Umuman olganda, hozirgi davrda mafkuraviy tahdidlar namoyon bo‘lishining xususiyatlari tahlili qo‘yidagi xulosalarni chiqarish imkonini beradi. Birinchidan, mafkuraviy tahdidlar mohiyat e’tibori bilan shaxs, ijtimoiy guruh, millat va jamiyatning erkinligi, barqaror taraqqiyotiga qarshi qaratilgan bo‘lib, g‘arazli siyosiy va geosiyosiy manfaatlarning in’ikosi hisoblanadi. Vayronkor xarakterga ega bo‘lgan bunday tahdidlar sub’ekt ongi va qalbiga yo‘naltirilganligi, mazmun va shakl jihatidan xilma-xilligi bilan ajralib turadi.
Ikkinchidan,mafkuraviy tahdidlar global xarakter kasb etmoqda. Bu bir tomondan ijtimoiy hayotning barcha sohalari ana shunday tahdidlar ostida qolayotgani, ikkinchi tomondan, strategik maqsadlarni, taktik vazifalarni amalga oshiradigan va puxta ishlab chiqilgan xalqaro institutsional tizim shakllanayotganida ham yaqqol ko‘rinadi.
Uchinchidan,mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurash, ularning oldini olish yuksak ma’naviyatni shakllantirish, g‘oyaviy-mafkuraviy jarayonlar mohiyatiga keng jamoatchilik e’tiborini jalb etish zarurligini ko‘rsatadi. Bu ob’ektiv voqelikka aylangan global mafkuraviy tahdidlarning ijtimoiy jarayonlar sub’ektiga qarshi qaratilgani va ularning oldini olish shu sub’ektlarning faolligini oshirishning, sodir bo‘layotgan jarayonlarga daxldorlik va aktiv aks munosabatini shakllantirishning hayotiy-amaliy ahamiyatga egaligi bilan belgilanadi.
To‘rtinchidan, milliy mafkuraning mohiyatini ifodalovchi g‘oyalar jamiyatdagi barcha ijtimoiy qatlamlar, demografik guruhlar manfaatini aks ettiradi. SHundan kelib chiqqan holda, ularning to‘g‘ri anglanishi, chuqur o‘zlashtirilishi va faoliyat motiviga aylanishi differensial yondashuvni taqozo qiladi va g‘oyaviy targ‘ibot-tashviqotning samaradorligini belgilaydi.
Beshinchidan, yoshlar o‘ziga xos ehtiyoj va manfaatlar, qiziqish va intilishlarga ega ijtimoiy qatlam hisoblanadi. Mamlakatning istiqboli ularning ma’naviy etukligi va kamolotiga bog‘liq ekan, bu ularni bunyodkor g‘oyalar bilan bir qatorda vayronkor mafkuralarning mohiyati, keltirib chiqaradigan tahdidlari, ularning oldini olish yo‘llari, vositalari va mexanizmlarini o‘z ichiga olgan g‘oyaviy dasturlar bilan qurollantirish davlatning yoshlarga doir siyosatining ustuvor strategik vazifasiga aylanishi zarurligini ko‘rsatadi.
Oltinchidan, yoshlarning mustaqil dunyoqarashini, yuksak ma’naviyatini shakllantirish ularda vayronkor g‘oyalarga qarshi barqaror mafkuraviy immuniteti mustahkamlashning muhim sharti, sog‘lom oilaviy muhit esa kamol topayotgan yosh avlod ongi va qalbiga ezgu g‘oyalar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirishning muhim institutsional asosidir.
Ettinchidan, mafkuraviy tahdidlar aniq makon va zamon xarakteristikasiga ega. Bu g‘oyaviy kurashda mahalla va oila instituti hamda ta’lim-tarbiya tizimining imkoniyatlaridan oqilona foydalanish zarurligini ko‘rsatadi. Mahalla g‘oyaviy targ‘ibot-tashviqotni konkret sharoit va vaziyatdan, aholining ijtimoiy ahvolidan, ta’lim tizimi yoshlarning bilim, ko‘nikma va malakasiga xos xususiyatlardan kelib chiqqan holda tashkil etish, xalqimizga xos jamoaviylik va jamoaviy ta’sir ko‘rsatish mexanizmlaridan foydalanish uchun zamin yaratadi.