2-§. Tilning ijtimoiy, biologik, fiziologik tabiati. Qayd etish lozimki, til kishilik jamiyatida yaratilgan bo‘lib, aloqa vositasi sifatida xizmat qiladigan ijtimoiy hodisadir. Uning ijtimoiy tabiati ayrim shaxsga emas, balki jamiyat uchun xizmat qilishda namoyon bo‘ladi. Bir kishi jamiyatdan uzilib qolsa til kerak bo‘lmay qoladi. Til bo‘lmasa, bilimlarimiz, to‘plagan tajribalarimiz kelajak avlodga etib bormaydi. Til insoniyatning tarixiy taraqqiyoti jarayonida yaratgan barcha madaniy va ilmiy boyliklarini ifodalaydigan va avloddan avlodga meros qoladigan asosiy vositadir. Shu bois tilshunoslik tarixini o‘rganish til haqidagi bilim darajamizni boyitibgina qolmay, katta tarbiyaviy ahamiyatga ham egadir.
Umuman, boshqa fanlar singari tilshunoslik fanining tarixini ham mustaqil fan sifatida o‘rganish zarurdir. Til tarixi haqida hech bo‘lmaganda, o‘rtacha bilimga ega bo‘lmay turib, bugungi tilshunoslikning erishgan yutuqlari va uning oldida turgan muammolarni o‘rganib bo‘lmaydi.
Tilshunoslik fani katta tarixiy jarayonni bosib o‘tdi. Bu borada, ayniqsa, qadimgi hind, yunon, xitoy, arab tilshunosliklari tarixini o‘rganish qimmatli ma’lumotlar beradi. Bu tilshunosliklar tarixi ancha qadim davrlar bilan o‘lchanadi. Bundan tashqari, tilshunoslik fanining ba’zi tomonlari psixologiya, etnografiya, antropologiya, geografiya, matematika, fizika kabi fanlar bilan ham uzviy bog‘liq bo‘ladi. Tilshunoslikning bu fanlar bilan aloqasini o‘rganish hali ham o‘z me’yoriga yetgan emas. Xususan, tilshunoslikda, “til va nutq” dixotomiyasiga asoslangan tadqiqot ishlari anchagina bo‘lishiga qaramay, til belgilarining nutqqa ko‘chirilishi bilan bog‘liq muammolar endigina o‘rganilmoqda. Bu sohada izohlanishi lozim bo‘lgan masalalar hali ko‘p.
Tilning biologik hodisa ekanligi haqida “Yosh grammatikachilar“ning fikrlari. Yosh grammatikachilar tilni indivudial psixofiziologik hodisa deb qaradilar. Til odamlarning ongida yashaydi, boyiydi va taraqqiyot qiladi, deb tushuntirdi. Ular o‘z davridagi olimlarning tilni qiyosiy-tarixiy o‘rganuvchilariga qarshi chiqib, jonili tilni ya’ni tilning bugungi holatini o‘rganishni targ‘ib qildi. Shunday bo‘lishi ga qaramasdan ular ham o‘z o‘rnida til tarixiga ham murojaat qildi. Yosh grammatikachilar yo‘nalishining shakllanishi K.Brugman, G.Ostxaf, G.Paul, V.Delbryuk, A.Leskin singari Leypsig universiteti olimlari nomi bilan bog‘liqdir. Shu sababli, Yosh grammatikachilar maktabini Leypsig maktabi deb ham nomlanadi.
Yosh grammatikachilar tilning individual psixologik faoliyatini tilda paydo bo‘ladigan yangi hodisalarning psixik hodisalar bilan bog‘iliqligida deb bildi.
Tilning fiziologik tomonini esa tildagi fonetik o‘zgarishlar orqali ko‘rinishini ta’kidladilar. Shu sababli ular ko‘proq fonetikani o‘rganishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ydi. Keyingi bo‘lim morfologiya va sintaksisga kam ahamiyat berdilar.
Til birliklarini bir-birlaridan ajratib olib alohida o‘rganishni targ‘ib qildilar. Shundagina har bir birlikni keng va batafsil o‘rganish mumkin deb yondoshdilar. Bu yosh gramatikachilar ta’limotida “atomizm” deb qaraldi. Bu fikrlari bilan tilni sistem sifatida o‘rganuvchilarning qarashlariga qarshi chiqdilar.
Til qoida-qonunlarini anglash uchun ba’zi bir tushunchalarga e’tibor berish lozim bo‘ladi. Bular til sistemasi, me’yori va belgilaridir. Jumladan, til sistema sifatida mavjud deb qaraladi. Sistema o‘zi nima? Degan savol tug‘ilishi mumkin. Ushbu savol bo‘yicha adabiyotlardan birida quyidagicha fikr mavjud: “Sistema deb o‘zaro ichki ziddiyat (oppozitsiya)ga ega bo‘lgan hodisalarning guruhlanishiga aytiladi. Har bir sohaning o‘ziga xos guruhlari sistemasi bor. Masalan, fonetikaning o‘ziga xos birliklari bor yoki morfologiyadagi har bir konkret forma ziddiyatli sistemasiga ega. Chunonchi, o‘zbek tilida –(i)m, -(i)ng, -i/si; -(i)miz, -(i)ngiz, -lari qo‘shimchalari birining o‘rnida boshqasini ishlatib bo‘lmaydi. Bu xususiyat ularning ziddiyatligidir. Ammo ularning hammasi birgalikda bir narsaning boshqasiga qarashli ekanligini ko‘rsatadi. Bu jihatdan ular bir sistemani tashkil etadi [T.Qudratov,1993: 35].
To‘g‘ri, har qanday tilda shunga o‘xshash bir qancha kichik sistemalar bor. Ular o‘zlariga xos ma’no va vazifasiga ega bo‘lib, tilshunoslikning yirik va mustaqil bo‘limlari (fonetika, leksikologiya, morfologiya, sintaksis, uslubshunoslik va boshqa) sistemasini tashkil qiladi. Demak, til sistemasi keng ma’noda til qurilishi barcha sohasining majmuidir. Til sistema sifatida mavjudligi sababli har bir til o‘z me’yorlariga ega bo‘lgan. Ushbu o‘rinda me’yor tushunchasiga ham izoh talab etilishi mumkin.