Bu farazni ikkinchi bo’lib, ustoz Asqad Muxtor dastlab “Tafakkur” jurnalida qisman “Tundaliklar” sarlavhasi bilan bosilgan, keyinchalik 2005 yilda nashr etilgan “Uyqu qochganda” kitobidagi qaydlarning birida quyidagicha bayon etadi:
«O’zbek xalqining nomini O’zbekxon nomi bilan bog’lashadi. «O’zbekxon» o’zi qaerdan kelib chiqqan?
Menimcha, bu so’zning (demak, xalq nomining ham) tarixi juda uzoq. 721 yilda turkiy qabilalarning qurultoyi bo’lgan. Shunda Bilga hoqon o’z nutqini bunday so’zlar bilan boshlaydi:» Ey, turk o’g’iz beklari!» «O’g’iz» u vaqtda «qabila» ma’nosida ishlatilgan. Demak, «O’g’iz begi» — qabila boshlig’i degan so’z. O’g’iz beklari zamonida elning ancha imtiyozli bir qatlami bo’lgan. O’zbeklar turkiylarning ana shu qatlamiga mansub tabaqadan kelib chiqqan, degan farazim bor.»
Uchinchi bo’lib, bu farazni taniqli tarixchi olim, arxitektura fanlari doktori, Sharq mamlakatlari Xalqaro arxitektura Akademiyasining haqiqiy a’zosi Po’lat Zohidov dastlab «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 9-sonida bosilgan «Kun tug’ardin kun botarg’a so’zi etgan zot» maqolasida uchini chiqargan bo’lsa, keyinchalik «Tafakkur» jurnalining 2008 yil 1-sonida bosilgan «Rabg’uziy saodati» maqolasida aniq bayon etadi:
«O’zbek etnogenezi kabi «o’zbek» etnonimi zamirida ham «o’g’uz» so’zi yotgan bo’lishi haqiqatga ko’proq mos keladi. Bu farazni shu bilan ham dalillash mumkinki, Vizantiya solnomalarida kunchiqar tomondan quyundek bosib borgan turkiy o’g’uzlar nomi qisqartirilib «g’uz», «uz» tarzida kayd etilgan. Ya’ni, «uz» — «o’g’uz» so’zining shunchaki ixchamlashgan shakli, xolos. Bu kalom yana bir sof turkiy So’z — «bek» bilan qo’shilib, yangi — «o’zbek» atamasini hosil qilgan ((maqolani to’liq holda mana bu sahifada o’qing)».
To’rtinchi bo’lib bu faraz xususida taniqli adib Tohir Malik o’z veb-sahifasida quyidagicha mulohaza bildiradi:
“O’zbek» atamasi haqida turli fikrlar mavjud. Tarixchi olimlarimiz ta’biricha: «o’zbek” – o’ziga o’zi bek” degani. Yana boshqa ta’birda o’zbek tarixini O’zbekxondan boshlashadi. Bu ikki fikrda ham mantiqiy asos yo’q. Avvalo, er yuzida yashayotgan kattami-kichikmi har bir xalq o’ziga o’zi bek, boshqaga tobe bo’lishni istamaydi. Ikkinchidan, agar tarix O’zbekxondan boshlansa, bu xonga “O’zbek” deb kim ism bergan? Bu ism osmondan olinmagandir. Demak, bu nom, bu atama avval ham bo’lgan.
Men tarixchi emasman, olimlikka ham da’voim yo’q. Biroq, bu xususda qat’iy fikrimga egaman. “Qirg’iz” – qir o’g’uzi, «Gagauz» – ko’k o’g’uz demakdir. Turkiy xalqlarning bobosi O’g’uzxon bo’lganlar. Bu haqda qadim tarix kitoblarida etarli ma’lumotlar bor. Ayni O’g’uzxon davrlarida qavmlarga (oilalarga) nom berilgan: uyg’ur, qorliq, qibchoq, qang’li…(bu tarixga qiziqqanlar Mirzo Ulug’bekning “To’rt ulus tarixi” asaridan bahramand bo’lsalar durust). Bizningcha «o’zbek” – O’g’uz begi demakdir. Ya’ni O’g’uzxon saroyiga yaqin oila shunday atalgan. Bu hol Evropada ham bo’lgan. Masalan, Rossiyada «dvoryanin” degan tabaqa bo’lgan, ya’ni “prilijennio’y k tsarstvennomu dvoru” – podsho saroyiga yaqin bo’lgan kishi. Yana Evropada lord, gersog, baron… kabi tabaqalar borki, barchasi hukmdorga qanchalik yaqinlikni ajratib turadi. O’g’uz beklari ham saroyga shunday yaqin bo’lganlar.
Tarixchi olimlarimiz o’zlarining Yakubovskiy, Bartolt, Bertels kabi ustozlarining aytganlarini mahkam ushlab olmasdan asl manba’larni o’rganib, tahlil qilib fikr yurutsalar durust bo’lardi. Bizning tariximizni o’rganib, kitob yozganlari uchun u zotlardan minnatdormiz. Biroq bu borada bir haqiqat mavjud: bir millat tarixini o’rganib baho berayotgan boshqa millat vakilining bayon etilgan fikrida albatta o’z millati manfaati yotadi. Ana shu manfaat xolislik yo’lini to’sadi.»
* * *
Shuningdek, «o’zbek» so’zi etimologiyasining o’g’uz so’zi bilan bog’liqligi xususida tarixchi olimlar N.Norqulov va O’.Jo’raevlar sakkizinchi sinflarning «O’zbekiston tarixi» darsligida aytib o’tgan nuqtai nazari ham mavjud.
* * *
Yuqoridagi keltirilgan «o’zbek» atamasining kelib chiqishi bilan bog’liq bir farazning bir necha shaxs tomonidan bir xil asosga tayanib bildirilishi bejiz bo’lmasa kerak. Menimcha, bunda aniq bir tarixiy haqiqat namoyon bo’lmoqda.
Keyingi yozuvlarimizda bu xususdagi fikrlarimizni davom ettirish niyati bilan hozircha nuqta qo’yaman.
http://hozir.org
Dostları ilə paylaş: |