Turk xoqonligi davri tangalari Reja


Turk xoqonligi davrida Chochda zarb qilingan tangalar



Yüklə 87,29 Kb.
səhifə2/2
tarix25.12.2023
ölçüsü87,29 Kb.
#196715
1   2
turk xoqonligi davri tangalari2

Turk xoqonligi davrida Chochda zarb qilingan tangalar
(VI – VIII asrlar)

VI-asr oxiri - VII-asr boshlarida Chochda zarb qilingan, tanganing aversida otliq hukmdor еlkasiga o‘q-yoy osgan holatda tasvirlangan. Tanganing reversida so‘g‘diy yozuvda G‘arbiy Turk xoqonligiga xos tamg‘a va uning atrofida so‘g‘diy yozuvda cpγw x’γ’n pny - “Jabg‘u-xoqonning tangasi” jumlalari mavjud. “Jabg‘u-xoqon” G‘arbiy Turk xoqonligi hukmdorlarining bosh unvoni bo‘lgan. Tanganing hajmi 1,8 sm, og‘irligi 2,5 gr. Qanqa xarobasidan topilgan mis tanga.



VII-VIII asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida to‘g‘riga yuzlangan hukmdor va malika-xotun tasviri aks etgan. Tanganing reversida G‘arbiy Turk xoqonligiga xos tamg‘a va uning atrofida so‘g‘diy yozuvda βγy twwn x’γ’n - “Ilohiy Tuun-xoqon” jumlalari o‘rin olgan. Tanga G‘arbiy Turk xoqonligi 630-yillarda mustaqil davlatga aylangach zarb qilina boshlangan. Tanganing hajmi 2,0 sm, og‘irligi 2,0 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.
3-tanga.

VII-VIII asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida so‘l tomonga yuzlangan ikki o‘rkachli tuya tasviri aks etgan. Tanganing reversida rombsimon tamg‘a va uning atrofida sug‘diy yozuvda prn βγy x’γ’n - “Ilohiy qut (sohibi) xoqon” jumlalari aks etgan. Tanga G‘arbiy Turk xoqonligi 630-yillarda mustaqil davlatga aylangach zarb qilina boshlangan. Tanganing hajmi 1,5 sm, og‘irligi 1,0 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.



VII-VIII asrlarda Chochda zarb qilingan, mis tanga o‘rtasi kvadrat teshikli, xitoy tangalariga taqlidan ishlangan. Tanganing aversidan βγy x’γ’n - “Ilohiy xoqon” jumlalari o‘rin olgan. Tanga G‘arbiy Turk xoqonligi 650-yillar oxirida Tan imperiyasiga qaram bo‘lgan muddatda zarb qilina boshlangan. Tanganing hajmi 2,0 sm, og‘irligi 1,5 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.

VI asr oxirgi choragi – VII asr boshlarida Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversiga langarsimon tamg‘a va uning ustida sug‘diy yozuvda trδw – “Tardu” ismi, tanganing reversiga esa x’γ’n - “xoqon” deb yozilgan. Tanga G‘arbiy Turk xoqonligining asoschilaridan biri Tardu xoqon (576-603) tomonidan zarb qilingan. Tanganing hajmi 1,4 sm, og‘irligi 1,5 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.
Mazkur tangalarning ikonografik jihati ham chochliklarning xoqonlik bilan aloqador ekanligini ko‘rsatadi.
Ilk o‘rta asrlarda Choch, Farg‘ona, Usturshona, So‘g‘d, Buxoro, Xorazm G‘arbiy Turk hoqonligi tarkibida bo‘lsa-da, ularning yabg‘ulari mustaqil siyosat yuritar edilar. Ularning har birining o‘z davlat boshqaruv sulolalari, boshqaruv markazi (poytaxti), qonuni, harbiy kuchlari, aniq chegaralari va pul birligi mavjud edi. Turk hoqonlari bu viloyatlarning ichki ishlariga aralashmaganlar. Ushbu viloyatlar hoqonlik markaziga asosan soliq yig‘ishga e’tibor berganlar.
Sharqiy Turk hoqonligiga oid tangalar Qanqa, Banokat kabi Toshkent hududlardan topilgan bo‘lib, bu o‘lkalarning savdo - hunarmandchilik markazi bo‘lganligidan dalolat beradi. Turk-So‘g‘d tangalari nomi ostida bronza tangalar zarb etilgan bo‘lib, ushbu seriyada tanganing aversida erkak va ayol juft holda tasvirlangan. Bu haqda rus arxeologi M.E.Masson bildirgan fikr еtakchi bo‘lib qolmoqda. Ularda turkiy runiy yozuvlari bilan so‘zlar bitilgan. Bu so‘zlarni o‘qishga urinish bor, ammo hozirgacha to‘liq o‘qib chiqilmagan. (“K voprosu o vzaimootnosheniyax Vizantiii Sredney Azii po dannыm numizmatiki” maqolasi // Trudы SAGU, Novaya seriya, XXII. V.kn. 4. -T., 1951)
Qadimgi Choch tangalarini o‘rganishda V.A.Livshisning xizmati katta. U So‘g‘d rivoyatidagi XWB unvonini hamda c’cn’k (chachanak) ifodasini aniqlashga muyassar bo‘ldi. Bu hol ularning zarb qilingan joyini uzil-kesil belgilash imkonini berdi (Livshis Lukonin, 1964, -B. 170-171).
E.V.Rtveladze qadimgi Choch tangalarini o‘rganishga hissa qo‘shdi. Uning fikricha, Chochda mis tangalar zarb etish III asr boshlarida yo‘lga qo‘yilgan. Tangalar tipi negizida qadimgi Sharq, Xorazm So‘g‘d ikonografik an’anlari mavjud. V asrning o‘rtalarida Sosoniy dirhamlari Markaziy Osiyoda keng muomalada bo‘lgan.
Shosh arab xalifaligiga kirishgach bu еrda dastlab Ummaviylar, so‘ng Abbosiylar kumush tangalari paydo bo‘ladi. Shosh zarbxonalarida dirhamlar chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shoshda zarb qilingan ilk dirhamlar 180 hijriy (796/797 y.) sanaga ega. Chochda “buxorxudod” kumush tangalarini zarb qilish VII asrning ikkinchi yarmidan yo‘lga qo‘yilgan va IX asrning birinchi choragiga qadar davom etgan.
Chochni VII-VIII asrlarda mahalliy sulola va turkiy tudunlar sulolasi boshqargan. Choch hukmdori tangalarini asosan 3 guruhga ajratish mumkin. Xususan, vohaning bosh hukmdor sulolasi bo‘lmish Choch teginlar tangalari, ikkinchi darajali sulola mavqeidagi Choch tudunlari tangalari va mahalliy sulola tangalaridir.
E.V. Rtveladze ilk o‘rta asrlarga oid Choch tangalarida 6 xil tamg‘a uchrashi, bu esa vohada shuncha kichik hokimliklar mavjud bo‘lganidan darak berishini yozadi. Shuningdek, tadqiqotchilar Choch tangalarida Kabarna, Banokat, Tunkat, Farnkat kabi joy nomlari bo‘lib, ularni markazlar sifatida talqin qilish mumkin.
Choch vohasi tangalarida quyidagicha turkiy unvonlar uchrab, ular yozma manbalar asosida o‘z tasdig‘ini topgan:
Tegin. Bu unvon bilan 3 tipda tangalar bosilgan. Xitoy yilnomalarida 605 yili G‘arbiy Turk hoqoni Shi (Choch)ga tegin Tyanchji ismli vakil jo‘natganligi, 609 yilda u Choch hukmdori sifatida Xitoyga elchi yuborgani qayd etiladi. Shuningdek, ularda 740 yillar mobaynida bir necha bor Xitoyga o‘z elchilarini yuborgan Choch hukmdori tegin unvon bilan zikr qilinadi.
Tudun. Bu unvon bilan 3 tipda tangalar zarb qilingan. Xitoy yilnomalarida 640-750 yillar orasida Shi (Choch)ni boshqargan 4 nafar tudun haqida ma’lumot uchrasa, so‘g‘diy A-14 raqamli hujjatda“tbwn”, Tabariyning “Tarix ar-rusul va-l-muluk’ asarida” “Shosh maligi tudun” iboralari uchraydi. Abu Rayxon Beruniy ham qadimgi Shosh hukmdorlarining unvoni tudun bo‘lganligi haqida yozadi.
Eltabar. Bu unvon bilan 2 tip tanga zarb qilingan. G‘arbiy Turk hoqoni Tunyabg‘u-hoqon (618-630) o‘z hukmdorligining dastlabki yillarida qarorgohini Chochning shimoliga ko‘chirgani va g‘arbiy o‘lkalardagi mahalliy hukmdorlarga Yelbatan unvonini berib, ular ustidan nazorat qilish uchun bittadan tudun jo‘natgani haqidagi ma’lumot Xitoy yilnomalarida qayd etiladi. Demak, bu ma’lumot ushbu vohaga taalluqli bo‘lib, Choch hukmdorlari ma’lum muddat ushbu unvonga ega bo‘lishgan. Ba’zi tadqiqotchilar Tan shu yilnomasida uchraydigan ayrim ma’lumotlar asosida 714 yilda Xitoyga qarashli Bey-tin (Beshbaliq) shahrini egallash uchun qapog‘on Bek-cho‘r xoqon (691-716) tomonidan yuborilgan shahzoda To‘ga tegin qo‘monligidagi Turk xoqonligi qo‘shinlari boshida Choch hukmdori Qabar Eltabar ham bo‘lganini ta’kidlaydi. Xususan, Choch teginlari tangasidagi tamg‘a bilan Eltabar unvonli tangalar tamg‘asining deyarli bir ekani bu tip tangalari teginlar sulolasi zarb qilgan, deb taxmin qilishga imkon beradi. Demak, Choch vohasi tangalari o‘sha davr tarixiy voqeliklarini o‘zida to‘laqonli aks ettirgan.
To‘n yabg‘u-hoqon (618-630) davriga oid tangalarning uch tipi ma’lumdir. Uning davrida hoqonlikning markazlashuvi yanada kuchaydi. Shu bilan birga VIIasrda mahalliy hokimliklarda ham masalan, Chochda turk sulolalaridan tegin (605-746) va tudunlar (620-750) tomonidan tangalar zarb etildi.
Chochdan topilgan numizmatik materiallar Markaziy Osiyoning G‘arbiy turk hoqonligi davri ilk o‘rta asrlardagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotiga muhim ma’lumotlarni beradi.
Qadimgi turk tangalari, xususan, Choch tangalarini maxsus o‘rgangan olimlar M.E.Masson, O.I.Smirnova, V.A.Livщis, E.V.Rtveladze, Ye.V.Zeymal, G‘.Boboyorov, M.Is’hoqov tadqiqotlarida “turk-sug‘d tangalari”, “Sug‘d-turk tangalari”, “turk sulolalarining Choch tangalari” kabi iboralar ifoda etilgan.
VII-VIII asrlarda hoqonlik hududlarida mahalliy hokimlar turktudunlari, turk tekinlari tomonidan ham tangalar zarb etilgan. Biroq hoqonlikka qaragan hokimlarning sulolasi tarixi, sanalari haqida hanuzgacha mavjud materiallar uzuq yuluqligicha qolmoqda.
Choch tangalari seriyasi yozuvsiz tangadan boshlanadi. Topilgan tangalarda turli suratlar aks etgan. Choch tangalarining bir necha tasvirli turlari topilgan bo‘lib ularda hukmdorlarning surati, tanganing o‘rtasida kvadrat xalqali yo‘lbars surati tushirilgan. Bundan tashqari, tangalarda hukmdorning boshi uzra yarim oy, chap tomonida yulduz kabi tasvirlar ham tushirilgan. Masalan, Choch hukmdori Teginning sochlari еlkasiga tushgan, ko‘zlari qisiq, chap va o‘ng tomonlarida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Yoki tangalarda hukmdorning kiyimi uning quyuq qoshlari va qovog‘ini bo‘rtib chizilgani, ularda xatto ko‘zlarini ham tushganini ko‘ramiz. Hukmdorning quloqlarida ziraklari bor. Tanga legendalari (tanga yozuvlari)da juda qisqa sug‘d yozuvlari bor. Bu yozuvlarda faqat hukmdorning ismi va uning oldida “tangri yorlaqagan hukmdor”, “hukmdor tudun, ilohiy qonun tayanchi” kabi so‘zlar bitilgan.
Choch tangalari gruppasi tanga doirasidagi tasvirlar bo‘yicha mutlaqo originaldir. Masalan, turkumning ko‘pgina tangalari o‘ng yuzasiga fantastik vahshiy hayvonning dahshat soluvchi hujumkor qiyofasi tushirilgan. Hayvon tasviri tanga tiplari bo‘yicha har xil. Ba’zan hayvonning boshi o‘ng tomonga, goho chap tomonga qaratilgan. Ba’zi tangalarda hayvon oldingi o‘ng oyog‘iga cho‘kibroq, chap oyog‘ini mushuksimonlarga xos ko‘targan holda tasvirlanadi. Dum esa keskin baland ko‘tarilgan va tananing tepasiga joylashgan. Choch tangalari seriyasida hokimiyat ramzi sifatida u yoki bu tomonga qaratilgan panshaxasimon tamg‘a tasvirlangan. Shunisi muhimki, Choch tangalariga so‘g‘d milliy yozuvi asosidagi xat bitilgan. Umuman, keyingi vaqtda so‘g‘dcha yozuvli tangalarning qator yangi tiplari topilayotgani so‘g‘d yozuvining Choch uchun ham qadimdan o‘ynagan madaniy rolini tushunishga yordam beradi. Choch tangalaridagi so‘g‘d yozuvlarining tarjimasi mazmuni M.Is’hoqov va B.To‘xtievning “O‘lmas obidalar” nomli kitobida yoritilgan.



III – IV asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida chap tomonga qaragan hukmdor boshi tasvirlangan. Tanganing reversida esa mil av. III – milodning III asrlarida hukm surgan va markaziy boshqaruvi Choch vohasida joylashgan Qang‘ davlatiga xos tamg‘a mavjud bo‘lib, uning atrofida sug‘diy yozuvda s’s’n n’ps wnwn γwβ - “Choch jamoasining muzaffar hukmdori” jumlalari o‘rin olgan. Tanganing hajmi 2,13 sm, og‘irligi 3,7 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.



III – IV asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida chap tomonga qaragan hukmdor boshi tasviri aks etgan. Tanganing reversida esa Qang‘ davlati (mil. av. III – mil. III asrlarda)ga xos tamg‘a mavjud bo‘lib, uning atrofida teskari yozilgan (Oynada ko‘rilganda to‘g‘ri o‘qiladigan/zerkalnыy) sug‘diy yozuvli s’s’n n’ps ...... wnwn γwβ - “Choch jamoasining ...... muzaffar hukmdori” jumlalari o‘rin olgan. Tanganing hajmi 2,13 sm, og‘irligi 3,0 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.

III – IV asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida chap tomonga qaragan hukmdor boshi, tepasida esa yarim oy tasvirlangan. Tanganing reversida Qang‘ davlati (mil. av. III – milodning III asrlari)ga xos tamg‘a mavjud bo‘lib, uning atrofida teskari yozilgan (Oynada ko‘rilganda to‘g‘ri o‘qiladigan/zerkalnыy) sug‘diy yozuvli s’s’n n’ps ...... wnwn γwβ - “Choch jamoasining ...... muzaffar hukmdori” jumlalari o‘rin olgan. Tanganing hajmi 2,2 sm, og‘irligi 3,7 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.


III – IV asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida chap tomonga qaragan hukmdor boshi tasviri aks etgan. Hukmdor boshining tepasida yarim Oy tasviri o‘rin olgan. Tanganing reversida esa Qang‘ davlati (mil. av. III – milodning III asrlari)ga xos tamg‘a mavjud bo‘lib, uning atrofida sug‘diy yozuvda s’s’n n’ps wnwn γwβ - “Choch jamoasining muzaffar hukmdori” jumlalari o‘rin olgan. Tanganing hajmi 2,1 sm, og‘irligi 3,77 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.
5-rasm.

III – IV asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida chap tomonga qaragan hukmdor boshi tasviri aks etgan. Tanganing chap yuzida reversida esa Qang‘ davlati (mil. av. III – milodning III asrlari)ga xos tamg‘a mavjud bo‘lib, uning atrofida bir qismi saqlangan sug‘diy yozuvda s’s’n n’ps wnwn γwβ - “Choch jamoasining muzaffar hukmdori” jumlalari o‘rin olgan. Tanganing hajmi 1,9 sm, og‘irligi 3,0 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.



III – IV asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida chap tomonga qaragan hukmdor boshi, tepasida esa yarim oy tasviri o‘rin olgan. Tanganing reversida Qang‘ davlati (mil. av. III – milodning III asrlari)ga xos tamg‘a mavjud bo‘lib, uning atrofida sug‘diy yozuvda s’s’n n’ps wnwn γwβ - “Choch jamoasining muzaffar hukmdori” jumlalari o‘rin olgan. Tanganing hajmi 2,4 sm, og‘irligi 6,7 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.



IV-V asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing hajmi 18,3 sm, og‘irligi 1,65 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.



VII-VIII asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida o‘ngga yuzlangan bars (qoplon) tasviri aks etgan. Ma’lumki, bars qadimda Toshkent vohasining ramzi (totemi) bo‘lgan, deb talqin etiladi. Tanganing reversida esa Choch vohasi tangalarining aksariyatiga xos tamg‘a joy olgan. Tamg‘a atrofida sug‘diy yozuvda c’cynk γwβw – “Choch hukmdori”. Ushbu tanga Choch tudunlari sulolasi (640-750) vakillari tomonidan zarb qilingan bo‘lishi mumkin. Chunki undagi tamg‘a shakli “tudun” unvonli tangalardagi bilan bir xil. Tanganing hajmi 2,0 sm, og‘irligi 2,0 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.

VII-VIII asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida o‘ngga yuzlangan bars (qoplon) tasviri aks etgan. Tanganing reversida esa Choch vohasi tangalarining aksariyatiga xos tamg‘a joy olgan. Tangada yozuv aks ettirilmagan. Ushbu tanga Choch tudunlari sulolasi (640-750) vakillari tomonidan zarb qilingan bo‘lishi mumkin. Tanganing hajmi 2,0 sm, og‘irligi 2,0 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.

VI-asrning so‘nggi choragida Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida to‘g‘riga qaragan hukmdor tasviri aks etgan. Hukmdor boshining o‘ng tomonida yunon yozuvining izlari saqlangan. Tanganing reversida esa Choch vohasida zarb qilingan G‘arbiy Turk xoqonligi tangalariga xos tamg‘a va uning ostida runiysimon belgi joy olgan. Tanganing ikonorafik jihatlari Vizantiya imperiyasi tangalariga o‘xshash. Bu esa uning G‘arbiy Turk xoqonligi tanga zarbiga Vizantiya an’analarining ta’sir ko‘rsatganidan darak beradi. Tanganing hajmi 2 sm, og‘irligi 2 gr Qanqa xarobasidan topilgan.

VI-asrning so‘nggi choragida Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida otliq hukmdor va uning oldida sal egilgan holat turib, qo‘lida ashyo (qut-baraka ramzi) tutgan (iloha Umay timsolidagi) malika-xotun tasvirlangan. Tanganing reversida esa o‘rtada zardushtiylik diniy ramziy belgisi otashdon va uning chap tomonida Choch vohasida zarb qilingan G‘arbiy Turk xoqonligi tangalariga xos tamg‘a joy olgan. Tanganing ikonorafik jihatlari uning G‘arbiy Turk xoqonligiga oid tanga ekanligidan darak beradi. Tanganing hajmi 2 sm, og‘irligi 2 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.



VI-asrning so‘nggi choragida Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida chordona qurib o‘tirgan holatdagi o‘ng tomonga yuzlangan hukmdor va uning oldida chordona qurib o‘tirgan homilador ayol malika-xotun tasviri aks etgan. Tanganing reversida esa o‘rtada Choch vohasida zarb qilingan G‘arbiy Turk xoqonligi tangalariga xos tamg‘a joy olgan. Tamg‘a atrofida sug‘diy yozuvda pny zpγw kr crδnk–“Zabardast jabg‘u Chirdanakning puli” jumlalari mavjud. Tanganing ikonografik jihatlari va “jabg‘u” unvoni uning G‘arbiy Turk xoqonligiga oid tanga ekanligidan darak beradi. Tanganing hajmi 2 sm, og‘irligi 1,5 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.

VI-asrning so‘nggi choragida Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida to‘g‘riga yuzlangan hukmdor va malika-xotun, hukmdor boshining tepa qismida yulduz va yarim oy tasvirlari mavjud. Tanganing reversida esa o‘rtada Chochda zarb qilingan G‘arbiy Turk xoqonligi tangalariga xos tamg‘a joy olgan. Tamg‘a atrofida sug‘diy yozuvda - “Bu tanga zabardast jabg‘u Chirdanakka oid” jumlalari o‘rin olgan. Tanganing ikonorafik jihatlari va “jabg‘u” unvoni uning G‘arbiy Turk xoqonligiga oid tanga ekanligidan darak beradi. Tanganing hajmi 3 sm, og‘irligi 2,5 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.

VI-asr oxirgi choragida Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida taxtda o‘tirgan hukmdor tasviri, boshining chap tomonida yarim oy va uning ostida sakkiz qirrali yulduz tasvirlari o‘rin olgan. Chochda zarb qilingan G‘arbiy Turk xoqonligi tangalariga xos tamg‘a joy olgan. Tanganing ikonografik jihatlari uning G‘arbiy Turk xoqonligiga oid tanga ekanligidan darak beradi. Tanganing hajmi 2 sm, og‘irligi 2 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.

VII-asrning ilk choragida Chochda zarb qilingan, shersimon zoomorfik taxtda o‘tirgan hukmdor tasviri aks etgan mis tanga. Tanganing aversida uzun sochli hukmdor, uning boshidan chap tomonda yarim oy va uning ostida yulduz tasvirlari aks etgan. Zoomorfik taxt islomdan oldingi hukmdorliklarda ilohiy hokimiyat ramzi sifatida tushunilgan. Ayniqsa, Choch vohasida sher va qoplon muqaddas totemistik hayvonlar hisoblangan. Tanganing reversida G‘arbiy Turk xoqonligiga xos tamg‘a va uning atrofida sug‘diy yozuvda βγy twn cpγw x’γ’n - “Ilohiy Tun jabg‘u-xoqon” jumlalari o‘rin olgan. Tanganing G‘arbiy Turk xoqonligi hukmdori Tunyabg‘u-xoqon (618-630) tomonidan zarb qilingani aniqlangan. U Xitoy manbalarida davlat markazini Chochga ko‘chirib, hokimiyatini Qora dengiz bo‘ylari, Afg‘oniston, Shimoliy Hindiston, Erongacha yoygan qudratli hukmdor sifatida ta’riflanadi. Tanganing hajmi 2,0 sm, og‘irligi 2,3 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.

VII-asrning ilk choragida Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversda to‘g‘riga yuzlangan hukmdor va malika-xotun tasviri aks etgan. Tanganing reversida G‘arbiy Turk xoqonligiga xos tamg‘a va uning atrofida sug‘diy yozuvida βγy twn cpγw x’γ’n - “Ilohiy Tun jabg‘u-xoqon” jumlalari o‘rin olgan. Tanganing G‘arbiy Turk xoqonligi hukmdori Tunyabg‘u-xoqon (618-630) tomonidan bostirilgani aniqlangan. U Xitoy manbalarida davlat markazini Chochga ko‘chirib, hokimiyatini Qora dengiz bo‘ylari, Afg‘oniston, shimoliy Hindiston, Erongacha yoyilgan qudratli hukmdor sifatida ta’riflanadi. Tanganing hajmi 2,0 sm, og‘irligi 2,3 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.

VI-asr oxiri - VII-asr boshlarida Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida o‘ngga yuzlangan ot, uning ustida yarim oy va Quyosh tasviri aks etgan. Tanganing reversida G‘arbiy Turk xoqonligiga xos tamg‘a va uning atrofida sug‘diy yozuvida ... cpγw x’γ’n - “... jabg‘u-xoqon” jumlalari o‘rin olgan. Tanganing G‘arbiy Turk xoqonligiga oidligi aniqlandi. Chunonchi, “jabg‘u-xoqon” G‘arbiy Turk xoqonligining bosh hukmdorlarining bosh unvoni bo‘lgan. Tanganing hajmi 1,8 sm, og‘irligi 1,7 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.



VI-VII asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida to‘g‘riga qaragan hukmdor tasviri aks etgan. Hukmdor boshi tepasida yarim Oy tasviri o‘rin olgan. Tanganing reversida esa vohaning bir qism tangalariga xos tamg‘a jOy olgan. Tamg‘a atrofida sug‘diy yozuvda pny ’krty c’cynk γwβw z/nyrt – “Choch hukmdori tomonidan zarb qilingan sariq tanga” jumlalari o‘rin olgan. Ushbu tanga Chochning mahalliy sulolasi vakillari tomonidan zarb qilingan deb hisoblanadi. Tanganing hajmi 4 sm, og‘irligi 3 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.

VII-VIII asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida to‘g‘riga qaragan hukmdor tasviri aks etgan. Tanganing reversida esa vohaning bir qism tangalariga xos tamg‘a jOy olgan. Tamg‘a atrofida sug‘diy yozuvda γwβw zyrt – “Hukmdor tomonidan zarb qilingan sariq tanga” jumlalari o‘rin olgan. Ushbu tanga Chochning mahalliy sulolasi vakillari tomonidan zarb qilingan. Biroq tangada hokimiyat ramzlaridan biri bo‘lmish yarim Oy tasvirining uchramasligi, shuningdek, “hukmdor” so‘zi s’synk “Chochning” nisbasi bilan birga kelmaganligi (Choch so‘zi uchramasligi) ushbu sulola avvalgi mavqeini yo‘qotgan davrda bu tipdagi tanga zarb qildirilganidan darak beradi. Tanganing hajmi 1,5 sm, og‘irligi 1 gr. Qanqa xarobasidan topilgan

VII-VIII asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida o‘ngga yuzlangan bars (qoplon) tasviri aks etgan. Ma’lumki, bars qadimda Toshkent vohasining ramzi (totemi) bo‘lgan, deb talqin etiladi. Tanganing reversida esa Choch vohasi tangalarining aksariyatiga xos tamg‘a joy olgan. Tamg‘a ustida so‘g‘diy yozuvda γwβw – “Hukmdor” va tamg‘a tagida esa tk’yn “Tegin” unvoni o‘rin olgan. Ushbu tanga Chochning teginlar sulolasi (605-750) vakillari tomonidan zarb qilingan, deb hisoblanadi. Tanganing hajmi 2,0 sm, og‘irligi 2 gr. Qanqa xarobasidan topilgan

VII-VIII asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversda Choch vohasining aksariyat tangalariga xos panshaxasimon tamg‘a joy olgan. Tamg‘a ostida xoch mavjud. Tanganing reversda sug‘diy yozuvda ikki qator jumla va uning atrofini o‘ragan γwβ tδwn knwn βγ’nwt – “Ilohiy qonun tayanchi hukmdor Tudun” jumlalari o‘rin olgan. Ushbu tanga Choch tudunlari sulolasi (640-750) vakillari tomonidan zarb qilingan. Tanganing hajmi 1,7 sm, og‘irligi 1,8 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.

VII-VIII asrlarda Chochda zarb qilingan mis tanga. Tanganing aversida so‘l tomonga yuzlangan bars (qoplon) tasviri aks etgan. “Hukmdor” ma’nosidagi sug‘diy γwβw so‘zi barsning dumi shaklida ifodalangan. Ma’lumki, bars – qadimda Toshkent vohasining ramzi aks etgan. Tanganing reversda esa Choch vohasi tangalarining aksariyatiga xos tamg‘a jOy olgan. Tamg‘a atrofida sug‘diy yozuvda γwβw – “Hukmdor” va stcry “Sattachari” nisbasi o‘rin olgan. Bu tanga Choch tudunlari sulolasi (640-750) vakillari tomonidan zarb qilingan. Chunki undagi tamg‘a shakli “tudun” unvonli tangalardagi bilan bir xil. Tanganing hajmi 2 sm, og‘irligi 2,0 gr. Qanqa xarobasidan topilgan.


Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Eshov B “O‘zbekistonda davlat va mahalliy boshqaruv tarixi” T.2012

  2. Shamsutdinov R, Karimov Sh, Ubaydullaev O‘ “Vatan tarixi” 2-tom T.2010

  3. “O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi” T.2005

Yüklə 87,29 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin