O‘zbek tilini o‘qitishning maqsad va vazifalari. Mazkur fan gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar majmuasiga taalluqlu bo‘lib, birinchi kurs talabalari uni I va II semestrlar davomida o‘rganadilar. “O‘zbek tili” fanining asosiy vazifasi talabalarning oliy o‘quv yurtiga kirguncha o‘zbek tilidan o‘rgangan bilimlarini yanada boyitish, o‘z fikr-mulohazalarini o‘zbek tilida o‘gzaki va yozma ravishda erkin bayon eta olish, ish qog‘ozlari yuritishga o‘rgatishdan iborat.
Respublikamizda ta’limni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” talablari asosida mazmun jihatidan yangi o‘quv dasturlari va darsliklar yaratishga qaratilmoqda. Davlat tili maqomiga ega bo‘lgan o‘zbek tilini o‘qitishni ham bugungi davr talablariga javob beradigan darajaga yetkazish ana shunday muhim vazifadir. Mustaqil davlatimizda o‘zbek tilining ijtimoiy mavqeyi tobora ortib borayotganligi, lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarining joriy etilganligi, ish yuritishda to‘liq davlat tiliga o‘tilayotganligi barcha mutaxassislarning millatidan qat’iy nazar, o‘zbek tilini puxta egallashlarini taqozo etmoqda. Shuningdek, uzluksiz ta’limning barcha bosqichlarda, jumladan, oliy o‘quv yurtlarining o‘qish boshqa tilda olib borilayotgan guruhlarda ham o‘zbek tilini o‘rganish yo‘lga qo‘yildi. Shunga ko‘ra, universitet va institutlarda o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘rganishga qaratilgan konsepsiya yaratildi. “O‘zbek tili” fanini (jami 84 soat ajratilgan) o‘qitishning asosiy maqsadi talabalarning o‘zbek tilidan egallagan bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash va yanada kengaytirish, tanlagan ixtisosliklari doirasida davlat tilini puxta bilishlariga yordamlashishi, nutqlarini kasbiy atamalar bilan boyitish, o‘zbek tilidan yuqori darajada nutqiy savodxonlikni ta’minlashga erishishdir.
Ushbu maqsadda o‘qituvchi va talaba oldiga qator vazifalar qo‘yilgan:
- nutqiy kompetensiyani rivojlantirish;
- og‘zaki va yozma nutqda sohaviy terminlarni samarali qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish;
- ixtisoslikka oid matn tuzish, uni tahlil va tahrir qilish malakalarini hosil qilish;
- sohaviy hujjatlarni tuzish, shu jumladan elektron hujjatlarni to‘ldirish va rasmiylashtirish ko‘nikmalarini shakllantirish.
- talabalarga muayyan nutqiy mavzular doirasida zaruriy grammatik bilimlarni berish, ixtisoslik doirasida og‘zaki va yozma nutqni o‘stirish, turlicha tipdagi matnlarni erkin tuza olish malakalarini o‘stirish vazifasini amalga oshirish.