19-modda. Mastlik holatida sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik Oldingi tahrirga qarang. Mastlik holatida yoki giyovandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki odamning
aql-irodasiga ta’sir etuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida jinoyat sodir etgan shaxs
javobgarlikdan ozod qilinmaydi. Bunday holat shaxsni aqli noraso deb topish uchun asos
bo‘lmaydi.
(19-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 22-oktabrdagi O‘RQ-503-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.10.2018-y., 03/18/503/2080-son) V bob. Ayb 20-modda. Aybning shakllari Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmishni qasddan yoki ehtiyotsizlik
orqasida sodir etgan shaxs jinoyat sodir etilishida aybdor deb topilishi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 21 va 22-moddalari . 21-modda. Qasddan sodir etilgan jinoyat Ushbu Kodeks moddasida jinoyat tamom bo‘lgan payt ijtimoiy xavfli qilmish bajarilgan
vaqt deb hisoblangan bo‘lib, uni sodir etgan shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini
anglagan va shunday qilmishni sodir etishni istagan bo‘lsa, bunday jinoyat qasddan sodir etilgan
deb topiladi.
Ushbu Kodeks moddasida jinoyat tamom bo‘lgan payt ijtimoiy xavfli oqibat yuz bergan
vaqt deb topilgan qilmishlar to‘g‘ri yoki egri qasddan sodir etilgan bo‘lishi mumkin.
Agar shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, uning ijtimoiy xavfli
oqibatlariga ko‘zi yetgan va ularning yuz berishini istagan bo‘lsa, bunday jinoyat to‘g‘ri qasddan
sodir etilgan deb topiladi.
Agar shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, uning ijtimoiy xavfli
oqibatlariga ko‘zi yetgan va ularning yuz berishiga ongli ravishda yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, bunday
jinoyat egri qasddan sodir etilgan deb topiladi.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004-yil 24- sentabrdagi 13-sonli “Qasddan odam o‘ldirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 2- bandi , O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 27-iyundagi 6-sonli “Badanga qasddan shikast yetkazishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 3-bandi .