22.09.1994. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi
76-modda. Amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilish Hukm etilgan shaxs amnistiya akti yoki afv etish asosida asosiy va ijro etilmagan qo‘shimcha
jazolardan ozod qilinishi yoxud jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinishi yoki unga
tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismi yengilroq jazo bilan almashtirilishi mumkin.
Agar amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod
qilish yoxud jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanilgan shaxs jazoning o‘talmay qolgan qismi
mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etsa, sud unga ushbu Kodeksning
60-moddasida
nazarda
tutilgan qoidalar bo‘yicha jazo tayinlaydi.
Oldingi tahrirga qarang. Afv etish to‘g‘risidagi iltimosnoma umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxs
tomonidan u tayinlangan jazoning yigirma besh yilini haqiqatda o‘tab bo‘lganidan keyin, agar
jazoni o‘tash davrida mahkum qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tgan, belgilangan tartibni buzganlik uchun
intizomiy jazo olmagan, mehnat va o‘qishga nisbatan vijdonan munosabatda bo‘layotgan,
tarbiyaviy tadbirlar o‘tkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan jazoning yigirma
yilini haqiqatda o‘tab bo‘lganidan keyin berilishi mumkin.
Afv etish to‘g‘risidagi iltimosnoma uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm
etilgan shaxs tomonidan u tayinlangan jazo muddatining yigirma yilini haqiqatda o‘tab bo‘lganidan
keyin, agar jazoni o‘tash davrida mahkum qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tgan, belgilangan tartibni
buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan, mehnat va o‘qishga nisbatan vijdonan munosabatda
bo‘layotgan, tarbiyaviy tadbirlar o‘tkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan
jazoning o‘n besh yilini haqiqatda o‘tab bo‘lganidan keyin berilishi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 536 -moddasi , O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 140 , 166-moddalari , O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018- yil 8-maydagi PF-5439-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom . LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 22- dekabrdagi 16-sonli “Sudlar tomonidan amnistiya aktlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori , O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 15-sonli “Umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 9 va 10-bandlari . (76-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 11-iyuldagi O‘RQ-99-sonli Qonuni asosida uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 6-son, 248- modda)