22.09.1994. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi
45 -modda. Majburiy jamoat ishlari Majburiy jamoat ishlari mahkumni haq to‘lanmaydigan foydali jamoat ishlarini
bajarishga majburiy tarzda jalb qilishdan iboratdir. Mahkum ishlayotgan yoki o‘qiyotgan
bo‘lsa, majburiy jamoat ishlari ishdan yoki o‘qishdan bo‘sh vaqtda o‘taladi.
Mahkumlar majburiy jamoat ishlarini o‘tashi mumkin bo‘lgan joylar (obyektlar) va
majburiy jamoat ishlarining turi mazkur jazoning ijrosini nazorat qiluvchi organlar
tomonidan belgilanadi.
Majburiy jamoat ishlari bir yuz yigirma soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha bo‘lgan
muddatga tayinlanadi va olti oy davomida kuniga to‘rt soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqtda,
mahkumga bog‘liq bo‘lmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda esa, bir yilgacha bo‘lgan
muhlatda kuniga to‘rt soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqtda o‘taladi.
Oldingi tahrirga qarang. Majburiy jamoat ishlari pensiya yoshiga yetgan shaxslarga, o‘n olti yoshga to‘lmagan
shaxslarga, homilador ayollarga, uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va
ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, harbiy xizmatchilarga, chet el fuqarolariga va
O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
(45 -moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi O‘RQ-770- sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son) Mahkum jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan taqdirda, sud majburiy jamoat ishlarining
o‘talmagan muddatini majburiy jamoat ishlarining to‘rt soatini ozodlikni cheklashning yoki
ozodlikdan mahrum qilishning bir kuniga tenglashtirgan holda hisoblab, ozodlikni
cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi. Jazoni
o‘tashdan bo‘yin tovlanilgan vaqt jazoning o‘talgan muddatiga qo‘shib hisoblanmaydi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-maydagi 346-sonli “Ma’muriy jamoat ishlari tariqasidagi jazoning ijrosini tashkil etish tartibi haqidagi nizomni hamda Majburiy jamoat ishlari turlarining ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori . (45 -modda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi O‘RQ-421-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — O‘R QHT, 2017-y., 13-son, 194-modda)