Kichik boldir suyagi (fibula 61-rasm) juda ingichka va ikki uchi yo‘g‘on bo‘lib, yuqorida (proksimal uchi – epiphisis proximalis) suyak boshi (caput fibulae) va uning uchi (apex capitis fibulae) joylashgan. Uning medial yuzasida katta boldir suyagining lateral do‘ngi bilan bo‘g‘im tuzadigan yuzasi (facies articularis capitis tibulae) bor. Suyak tanasi (corpus fibulae) bir oz buralgan, uchi qirrali bo‘lib, uning boshchasidan bo‘yni (collum fibulae) orqali ajralgan suyak tanasi medial yuzasining oraliq pardasi (membrana) va qirrasini (margo interosseus) ko‘rish mumkin. Oldingi yuzada margo anterior bo‘lsa, orqa yuzada margo posterior joylashgan. Qirralar orasida lateral (facies lateralis), medial (facies medialis) va orqa yuzalar (facies posterior) o‘rnashgan. Suyakning pastki uchi (epiphisis distalis) yo‘g‘onlashib, tashqi to‘piq (malleolus lateralis) ni hosil qiladi.
To‘piqning bo‘g‘im yuzasi facies articularis malleoli deyiladi. Bo‘g‘im yuzasining orqa tomonida chuqurcha (fossa malleoli lateralis) joylashgan.
Oyoq panjasi skeleti (ossa pedis,62-rasm) kaft oldi qismi (tarsus), oyoq kafti (metatarsus) va barmoqlar (phalangea digitorum)dan tuzilgan.
Kaft oldi qismi (tarsus) yettita kalta g‘ovak suyaklardan tashkil topgan bo‘lib, kaft usti suyaklari singari ikki qator joylashgan; orqa yoki proksimal qator – ikkita (oshiq va tovon) suyakdan iborat, oldingi va distal qator – qayiqsimon, uchta ponasimon va kubsimon suyaklardan tuzilgan.
O sh i q s u ya k (talus, 48-rasm) yirik suyak bo‘lib, uning tanasi – corpus tali, boshchasi – caput tali va ularni qo‘shib turuvchi bo‘yni – collum tali ajratiladi. Oshiq suyakning tepa qismida g‘altagi (trochlea tali) bo‘lib, unda uchta bo‘g‘im yuzasi ko‘rinadi, ulardan tepa bo‘g‘im yuzasi (facies superior) katta boldir suyagining pastki bo‘g‘im yuzasi bilan qo‘shiladi, qolgan ikkita yonbosh bo‘g‘im yuzalari (facies malleolaris medialis va facies malleolaris lateralis) esa tashqi va to‘piqlarning bo‘g‘im yuzalari bilan qo‘shiladi. Oshiq suyakning tashqi to‘piq yuzasi o‘sgan bo‘lib, unga (processus lateralis tali) oshiq suyakning yonbosh o‘sig‘i deyiladi. Oshiq suyak g‘altagining orqasidagi o‘siq (processus posterior tali)dan m.flexor hallucis longus ning payi o‘tadigan egat uni ikkita do‘mboqcha (tuberculum mediale va laterale)ga bo‘lib turadi. Oshiq suyakning pastki yuzasida tovon suyagi bilan birlashadigan uchta bo‘g‘im yuzalari joylashgan. O‘rta va orqa bo‘g‘im yuzalari orqasida egat – sulcus tali ko‘rinadi. Oshiq suyakning bosh qismidagi bo‘g‘im yuzasi – facies articularis navicularis qayiqsimon suyak bilan qo‘shiladi.