O‘zbek tilining tovush tizimi va yozuvi. O‘zbek tili yozuvi fonematik yozuv hisoblanadi. 1993 yildan boshlab o‘zbek tili yozuvi uchun lotin grafikasi asos qilib olindi. Nutqning har bir tovushi uchun unga mos grafik shakl qabul qilindi.
O‘qituvchi savod o‘rgatish jarayonida o‘quvchilarni tovush va harflar bilan tanishtirishda, ularni sintezlab o‘qishga o‘rgatishda o‘zbek tilining fonetik xususiyatlarini hisobga olishi zarur.
Savod o‘rgatish analitik-sintetik tovush metodiga asosan olib boriladi. So‘z bo‘g‘inga bo‘linadi, bo‘g‘indan kerakli o‘rganilayotgan tovush ajratilib olinadi, tahlil qilinadi, o‘rganiladigan harf bilan sintezlanadi, shu asosda harf va butun o‘qish jarayoni o‘zlashtiriladi. Bunda o‘zbek tili grafik tizimi, tovushlarni yozuvda belgilash xususiyatlari hisobga olinadi. Savod o‘rgatishda o‘zbek tili grafik tizimining quyidagi xususiyatlarini hisobga olish muhim ahamiyatga ega:
Savod o‘rgatishda tovush-harf bilan tanishtirish unlilardan boshlanadi. Hozirgi o‘zbek tilida 6 ta unli fonema mavjud: a, o, i, e, u, o‘.
E harfi so‘z va bo‘g‘in boshida qo‘llanadi (ekin, echki, aeroplan), undoshdan keyin o‘rta keng lablanmagan unli tarzida o‘qiladi (kel, tez). Savod o‘rgatishda oldin so‘z boshida keladigan e, so‘ngra undoshdan keyin keladigan e tovush-harfi bilan tanishtiriladi.
O harfi o‘zbekcha, umumturkiy so‘zlarda quyi keng, lablangan o tovushini ifodalaydi, ruscha-baynalmilal so‘zlarda urg‘usiz bo‘g‘inda a tarzida (botanika), o‘ tovushi kabi (tonna), qisqa i tarzida (traktor) talaffuz qilinadi. Shuning uchun bu unli qatnashgan ruscha-baynalmilal so‘zlar savod o‘rgatish davridan so‘ng o‘quv jarayoniga kiritiladi.
A tovushi bahor,savolkabi so‘zlarda o kabi, muomala,munosabatkabi so‘zlarda i tovushiga yaqin talaffuz qilinadi, lekin a yoziladi.