2-§.Adabiy til va shevalar. Jamiyatning tilga va tilning jamiyatga ta’siri. Tillarning chatishuvi masalasi. So‘zlashuv tilining boshqa til shakliga nisbatan o‘ziga xos xususiyatlari, tomonlari, shakllanish va ta’rifi, ayniqsa, atamasi kabi masalalarda anchagina munozarali fikrlar bor. Tilshunoslikda “so‘zlashuv” tilining atamasi uzil-kesil hal etilgan emas. Jumladan, bu tushuncha bilan bog‘liq bo‘lgan “so‘zlashuv tili”, “jonli so‘zlashuv tili”, “adabiy so‘zlashuv tili”, “og‘zaki so‘zlashuv tili”, “xalq og‘zaki tili”, “jonli xalq tili” kabi shakllardagi atamalar to‘g‘risida aytilgan fikr va mulohazalar fikrimiz dalilidir. Ba’zan bu atamalar ifodalagan tushunchaning nutqiy hodisalariga qarab, ilmiy manbalarda “so‘zlashuv nutqi”, “jonli so‘zlashuv nutqi”, “kundalik so‘zlashuv nutqi”, “og‘zaki nutq” kabi qator atamalar bilan yuritilganligini kuzatamiz. Bu haqda B.O‘rinboyevning “O‘zbek tili so‘zlashuv nutqi sintaksisi masalalari” kitobida batafsil fikr bildirilgan.
Olim o‘z kitobida ilmiy adabiyotlardagi bu atamalar haqida bayon etilgan fikr-mulohazalarni birma-bir tahlil etib, bu borada ma’lum bir xulosaga kelgan [B.O‘rinboyev, 1974: 12-13]. Lekin, bu haqda ba’zi bir mulohazalar ham bor. Jumladan, “so‘zlashuv nutqi” atamasi o‘rnida ko‘pchilik ilmiy adabiyotlarda qo‘llanilgan “jonli so‘zlashuv nutq” yoki “jonli so‘zlashuv tili” atamasidan birini qo‘llash ma’qulroq deb o‘ylaymiz. Buni quyidagicha izohlash mumkin: “so‘zlashuv nutqi” til taraqqiyotining oldingi davrlardagi shakl qanday tarzda aks etganligini kuzatib bo‘lmaydi. Uni faqat yozma manbalardagina qisman aks etganligini kuzatish mumkin. Bu atama nisbatan mavhum va umumiylikka ega. “Jonli so‘zlashuv tili” esa hozirgi, ya’ni ob’ekt va sub’ektning muloqoti davom etayotgan payt, ko‘z o‘ngida suhbatlashish mavjud bo‘lganligi uchun u haqda to‘liq tasavvurga ega bo‘lishi mumkin. Bizningcha, har ikkala holatni ham bitta atama bilan qo‘llash qulayroqdir.
To‘g‘ri, B.O‘rinboyev “so‘zlashuv nutqi” atamasini qo‘llashni behuda tanlamagan. Bu fikrni ham ko‘pgina olimlar ma’qul topishgan.
Haqiqatdan ham, “so‘zlashuv tili”, qayd etilganidek, inson tilning nutqiy shakl, og‘zaki ko‘rinishidir. Ammo, har bir nutq til bilan ifodalanadi, tilning og‘zaki shakli sanaladi, tilsiz nutqning bo‘lishi mumkin emas. Til barcha xildagi so‘zlashuv ko‘rinishlarini - xoh u og‘zaki bo‘lsin, xoh u yozma shaklda bo‘lsin –o‘zida mujassamlashtirgan asosiy manba sanaladi. Til va nutq bir-biriga bog‘liq hodisalardir. Ularni bir-biridan tamoman ajratib qarash asossizdir. Lekin ular bir xil hodisa emas. Til nutq uchun moddiy materialdir. Shu material asosida nutq tashkil topadi.
Tildagi hamma narsa til jamoasi uchun umumiy bo‘ladi. Tilda ruhiy va moddiy material mavjud. Fonema, morfema, leksema (so‘z) kabilar kishi xotirasida mavjud bo‘lgan obrazlar, ruhiy material hisoblanadi. Nutq yaratilayotgan yaratilishi yoki yuzaga chiqishi uchun ma’lum tovush to‘plami (kompleksi)da namoyon bo‘ladigan ma’no ifodalashda qo‘llanadigan fonemalar, morfemalar, so‘z shakl, so‘z birikmalari va gaplar unga moddiy material sanaladi. Bu moddiy material hamisha til qobig‘ida, ongda saqlanadi. Bundan til bir tomondan moddiy hodisa bo‘lsa, ikkinchi tomondan ruhiy hodisadir, degan xulosa kelib chiqadi.
Tilning ruhiy hodisaligini uning ongda saqlanishi ko‘rsatadi. Uning moddiyligini esa nutq jarayonida yuzaga keluvchi mavjud tovushlar belgilaydi. Biz xotiramizda saqlangan qoidalardan tezkorlik bilan foydalanib, biror fikrni yuzaga chiqarish uchun so‘zlar va grammatik ma’no tashuvchi morfemalardan so‘z shaklni va gaplarni hosil qilamiz.
Masalan, miyamizda noxosdan biror bir hodisa yoki narsani bilish fikri tug‘ildi, deylik. Miyamizda yuzaga kelgan bu fikr savol tariqasida yuzaga chiqadi. Bu fikrni aytish jarayonida ongimizdagi alohida fonema, morfemalarni qabul qilib so‘z shaklga-leksemalarga aylanadi va gap tartibi shaklanadi. Til ruhiy hodisadan moddiy hodisaga aylanadi. Bu jarayon tugashi bilan tilga tegishli narsalar (materiallar) yana alohidalik holiga (alfavit tartibidagi tovushlarga) qaytadi va ongimizda so‘z boyligi tarkibini hosil qiluvchi til materiali tarzida saqlanaveradi.
Demak, ma’lum til jamoasidagi kishilar ongida tovush obrazlari sifatida saqlanadigan va hamma vaqt haqiqatga aylanishga tayyor turgan fonema, morfema, leksema (so‘z), gap va ular bilan bog‘liq bo‘lgan turli lisoniy qoidalar, gaplarning modellari tilga tegishlidir. Tilga oid narsalar chegaralangan miqdordadir. Ularning soni turli tillarda turlicha bo‘ladi.
Qaysi tilda til vositalari nisbatan ko‘p bo‘lsa, o‘sha til boy hisoblanadi. Jamoa hayotining butun sohalarini o‘zida qamragan til jamiyat taraqqiyoti bilan rivojlanib boradi. Jamiyat ehtiyojiga javob bermay qolgan til elementlari iste’moldan chiqa boradi, ular o‘rnida yangi ifoda vositalari paydo bo‘ladi. Tilda paydo bo‘lgan yangi narsalar dastlab ayrim jamoa shaxslari nutqida ko‘rinadi, so‘ng asta-sekinlik bilan butun jamoa ongiga singadi. Ana shundan keyin, uni hamma bir xil anglaydigan, talaffuz etadigan bo‘lgach, u umumtil ixtiyoriga o‘tadi. Bunday hodisalar avval so‘zlashuv tilida namoyon bo‘ladi. “So‘zlashuv tili” qadimdan mavjud bo‘lib, uning qadimiy shakl faqat tarixiy Yozma manbalarda va xalq og‘zaki ijodiyotidagina saqlanib qolgan. Hozirgi shakl mavjud nutqimizda “jonli so‘zlashuv tili” shaklda qo‘llanib kelinmoqda. Demak, “so‘zlashuv tili” tushunchasida umumiylik (qadimgi va hozirgi), “jonli so‘zlashuv”da esa faqat hozirgi, ko‘z o‘ngimizda mavjud bo‘layotgan tushuncha anglashiladi.