Fan dasturi Ishchi-o’quv dasturi MA’RUZA MASHG’ULOTLARI MATERIALLARI
1-ma’ruza. Mavzu: «Tilshunoslik nazariyasi» fanining maqsad va vazifalari Reja:
1.Tilshunoslik - mustaqil fan sifatida.
2.Tilning ijtimoiy, biologik, fiziologik tabiati.
3.Til - kishilar o’rtasidagi aloqa quroli sifatida.
4.Vilgelm fon Gumboldt va Ferdinand de Sossyurlarning til va tilshunoslik fanining o‘rganish sohasidagi fikrlari.
1-§. Tilshunoslik mustaqil fan sifatida.
Tilshunoslik nazariyasi fani tilshunoslikning ilmiy -nazariy tomonlarini o‘rganadigan fandir. Tilshunoslik nazariyasi fanida tilning paydo bo‘lishidan boshlab, tillarning tasnifi, uni tahlil qilish usullari hamda til va tafakkur, til va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar, tilning ichki tuzilishi, tilning ijtimoiyligi kabi masalalargacha o‘rganiladi. Uzoq yillar davomida tilshunoslik fani boshqa bir qancha fanlar qurshovida o‘rganilib kelindi. Birinchi bor F.de Sossyur o‘z ta’limotlarida tilni boshqa fanlar emas, o‘zining o‘rganadigan alohida fani bo‘lishi kerak, bu fanning nomi tilshunoslik deb nomlanishi lozim, degan g‘oyani ko‘tarib chiqdi. Bu nazariya tilshunoslikning mustaqil fan sifatida shakllanishiga turtki bo‘ldi.
Haqiqatdan ham, til kishilik jamiyati mahsuli bo‘lib, jamiyatda kishilarning aloqa qilishiga xizmat qiladigan ijtimoiy hodisadir. Til ayrim shaxslardagina emas, balki jamiyat uchun xizmat qilishida namoyon bo‘ladi. U insoniyatning tarixiy taraqqiyot jarayonida yaratgan barcha madaniy-ma’naviy va ilmiy boyliklarini ifodalaydigan, uni avloddan avlodga meros qoldiradigan asosiy vositadir.
F.de Sossyur umumiy tilshunoslik to‘g‘risidagi o‘z mulohazalarini bu fanning obyektini chegaralashga urinishdan boshlaydi. Uning yozishicha, tilshunoslik ob’ektini chegaralashda tadqiqotchining pozitsiyasi, ilmiy nuqtai nazari g‘oyat katta ahamiyat kasb etadi. Ko‘p tilshunoslar tilni biror hodisa (tafakkur, milliy ruh va hakazo)ning funksiyasi deb tushunadi va tilni shu hodisaga bo g‘lab o‘rganadi. F.de Sossyurning fikricha, bu – noto‘g‘ri. Til o‘z qurilishiga ega bo‘lgan tamomila mustaqil hodisadir [I.Qo‘chqortoyev, 1976: 5].
Biz bu fikrlarga to‘liq qo‘shilgan holda, tilni boshqa fanlardan ajratgan holda o‘z nazariy asoslariga tayanib o‘rganishning tarafdorimiz. Til nazariyasi fani bu borada, ko‘plab muammolarni hal qilib berishi lozim.
Tilning tabiati, mohiyati, kishilik jamiyatida bajaradigan vazifasi, tuzilishi va bu strukturani tashkil etgan unsurlarining o‘zaro munosabati, uning ichki mexanizmi, ishlash tamoyillari kabi muhim masalalarni ilmiy o‘rganishni har taraflama tadqiq etishni talab etadi.
Tilshunoslik – tilning ijtimoiy tabiati, vazifasi, ichki tuzilishini, tillarning ish ko‘rish (faoliyat) qonunlari va tarixiy taraqqiyotini o‘rganuvchi fan. Demak, tilshunoslik inson tilini o‘rganadigan mustaqil fandir [N.Uluqov, 2016: 6].
Tilshunoslik yoki lingvistika (lotin tilida lingua - til) til nazariyasini o‘rganish bilan shug‘ullanadigan fan bo‘lib, u “Tilshunoslikka kirish” va “Umumiy tilshunoslik”, “Tilshunoslik tarixi” kabi nomlar bilan ataladigan mustaqil qismlardan tashkil topgan.
Tilshunoslik fanining pridmeti, o‘rganish manbayi o‘z ichki qonuniyatlariga ega bo‘lgan murakkab tizim – tildir. Tilning o‘ziga xos xususiyatlarini, taraqqiyot qonuniyatlarini o‘rganish mazkur ijtimoiy hodisaga har tomonlama to‘liq ta’rif berish imkonini yaratadi. Til umumiy qonuniyatga bo‘ysunuvchi o‘ziga xos ramzlar tizimi bo‘lib, kishilik jamiyatidagi aloqa - munosabatning eng muhim quroli, fikr ifodasi hamda fikr yuritish asosi, voqelikni avloddan-avlodga yetkazuvchi, insoniy kechinmalarni, his–tuyg‘ularni ifoda etuvchi vositadir. Tilshunoslik tarixida tilga turlicha yondashuvlarni kuzatish mumkin [Z.Xolmonova, 2007: 5]. Darahaqiqat, til bugungi holga kelguncha turlicha yondashuvlar qamrovida o‘rganildi. Tilga berilgan yagona ta’rifning yo‘qligi ham shundan dalolat beradi. Yagona ta’rif kerak ham emas, harxolda to‘liq ta’rif berish va tilshunoslikka mustaqil fan sifatida qarashimiz juda muhim.
“Tilshunoslikka kirish” umumiy tilshunoslikning ajralmas qismi sifatida til haqidagi dastlabki ma’lumotlarni, tilshunoslik fanining asosiy tarkibiy qismlarini, tilshunoslikda qo‘llanadigan ilmiy atamalarni va xususiy tilshunoslikda o‘rganiladigan masalalarni, masalan, ingliz tilining grammatikasi (morfologiya va sintaksis), fonetikasi, leksikologiyasiga xos masalalarni o‘rganish uchun nazariy asos yaratishga imkon beradi. Shuningdek, tilshunoslik tarixi sohasida mavjud bo‘lgan ilmiy dunyoqarashlarning, turli ilmiy maktablarning shakllanishi va rivojlanishi, umuman olganda, til taraqqiyotining dinamikasi o‘rganiladi.
“Umumiy tilshunoslik” til ilmiga xos bo‘lgan umumiy masalalarni o‘rganadigan mustaqil fan bo‘lib, u quyidagi nazariy muammolar talqini bilan shug‘ullanadi:
1.Tilshunoslikning predmetini, ya’ni o‘rganish sohasini va vazifasini belgilash muammosi.
2.Tilning paydo bo‘lishi va taraqqiyot qonunlari muammosi.
3.Til strukturasi, ya’ni tilning ichki tuzilishi muammosi.
4.Tilning o‘ziga xos sistema-tizim ekanligi muammosi.
5.Tilning belgilik muammosi.
6.Til va tarix muammosi.
7.Til va jamiyat muammosi.
8.Tilning tabiati va ijtimoiy mohiyati muammosi.
9.Til va tafakkur muammosi.
10.Til va nutq muammosi.
11.Til tipologiyasi va universallik muammosi.
12.Tillarning tasnifi muammosi.
13.Tilni tadqiq qilish metodlari muammosi va boshqa muammolar.
Umumiy tilshunoslik xususiy tilshunoslikda erishilgan nazariy bilimlarni umumlashtirib, ayrim konkret tillarni ilmiy o‘rganish metodologiyasini va ilmiy metodlarini belgilab beradi.
“Umumiy tilshunoslik” fani, dastavval, talabalarni nazariy jihatdan tayyorlash uchun, ularni shu yo‘nalishda puxta, “hushyor” qilish uchun zarur. Nazariy masalalar bilan mukammal qurollangan talablargina tom ma’nodagi filolog – tilshunos sifatida shakllanadi [R.Rasulov, 2017: 8].
Ma’lumki, jamiyat tarixiy taraqqiyoti jarayonida sodir bo‘lgan voqeahodisalar tilda aks etmay qolmaydi. “V.Gumboldtning tilshunoslik oldidagi yana bir xizmati shundaki, u jahon tilshunosligida birinchilardan bo‘lib tilning sistemaviy tabiatga ega ekanligini asoslab berdi. U “Tillarni turli rivojlanish davriga ko‘ra qiyoslab o‘rganish” asarida har qanday tilni ichki aloqalari va munosabatlarini e’tiborga olgan holda o‘rganish tilshunoslik oldida turgan eng muhim vazifa ekanini bayon qiladi. V.Gumboldt fikricha, tilda hech qanday alohidalik yo‘q, uning har bir alohida elementi butunning bir qismini namoyon qiladi. U tilni har bir tolasi boshqasi bilan zanjir bo‘lib choklangan ulkan to‘qimaga o‘xshatadi. Tildan foydalanayotgan har bir individ bu ulkan to‘qimaning faqat bir qismi bilan ish ko‘rsa ham, lekin bu qism boshqalari bilan muqarrar aloqa hamda ichki munosabatlar garmoniyasidan iborat bo‘lgangi uchun butun bir to‘qima o‘laroq namoyon bo‘ladi.
V.Gumboldt tilning sistemaviy tabiatga egaligini e’tirof etish bilan birga, uning belgilar sistemasi ekanini ham bayon qiladi.” [A.Nurmonov, 2012: 28]. Shu bois til haqidagi bilim ham o‘ziga xos tarixga ega.