2.Tashishning umumiy shartlari Avtomobil transportida yuklarni tashish tashish shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Tashuvchi yukni tashish shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda yetkazib berishi kerak. Yukni yetkazib berish muddati engib bo'lmaydigan kuch holatlari amal qilishi davriga ko'paytirilishi yoki tomonlarning ikki tomonlama bitimi bo'yicha uzaytirilishi mumkin. Yukni yetkazib berish kechiktirilishi to'g'risida kechikishning sabablari va vaqti ko'rsatilgan holda yo'l varaqasiga belgi qo'yiladi.
Yuklar tashilganligi uchun, agar qonun hujjatlarida o'zgacha hol nazarda tutilmagan bo'lsa, tashish shartnomasida belgilangan to'lov undiriladi.
Tashuvchi, agar qonun hujjatlarida, tashish shartnomasida o'zgacha hol belgilanmagan bo'lsa, yoki majburiyatlarning mohiyatidan kelib chiqmasa unga tegishli bo'lgan tashish to'lovini va tashish bo'yicha boshqa to'lovlarni ta'minlash uchun tashish uchun unga berilgan yukni ushlab turish huquqiga ega.
Tashuvchi, agar tashish shartnomasida o'zgacha hol nazarda tutilmagan bo'lsa, tashish shartnomasini bajarish uchun zarur bo'lgan avtotransport vositalarining tiplari va sonini mustaqil belgilaydi.
Tashuvchi yukni tashish shartnomasida belgilangan muddatda tegishli yukni tashish uchun yaroqli holatdagi soz avtotransport vositasini yukni jo'natuvchiga yukni ortish uchun beradi, yukni jo'natuvchi esa yukni belgilangan muddatlarda tashuvchiga taqdim etadi.
Agar mijozni tashuvchi tomonidan berilgan avtotransport vositasi qoniqtirmasa, u holda u tegishli dalolatnomani tuzib va uni tashuvchiga berib avtotransport vositasini rad etishga haqlidir.
Yukni jo'natuvchi tomonidan tashishga yaroqli bo'lmagan holatda taqdim etilgan va uni o'z vaqtida jo'natishni ta'minlaydigan muddatda yukni jo'natuvchi tomonidan zarur holatga keltirilmagan yuk taqdim etilmagan deb hisoblanadi.
Agar tashuvchi quyidagi holatlar bo'yicha tashishda uning saqlanishini ta'minlay olmasa, tashuvchi yukni tashish uchun qabul qilishni rad etishi mumkin:
yuk zarur tarzda bo'lmagan tarada yoki o'ramda taqdim etilgan;
yuk bajarish uchun yuklarni tashishga qabul qilingan buyurtmanomaga muvofiq emas;
yukning taqdim etilgan turkumi massasi avtotransport vositasining yuk ko'tarishidan ortiq;
yuk tashish yo'nalishining avtomobil yo'li bo'ylab harakat vaqtincha to'xtatilishi yoki cheklanishi tufayli yetkazib berilishi mumkin emas.
Agar:
bunday tashish qonun hujjatlarida ta'qiqlangan bo'lsa;
tovar xususiyatiga ega bo'lgan yuklar tovar-transport yukxatlari bilan rasmiylashtirilmagan bo'lsa;
tashish uchun taqdim etilgan yuklarning har xil tiplari o'z xossalariga ko'ra bir avtotransport vositasida birgalikda tashishga qo'yilmasa;
yuk yo'l harakati xavfsizligiga xavf solsa va yo'l harakati qoidalari talablariga javob bermasa yukni jo'natuvchi (ekspeditor) yukni taqdim etmasligi, tashuvchi esa yukni tashish uchun qabul qilmasligi kerak.
Yukni jo'natuvchi yuklarni tashishga taqdim etishda narxni e'lon qilishga haqlidir.
Yukning e'lon qilingan qiymati miqdori tashuvchida shubha uyg'otgan taqdirda u o'z hisobidan shartnoma asosida ekspertlarni jalb etishi va yukning Real qiymati to'g'risida dalolatnoma tuzishi mumkin.
Qiymati e'lon qilingan yuk tashishga taqdim etilganda yukni jo'natuvchi uch nushada yuk o'rinlari ro'yxatini tuzishga majburdir. Ro'yxatning bir nushasi yukni jo'natuvchida, ikkinchi nushasi — tashuvchida qoladi, uchinchi nushasi — yukni jo'natuvchi tomonidan yuk o'rnining ichkarisiga qo'yiladi.
Yuklarni qabul qilish-topshirishda tovar-transport yukxatida ushbu yuklarning yuk o'rinlari massasi va soni (imkoniyati bo'lsa sanab) ko'rsatiladi.
U bo'yicha tovar-moddiy boyliklarning harakati hisobi yuritilmaydigan yukni tashish erkin shakldagi buyurtma-naryad asosida amalga oshirilishi mumkin. Har xil avtotransport vositalarida tashilishi kerak bo'lgan yuk ortilgan taqdirda foydalaniladigan avtotransport vositalari soniga muvofiq bo'lgan miqdorda buyurtmalar-naryadlar tuziladi.
Tarali va donali yuklar massasi yukni jo'natuvchi tomonidan ular tashishga taqdim etilgunga qadar belgilanadi va yuk o'rinlariga tamg'a bosishda ko'rsatiladi. Ushbu yuklarni tashishda bir avtotransport vositasida tashiladigan yukning butun turkumining umumiy massasi tarozida tortish orqali yoki yuk o'rinlarining barcha massasini sanab chiqish yo'li bilan belgilanadi. Yuklarning ayrim turlari uchun massa o'lchash yoki hajmli massa bo'yicha hisoblab chiqish yo'li bilan aniqlanishi mumkin.
Yukni jo'natuvchi (ekspeditor) tovar-transport yukxatida yukning massasini va, agar massa to'g'ridan-to'g'ri tortish orqali aniqlanmasa, uni aniqlash usullarini ko'rsatishi kerak.
Yuklar yopiq avtotransport vositasida yoki yukni jo'natuvchi (ekspeditor) tomonidan tamg'alangan alohida sektsiyalar, konteynerlar yoki tsisternalarda tashilganda, yukning massasi yukni jo'natuvchi (ekspeditor) tomonidan aniqlanadi.