliy san’atning qadimiy, milliy va zamonaviy an’analarning uyg‘unlashuvi asosida yangi jihozlar (binolar, avtomobillar, maishiy va sport jihozlari, liboslar) loyihalashtirish bolalardagi milliy qadriyatlarimizga nisbatan faxr va mehr tuyg‘usini uyg‘otadi. Mahalliy xom ashyolardan foydalangan holda yaratuvchanlik va ixtirochilik faoliyatlari bolalarning ijodiy qobiliyatlari shakllanishiga turtki bo‘ladi.
Tasviriy san’atda rag‘batlantirish ijodiy qobiliyatlarni shakllanishining muhim sharti bo‘lib xizmat qiladi. Bizning fikrimizcha, tasviriy san’at darslarida o‘quvchilarga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri chizishgani uchun baho qo‘yish kerak emas. Bolalar yutuqlarini an’anaviy baholash juda mukammal bo‘lmagan usul deb o‘ylaymiz. Fikrlash, yaratish, ijod qilish ko‘nikmalari darajasi ‑ bu baholash mezonining asosiy komponentlari bo‘lishi kerak. Bilish faoliyatining eng samarali omili bo‘lgan muvaffaqiyatli vaziyatni yaratishga harakat qilish lozim.
Maktabdagi uyushtirilgan ko‘rgazmalarda qatnashish bolalarni rag‘batlantirish shaklidan biri bo‘lib, ota‑onalar bilan uchrashuv yoki bayram tadbirlariga bag‘ishlangan bunday ko‘rgazmalar tez‑tez o‘tkazilib turilishi maqsadga muvofiq. Vaqti‑vaqti bilan bunday ko‘rgazmalar tashkil etib turish bolalarda o‘z ishlarining o‘zgalar tomonidan e’tirof etilishini ko‘rganda ularda faxr va g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otadi. O‘z ishlarini boshqalar ishi bilan taqqoslash, baholash hamda yutuq va kamchiliklarini ko‘rish imkoniyatini yaratadi. O‘quvchilarning darsda ishlagan ishlaridan yaqinlari va do‘stlari uchun sovg‘a sifatida ham, maktab koridorlariga bezak sifatida ham foydalanish mumkin.
Bu darslarda har bir bola o‘z sezgisi, fikrlashi va dunyoqarashi,shaxsiy sifatlari bilan qiziq. Bu darslarda bolalar sayohatchi, kashfiyotchi, ijodkor rolida bo‘lishlari mumkin. Ular tafakkur qilishi, tahlil qilishi, shodlik va go‘zallik yaratishi bilan bu ijodlari mahsulidan o‘zlarini baxtli his qiladilar.
Tasviriy san’at va uni o‘qitish metodikasi kafedrasida mavjud kompyuter vositalarini amaliyotda qo‘llab, uning tasviriy san’at mashg‘ulotlarida foydalanish imkoniyatlari haqidagi shunday umumiy xulosaga kelindi.
1. Kompyuter pedagog va talaba muloqotini yaxshilashda ijobiy natijaga erishish uchun qulay hamda keng imkoniyatlarga ega,
2. Ta’limda ko‘rgazmali tushuntirish hamda reproduktiv usullarini qo‘llashning yangi va sifatli darajaga ko‘tarilishini ta’minlaydi.
3. Mashg‘ulotlarda axborot kommunikasion texnologiyalardan foydalanish ta’lim shakli, talabalar bilim doirasi kengaytirishga xizmat qiladi, diqqatni jamlaydi, shaxsning ijodkorlik imkoniyatlarini oshiradi.
4. Pedagog maslahati bilan o‘rgatuvchi dasturlarni mustaqil qo‘llash orqali rangtasvir, kompozisiya fanlarini samarali o‘zlashtirishlariga imkon yaratadi.
5. Proektorlardan foydalanish magnlar bilan ishlash, o‘rgatuvchi videoroliklar namoyish etishda qulaylik yaratadi ko‘rgazmalilikni oshiradi, vaqtni tejaydi.
6. Elektron ensiklopediyalar bilan tanishish, jahon muzey va ko‘rgazma zallari bo‘ylab virtual sayohatlar uyushtirish imkonini beradi.
7. Kompyuter texnologiyalaridan foydalanish talabalarning internet orqali axborotlar izlash, topish, tanlash va olingan ma’lumotni jamlash kabi mustaqil ishlash ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
8. Testlardan foydalanish nafaqat vaqtdan yutish, materiallar sarfini kamaytirish, balki, o‘z bilimi va imkoniyatlarini ob’ektiv baholashga imkon beradi.
9. Mashg‘ulotlarda kompyuter texnologiyalarini qo‘llash talabalarning tasviriy san’atga qiziqishlari va ta’lim sifatining oshishiga olib keladi.
10. Tasviriy san’at mashg‘ulotlarida kartinalar, chizmalar, jadvallarni yorqin va qiziqarli shakllarda kuzatish, ob’ektlarni foto va videotasmalar vositasida ko‘rish, u yoki bu mavzudagi materialni aniq idrok etish, tanlangan materialni qiziqarli shaklda tasvirlashga yordam beradi.
Shunday qilib mashg‘ulotlarda va darsdan tashqari vaqtlarda innovasion texnologiyalardan foydalanish vaqtni tejash, shaxsiy ijodkorlikni rivojlantirish psixologik-pedagogik bilimlar asosida o‘quv-tarbiyaviy faoliyatni to‘g‘ri tashkillashtirishga imkon yaratadi.
Bundan tashqari tasviriy san’at darslarida innovasion pedagogik texnologiyalardan foydalanish:
• talabalarning idrok qilish faoliyatini rivojlantiradi va o‘quv jarayonini faollashtiradi;
• qisqa vaqtda katta hajmdagi ishlar bajariladi;
• talabalar nazariy bilimlarini tekshirish jarayonini tezlashtiradi;
• bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlaydi;
• darsdan tashqari vaqtlarda talabalarni faol ijodiy faoliyatga yo‘naltirishga sabab bo‘ladi.
Bunday dars o‘tish faoliyati natijasida maktabdagi fan o‘qituvchisi:
1) maktab jamoaviy va ma’naviy ishlarida ishtirok etishi;
2) barcha sinflarda o‘zlashtirish ko‘rsatkichi va o‘zlashtirilgan bilimlar sifatini oshirishi;
3) tuman, shahar, viloyat miqyosidagi tadbirlarda, ko‘rgazmalarda o‘quvchilari ishlari bilan qatnashish, ko‘plab yutuqli sovrinlar olish kabi muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishi mumkin.
Yuqorida keltirilgan ta’lim texnologiyalari asosida o‘qituvchi o‘quvchilardagi o‘ziga xos ijodiy vazifalar bajarish, hamda har qanday faoliyatga ijodiy yondoshish qobiliyatlarini yuzaga chiqarish va rivojlantirishga sabab bo‘ladi.
Tasviriy san’atni o‘qitish darsining turli shakl va usullaridan foydalanilgan bunday darslarda o‘quvchilarning:

    • ijodkorlik qobiliyatlari rivojlanadi;

    • hissiy dunyoqarashlarini shakllanib, ma’naviyati tarbiyalanadi;

    • tasviriy san’at haqidagi qadimgi dunyo san’atidan to hozirgi vaqtgacha bo‘lgan asosiy bilimlarni egallashadi;

    • dunyo xalqlari san’atiga nisbatan hurmat hissi uyg‘onadi;

    • atrof‑muhit va san’atni qadrlashga nisbatan ma’naviy‑axloqiy xususiyatlari shakllanadi.




Yüklə 275,42 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin