3. Perseptiv qobiliyatlar – bu psixologik kuzatuvchanlik, o‘quvchi shaxsining individual psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda yondoshish, o‘quvchining vaqtinchalik psixik holatlari bilan bog‘liq nozik tomonlarini tushuna bilishdan iborat qobiliyatdir.
4. Nutq qobiliyati – kishining o‘z tuyg‘u-hislarini nutq yordamida, shu bilan birga mimika va pantomimika yordamida aniq va ravshan qilib ifodalab berish qobiliyatidir. Bu o‘qituvchilik kasbidagi muhim hislatlardan biri hisoblanadi. CHunki o‘qituvchidan o‘quvchilarga uzatiladigan axborot asosan ikkinchi signal tizimi – nutq orqali beriladi. Bunda mazmun jihatidan uning ichki va tashqi xususiyatlari nazarda tutiladi. O‘qituvchi nutqi, uning talaffuzi aniq-ravshan, oddiy va o‘quvchilar uchun tushunarli bo‘lishi kerak. Beriladigan axborotlar shunday tuzilishi kerakki, bunda o‘quvchilarning diqqat-e’tibori yuqori darajada faollashtirilishi lozim. Qobiliyatli o‘qituvchining nutqi jonli, obrazli, aniq-ravshan, intonatsiyali va ifodali, emotsiyaga boy bo‘lib, bunda stilistik va grammatik xatolar mutlaqo bo‘lmasligi lozim. Bir xil ohangdagi nutq o‘quvchilarni juda tez toliqtiradi. SHu bilan birga bunday nutq I.P. Pavlovning fiziologik ta’limotiga ko‘ra, doimiy ta’sir etuvchi qo‘zg‘atuvchiga aylanib, bosh miya katta yarim sharlar po‘stlog‘ida tormozlanish jarayonini yuzaga keltiradi va o‘quvchida diqqat tarqalishiga sabab bo‘ladi. Nutq tezligi ko‘p jihatdan o‘qituvchining individual psixologik xususiyatlariga bog‘liq .
SHoshqaloq nutq bilim o‘zlashtirishga halaqit berib, bolalarni tez toliqtiradi va muhofaza qiluvchi tormozlanishni yuzaga keltiradi. O‘ta sekin nutq lanjlik va zerikishga sabab bo‘ladi. Nutqning balandligi - qattiq gapirish ham xuddi shu singari hollarga olib keladi. Haddan tashqari qattiq, keskin, baqirib gapirish o‘quvchilarning asabiga tegib, ularni tez toliqtiradi.