Savol va topshiriqlar: 1.Grammatika bo‘limi nimalarni o‘rganadi?
2.Grammatik ma’no deganda nimani tushunasiz?
3.Otga xos grammatik kategoriyalarni sanab ko‘rsating.
4. Asosiy grammatik kategoriyalarni sanang.
So‘z turkumlariga umumiy ta’rif berishga harakat qiling.
14-seminar mashg’ulot Mavzu: Lisoniy tadqiqotlarga xos paradigmalar Reja: Paradigmatik munosabat.
Iyerarxik munosabat.
Sintagmatik munosabat.
Tilshunoslikda munosabatning bir necha ko‘rinishlari farqlanadi. Ulardan eng muhimlarini ko‘rib o‘tamiz.
2. Paradigmatik munosabat. Avvalgi mavzularda qulf va kalitlarga oid misol keltirgan edik. Turli kalitlar shodasi paradigmaga qiyoslangan edi. Kalitlar orasidagi munosabat paradigmatik munosabatga o‘xshaydi. Paradigma a’zolari orasidagi munosabat paradigmatik munosabat deyiladi. Paradigmatik munosabat bir sistemaga kiruvchi birliklarning o‘xshashlik va farqlilik munosabatlaridir. Masalan, kelishiklar o‘zaro “oldingi so‘zni keyingi so‘zga bog‘lash” o‘xshashligiga ega bo‘lsa, har bir kelishikning bu o‘xshashlik ostidagi tafovutlari farqlilik munosabati hisoblanadi. O‘xshashlik va farqlilik munosabati bir necha ko‘rinishlarda voqelanadi. Farqlilik munosabati tilshunoslikda ziddiyat termini bilan nomlanadi.
Paradigmatik munosabat keskin ziddiyatli va darajalangan ziddiyatli ko‘rinishlarda bo‘ladi. Masalan, a va o o‘nli fonemalari orasida keskin ziddiyatli paradigmatik munosabat (lablanganlik/lablanmaganlik) mavjud bo‘lsa, a, e, i unlilari orasida darajalangan ziddiyatli paradigmatik munosabat mavjud. Bunda unlilar tilning tanglayga ko‘tarilish darajasiga ko‘ra farqlanadi. Bu uchlikdan o‘rtadagisi olib tashlansa, qolgan ikki unli o‘zaro keskin ziddiyatli bo‘lib qoladi. Chunki a va i unlilari “quyi keng” va “yuqori tor” belgilariga ega. Yoki aytishmoq – koyishmoq – janjallashmoq – yoqalashmoq – do‘pposlashmoq – yoqa vayron bo‘lishmoq – qoniga belanishmoq qatori “ifoda bo‘yog‘ining oshib borishi” belgisi asosida darajalanadi va farqlanadi. Bu qator darajalanish (graduonimik) paradigmasi deyiladi. Qatordagi har bir birlik graduonim deb yuritiladi.
Graduonimlar orasidagi munosabat graduonimik munosabat bo‘lib, paradigmatik munosabatning bir turi hisoblanadi. Graduonimik munosabat bilan birga sinonimik, antonimik munosabatlarning barchasida eslatib turish xususiyati mavjud. Paradigma a’zolari teng qiymatli va teng huquqli birliklardir. Shuning uchun ular bir paradigmaga mansub bo‘ladi.