G’oyaviy barkamol, faol jamoatchi. O’qituvchi, eng avvalo, yo’l ko’rsatuvchi yorqin yulduz bo’lib, u o’z faoliyatida yuksak axloq-odob qoidalariga tayanib ish ko’radi va uni ijodiy ravishda boyitishga o’z hissasini qo’shib boradi.
Ma’lumki, kishi o’z-o’zidan e’tiqodli bo’lib qolmaydi. Kishidagi insoniy e’tiqod tabiat taraqqiyoti, jamiyat taraqqiyotiga oid fanlar asoslarini chuqur egallash va olingan bilimlarni va ulug’ hayot tajribalari bilan uzviy bog’lab tahlil qilish va umumlashtirish orqali haqiqatni, borliqni anglash va uni go’zal qilish uchun kurash natijasida shakllanadi. Ulug’ goyalarga e’tiqodini kuydira oladigan o’t, ulug’ maslak yo’lida kurashayotgan insonning irodasini buka oladigan kuch yo’q.
G’oyasi sayoz kishi hayot ummonining tubiga yeta olmaydi va undan javohirlarni terishga ham qodir bo’lmaydi, qanoti qisqa qushlar uzoqqa parvoz qila olmaganidek, hayotning rivojlanish qonuniyatlaridan bexabar kishi, xususan, shunday o’qituvchining kelajakni ko’ra olish imkoniyati cheklangan bo’ladi.
Hayotda inson o’z oldiga sharafli va muqaddas orzu - istaklarni qo’ya bilishi zarur. Bu ezgu orzu - istak esa faqat mehnat va matonat bilan jamlanishi mumkin. Yana shu haqiqatni unutmasligimiz lozimki, kishining o’z oldiga qo’ygan maqsad va unga erishish yo’lida foydalanadigan vositalari uning aqlu idrokining qandayligidan dalolat beradi.
Iroda ulug’ hayotda, mehnat va kurash jarayonida shakllanadi, sayqal topadi va sinovdan o’tadi. Qiyinchiliklardan qo’rqish, chekinish kamolotning to’xtashidan nishona. Chunki kamolotning zamiri qiyinchiliklarni yengib o’tishda, hayotda uchraydigan qiyinchiliklarni va ziddiyatlarni yengib o’tishida. Aziz kasbdoshim, hayotda ko’p qiyinchiliklarni boshidan kechirgan va ziddiyatlarni yengib o’tgan insonga chuqur nazar solasan, uning aqliga va ichki dunyosi ham go’zal ekaniga ishonch hosil qilasan. Umar Xayyom aytganidek:
Qiyinchilik kechib odam hur bo’lur,
Sadafda qamalib qatra dur bulur.
Sharafli va yaxshi ishlar og’izda emas, balki amalda bajariladi. Ayniqsa, o’qituvchining e’tiqodi va tilak - orzulari uning amaliy faoliyatiga aylanmog’i lozim. Agar kishining ulug’vor fikr va g’oyalariga, go’zal his – tuyg’ulariga, dildagi ezgu niyatlariga monand amaliy xatti - harakati qo’shilsa, nur ustiga a’lo nur bo’ladi.
Ziyokor o’qituvchi halol mehnat qilishi, o’z burchini to’liq, ado etishi, aytgan so’zlariga amal qilishi zarur. Shunda xalh unga ishonadi.
O’qituvchi — ziyo tarqatuvchi. U zamon bilan hamnafas odim tashlashi, fan-texnika yutuqlarini, barcha yangiliklarni targ’ib etishi kerak. O’qituvchi xalqdan bir qadam oldinda yurib, odamlarni o’z ortidan ergashtirishi darkor.
Tarbiyaga muhabbat. O’qituvchilik kasbiga qadam qo’yish niyatida bo’lgan odam o’z-o’ziga: shu kasbni sevamanmi, dilimda bu havas o’ti bormi? men bolajonlik fazilatiga egamanmi? bir umr ana shu nihoyat murakkab, lekin sharafli kasbning jozibali sehri bilan yashay olamanmi? degan savollarni o’ziga berib, o’z qalbi bilan gaplashib olmogi lozim.
Insonni el hurmatiga sazovor etuvchi yaxshi fazilatlardan biri tanlagan kasbida sadoqat bilan ishlay bilishdir. Kasbda qo’nimli bo’lish insonni bezovchi ziynat bo’libgina qolmay, ishni unumli qiladi. Bir yerda, bir kasbda uzoq ishlashda hikmat ko’p. Dono xalqimiz: "Daraxt bir yerda ko’karadi" deb bejiz aytmagan. Umuman har bir inson bir kasbda, iloji boricha bir joyda qo’nim bilan ishlashi uning o’zi uchun ham, jamiyatimiz uchun ham foydali. Bil’aks ishda, kasbda qo’nimsizlik odamning o’ziga ham, jamiyatga ham foydasizdir.
Ming afsuski, ayrimlarning ish faoliyatini kuzatar
ekansiz, uning mehnat daftarchasida o’nlab ish joyini almashtirganligini ko’rib, goho fikrga tolasiz. Bir yerda unolmaydigan, ishda qo’nimsiz bunday chittak nusxalar ko’pincha jamiyatimiz tartib - qoidalariga rioya qilmayotgan, intizomsiz kishilardir. Hatto, qanday bo’lmasin bir amallab diplom olishnigina ko’zlab, pedagogika oliy o’quv yurtlariga kirayotgan, keyinchalik ishdan-ishga ko’chib yurgan kishilar anchagina uchrab turadi. Bunday kishilar o’qituvchilikka o’z xohishi bilan emas, balki ota-onalarining va boshqalarning gapi bilan kirib qolgan bo’ladi. Chunki ularning tarbiyachilik kasbiga mehri yo’q, bu kasbning shavq-zavqini sezmaydilar. Shuning uchun uni ardoqlamaydilar.
Davr biz pedagoglardan, ota-onalardan, tarbiyashunos olimlardan bola iste’dodini yoshligida, bog’chada va maktabda aniqlash, jamiyatning talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda uni o’stirish shakl va metodlarini yaratishni talab etmoqda. Har qanday kishi ham o’qituvchi bo’la olmasligini ilmiy tadqiqotlar ko’rsatmoqda. O’qituvchilik kasbini egallash uchun kishida qobiliyat, muayyan malaka va ma’lum tayyorgarlik bo’lishi lozim.
Ko’pgina o’qituvchilar o’zlarining kasbiga fidoiyligi va madaniyati, go’zal ma’naviy fazilatlari bilan el hurmatiga sazovor bo’ladilar.