II bob Davlat qarzini faol boshqarishning samarali ko’rinishlari va makroiqtisodiy oqibatlari …
Mamlakatimizning jahon moliya tizimiga jadal integratsiyalashuvi sharoitlarida davlat qarzining xavfsiz darajada bo‘lishi mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Xalqaro mezonlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzi (keyingi o‘rinlarda — davlat qarzi) “mo‘tadil” darajada bo‘lsada, O‘zbekistonning suveren kredit reytinglari barqarorligini hamda davlat qarzining xavfsiz darajada bo‘lishini kafolatli ta’minlash mexanizmlarini yaratish bugungi kun talabi bo‘lmoqda.
Bunda, davlat qarzining yillik limitlarini belgilash, davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni tanlab olishda ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, ularning amalga oshirilishini tizimli monitoring qilish va loyihalar natijalarini baholashning shaffof va samarali mexanizmlarini joriy etish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Xalqaro andozalar asosida davlat qarzini boshqarish tizimini takomillashtirish, davlat qarzini makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish hamda jalb qilinayotgan qarzlardan samarali foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi texnik ko‘magida Davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasi ishlab chiqilganligi;
davlat qarzini boshqarishning o‘rta muddatli strategiyasini mamlakatdagi makroiqtisodiy o‘zgarishlar va tashqi omillarni hisobga olgan holda har yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi lozimligi;
Xalqaro valyuta jamg‘armasining me’yori asosidagi Moliya vazirligining hisob-kitoblariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun davlat qarzining maksimal darajasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizdan oshmasligi lozimligi;
O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonunida 2020-yil davomida O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish bo‘yicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 4 milliard AQSh dollari hamda Davlat budjetidan qaytariladigan tashqi qarzni o‘zlashtirishning chegaralangan hajmi 1,5 milliard AQSh dollari miqdorida belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Davlat qarzini samarali boshqarishda quyidagi ustuvor maqsadlarga qat’iy rioya qilinishi belgilab qo‘yilsin:
davlat qarziga o‘z vaqtida va to‘liq xizmat ko‘rsatilishini kafolatli ta’minlash;
davlat qarzini makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish, diversifikatsiyalash va davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining oshib ketish xatarlarini pasaytirish;
davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqishni talab etmaydigan dasturlarni (keyingi o‘rinlarda — dastur) ularning ijtimoiy-iqtisodiy va strategik ahamiyatidan hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishdan kelib chiqib belgilash;
davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlarning natijadorligini, o‘z-o‘zini oqlashini,ular amalga oshirilishi bo‘yicha ma’lumotlarning shaffofligini ta’minlash orqali qarzlardan maqsadli va samarali foydalanish;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq miqdordagi davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslar va banklarni bosqichma-bosqich bozor shartlarida moliyalashtirishga o‘tkazish.
3. Belgilansinki:a) O‘zbekiston Respublikasining davlat tashqi qarzi (keyingi o‘rinlarda — davlat tashqi qarzi) hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi nomidan bitimlarni imzolash va O‘zbekiston Respublikasi kafolatini berish Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan ma’qullangan holda amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyati Vazirlar Mahkamasi Rayosatida davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan dastur va loyihalarga doir masalalarni ko‘rib chiqish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;
Davlat qarzini samarali boshqarish va ulardan maqsadli foydalanishni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyati tuzilmasida davlat qarzini samarali boshqarish va undan maqsadli foydalanishni muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis shtat birligi qo‘shimcha ravishda kiritilsin;
b) 2020-yil 1-yanvardan boshlab ustav fondida (ustav kapitalida) 50 foiz va undan ortiq miqdordagi davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan tashqi qarz majburiyatlarini jalb qilish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligini tegishli tartibda xabardor qilgan holda amalga oshiriladi.
4. Barcha darajadagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari hamda mahalliy hokimliklar rahbarlari soha, tarmoq va hududni rivojlantirish dasturlari uchun ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik, shu jumladan, xalqaro va hududiy forumlar, investitsion anjuman va boshqa hamkorlik doirasida ijtimoiy-iqtisodiy hamda moliyaviy samaradorligi chuqur tahlil qilinmagan O‘zbekiston Respublikasi nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish bo‘yicha takliflarni kiritish amaliyotiga chek qo‘yilishi to‘g‘risida ogohlantirilsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasi Rayosatining 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasining davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlarni tanlab olish va natijadorligini nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi qarorni; 2020-yil 1-dekabrga qadar ilg‘or xorijiy tajriba asosida kelgusi yillarda O‘zbekiston Respublikasining davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan dastur hamda loyihalarni tanlab olish mezonlari, ularni ko‘rib chiqish, tanlab olish va natijadorligini nazorat qilish tartibini belgilovchi nizomni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son qaroriga muvofiq:
Davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan loyiha va dasturlarning natijadorligini baholash jarayoni quyidagilarni nazarda tutadi:
Yakunlangan loyiha va dasturlarni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi auditdan o‘tkazishi, audit natijalari bo‘yicha axborotni har chorak yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga yuborishi;
Tegishli vazirlik va idoralar yakunlangan loyiha va dasturlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘mitalariga uch oy ichida taqdimotlar o‘tkazishi;
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi loyiha va dasturlarning ishlab chiqilishi, tanlab olinishi, monitoringi va audit natijalariga oid ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalari va veb-saytlarda joylashtirilishini ta’minlashi;
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan uch oy muddatda davlat qarzlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlarni baholash va auditdan o‘tkazish hamda ularni xatarlar bo‘yicha guruhlashtirish masalalarini o‘z ichiga oluvchi tartibning tasdiqlanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi davlat tashqi qarzi holati bo‘yicha, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi esa davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan loyihalarning amalga oshirilishi bo‘yicha har yili bir marta O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga hisobot berib borsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan davlat tashqi qarzlari maqsadli yo‘naltirilgunga qadar Moliya vazirligi G‘aznachiligining g‘azna hisob varaqlarida saqlanishi yoki vaqtinchalik tijorat banklari depozitlariga o‘tkazilishi natijasida yuzaga keladigan foiz xarajatlaridagi tafovutlar Davlat budjeti hisobidan qoplanishi belgilansin.
9. Davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va dasturlar bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida, to‘liq va kafolatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:
2020-yil 1-fevraldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Kafolat jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilsin;
Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasining kafolatlari uchun to‘lovlar, jalb qilingan qarzlarni qayta kreditlash bitimida belgilangan Moliya vazirligining marjasi va boshqa manbalar hisobidan shakllantirilsin;
O‘zbekiston Respublikasining kafolatlari uchun to‘lovlar qarzlarning qoldiq summasiga yillik 0,5 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilansin.
Dostları ilə paylaş: |