IKKINChI BO‘LIM JAVOBGARLIK ASOSLARI III bob. Jinoyat 14-modda. Jinoyat tushunchasi Ushbu Kodeks bilan taqiqlangan, aybli ijtimoiy xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik)
jazo qo‘llash tahdidi bilan jinoyat deb topiladi.
Ushbu Kodeks bilan qo‘riqlanadigan obyektlarga zarar yetkazadigan yoki shunday zarar
yetkazish real xavfini keltirib chiqaradigan qilmish ijtimoiy xavfli qilmish deb topiladi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeks 2-moddasining birinchi qismi . 15-modda. Jinoyatlarni tasniflash Jinoyatlar o‘z xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan;
uncha og‘ir bo‘lmagan; og‘ir; o‘ta og‘ir jinoyatlarga bo‘linadi.
Oldingi tahrirga qarang. Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ko‘p
bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar,
shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga
ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.
Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ortiq, lekin
besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan
jinoyatlar, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq muddatga
ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.
(15-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustdagi 254-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 165-modda) Og‘ir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p
bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.
Oldingi tahrirga qarang. O‘ta og‘ir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan
mahrum qilish yoxud umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.
(15-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 11-iyuldagi O‘RQ-99-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 6-son, 248-modda)