4-§. Vilgelm fon Gumboldt va Ferdinand de Sossyurlarning til va tilshunoslik fanining o‘rganish sohasidagi fikrlari. Ko‘pchilik olimlarning e’tirofiga ko‘ra, umumiy tilshunoslikning asoschisi nemis olimi Vilgelm fon Gumboldt (1767-1835) hisoblanadi. U shu asosda tilshunoslik fanining asosiy masalalarini belgilab berishga intildi. V.Gumboldt ta’rificha, til murakkab, bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan sifat va xususiyatlarni o‘zida mujassamlashtirgan hodisadir, shuning uchun ham tilni ilmiy o‘rganishda, uning haqiqiy mohiyatini tushunishda antinomiya (qarama-qarshilik) metodini qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
V.Gumboldt bask, malay-polinez tillari va Amerika hindularining tillari bo‘yicha boy bilimga ega bo‘lgan. Bu unga bilim doirasini favqulodda kengaytirishga, o‘z kuzatishlaridan ko‘pincha asosli va aniq xulosalar chiqarishga imkon beradi. Uning falsafiy-lingvistik qarashlari zamondoshlariga va o‘zidan keyingi tilshunoslarga juda katta ta’sir ko‘rsatadi.
“Masalan, Bopp uni hurmat bilan tilga oladi, G.Shteyntal, G.Kursius, A.Bleyxer, K.Fossler, A.A.Potebnya, hatto mustaqil tilshunos hisoblagan I.A.Boduen de Kurteneday olim ham o‘zlarini Gumboldtning shogirdi degan edilar” [S.Usmonov, 1972: 62]. Bunda o‘zining tadqiqot dasturini bayon qiladi va qiyosiy metodning asosiy qoidalarini belgilab beradi.
V.Gumboldtning ayrim falsafiy-lingvistik qarashlari: 1.Gegel “Ruh falsafasi” (1817) asarida til alohida fan yaratish kerak, degan fikrni nazariy jihatdan asoslab bergan bo‘lsa, V.Gumboldt esa 1820 yilgi ma’ruzasida til haqida mustaqil fan yaratish zarurligi g‘oyasini asoslab bergan.
2.Til hodisalarining o‘zaro uzviy bog‘liq ekanligini asoslab bergan. “Tilda,-deydi V.Gumboldt, - hech qanday ayrim hodisa yo‘q. Tilning har bir alohida-alohida unsuri (elementi) o‘zini bir butunning tarkibiy qismi sifatida namoyon qiladi”.
3.Tilning tovush tomoniga yuqori baho beradi: “Tilning tovushlari ifoda vositasidir, til uni tafakkur uchun yaratgan”.
4.Til bilan tafakkurning o‘zaro uzviy bog‘liq ekanligini ta’kidladi.
5.Til faqat jamiyatdagina mavjud va u faqat jamiyatdagina uzliksiz rivojlanib turuvchi faoliyat ekanligini bayon qiladi.
6.Til bilan nutqni farqlaydi, tilning umumxalq xususiyatiga ega ekanligini ta’kidlaydi.
7.Fridrix Shlegel kabi flektiv tillarni agglyutinativ tillardan yuqori qo‘yadi. Ammo bu to‘g‘ri emas.