Tadqiqotning ilmiy-amaliy ahamiyati. Tadqiqotlar jarayonida qo‘lga kiritilgan ilmiy-uslubiy ma’lumotlar qishloq xoʻjaligi va bog’dorchilik sohasi bo‘yicha ta’lim olayotgan talaba va ilmiy xodimlar, shuningdek Xorazm vohasida ekiladigan tok navlari o’ziga xos xususiyatlari haqida ilmiy ma’lumotga ega bo‘lishiga erishiladi.
Ilmiy ishning tuzilishi va hajmi. Dissertatsiya ishi _ betda yozilgan bo‘lib, kirish, adabiyotlar sharhi, tajriba uslubi va sharoiti, tadqiqot natijalari, xulosalar, ishlab chiqarishga tavsiyalar, _ ta jadvaldan iborat. Foydalanilgan adabiyotlar _ ta, shundan _ tasi xorijiy mualliflar, _tasi internet ma’lumotlarini tashkil etadi.
I BOB. ADABIYOTLAR TAHLILI Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2019-yil 16-oktabr kuni chorvachilik va bogʻdorchilik tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish bayonining 8-bandida respublikada 2020-2021 yillarda tokzorlarni tik simbagʻazga koʻtarish vazifasi belgilab berilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4246-son qarorida bogʻdorchilik tarmogʻi va issiqxona xoʻjaliklarida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, zamonaviy resurstejamkor texnologiyalar asosida yuqori sifatli, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish belgilangan. Respublikamizda tokzorlar maydoni 148 ming gektarni tashkil etadi va 60% tokzorlarning 60 foizi tik simbagʻazlarga koʻtarilmagan. Simbagʻazlarga koʻtarilmagan tokzorlarni kamaytirish, hududlarning tuproq–iqlim sharoitlarni oʻrganib, ilmiy asoslangan holda tokzorlarni simbagʻazlarga koʻtarish shu kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Dunyo bozorida ekologik toza, etdor va koʻrimli xoʻraki, urugʻsiz uzum navlari bilan bir qatorda, qizil sof sharob tayyorlanadigan navlarga talab va eʼtibor kuchayib boryapti. Mana shunday uzum va uzum mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish maqsadida Oʻzbekistonda yangi tokzorlarni barpo qilish, mavjud tokzorlar va nav sifatlarini yaxshilash koʻzda tutilgan. Ushbu tavsiyanomada uzumchilik sohasidagi olim va mutaxassislarning koʻp yillik tajribalari asosida olingan maʼlumotlar keltirilgan. Shubhasiz bu tavsiyanoma uzumchilik bilan shugʻullanayotgan fermer, dexqon xoʻjaliklari, tomorqa yer egalarining ish faoliyatida muhim qoʻllanma boʻlib xizmat qiladi.
Tok – qimmatbaho subtropik oʻsimlik. Uning mevasi parhezlik va oziqalik jihatidan inson organizmi uchun eng zarur mahsulot hisoblanadi. Pishib yetilgan uzum tarkibida, ayniqsa kishmish navlarida 28-30 % gacha organizm tomonidan tez oʻzlashtiriladigan qandlar, glyukoza, fruktoza va saxaroza bor. Fruktoza oshqozon osti bezining ishtirokisiz tez singadi. Shu tufayli qand kasalligi (qandli diabet) ning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, yangi uzilgan uzum tarkibida inson salomatligi uchun zarur boʻlgan olma, vino, limon, qahrabo, shavel, chumoli va boshqa bir qancha organik kislotalar, kaliy, kalsiy, fosfor, natriy kabi mineral tuzlar, meva poʻsti tarkibida rang beruvchi pigmentlar, dubil moddalar bor. Uzum mevasi A, S, R, RR, V1, V2, V6, V12, kabi vitaminlarga boy. V guruh vitaminlar, aminokislotalarning qanday miqdorda saqlanishi uzum navining pishish muddatiga, gʻujumlarning urugʻli yoki urugʻsizligiga, tok tupining oʻsish kuchiga, ob-havo sharoitiga hamda parvarish usullariga bogʻliq. Olimlarning kuzatishiga qaraganda, V guruhiga mansub vitaminlar, aminokislotalar va mikroelementlar kechpishar uzum navlarida koʻproq toʻplanar ekan. Uzumning shifobaxsh xususiyati qadimdan maʼlum boʻlib, tabobatda turli kasalliklar (sil, kamqonlik, kamquvvatlik, oshqozon-ichak, siydik yoʻli, yurak xastaligi va h.k.) ni davolashda keng qoʻllanilgan. Uzum bilan davolashning ilmiy asoslangan yangi yoʻnalishi ampeloterapiya (yunoncha ampelos – uzum, therapela – davolash) tabobatda keng qoʻllaniladi. Uzum sharbati, ayniqsa yosh bolalar va keksalar uchun bebaho ozuqadir. U organizmda moddalar almashinuvini yaxshilash, qon tomirlarini kengaytirish, jigar faoliyatini yaxshilash, yurak muskullarini oziqlantirish, qonni tozalash va koʻpaytirishdek xususiyatlarga ega. K.V. Smirnov va boshqa olimlarning maʼlumotlariga qaraganda 1 l yangi uzum sharbatining quvvatini taqqoslanganda 1,7 litr sigir sutiga, 650 gramm mol goʻshtiga, 1 kg baliqqa, 300 g brinzaga, 500 g nonga, 3-5 dona tuxumga, 1,2 kg kartoshkaga, 3,5 kg pomidorga, 1,5 kg olma, nok yoki shaftoliga teng kelar ekan. Uzumdan turli maqsadlar (isteʼmol qilish, qayta ishlash va h.k)da foydalaniladi. Asosan, iyul oyidan noyabr oyigacha yangiligicha isteʼmol qilinadi. Maxsus sovitkichlarda saqlanganlarini mart-aprel oylarida ham tansiq va shifobaxsh meva sifatida isteʼmol qilish mumkin. Shuningdek, yangi uzumdan murabbo, kompot, sharbatlar, shinni, konsentratlar, yuqori sifatli vinolar ham tayyorlanadi.
Mayizbop navlari quritilganda oʻta toʻyimli, shifobaxsh mahsulot beradi. Mayiz (kishmish, garmiyon) qadimdan toʻyimli va shifobaxsh oziq sifatida qadrlanib, parhezlik xususiyatiga ega boʻlgan. Uzum mayizi tarkibida 80% gacha qand moddasi boʻlib, asosan, u glyukoza va fruktozadan iborat. Mayizning qimmatliligi yana shundaki, uni uzoq muddat saqlash, olis joylarga olib borish yoki joʻnatish mumkin. Uzoq safar (ekspeditsiya)ga boruvchilar uchun organizmga quvvat beruvchi, toliqishdan asrovchi bebaho oziq hisoblanadi. Ayrim davlatlarda mayiz davlat zaxirasidagi, askarlarga beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari qatoriga kiritilgan.
Uzumdan tayyorlanadigan mahsulotlar ishlatilishi va tayyorlanish texnologiyasi boʻyicha vinochilik mahsulotlari (vino, konyak, shampan); sharbat mahsulotlari (tabiiy va yarim fabrikat holidagi sharbatlar); konsentratlar (uzum asali, vakuum-suslo, bekmes ); konservalar (kompot, marinadlangan, murabbo, jem, uzum pastasi) hamda uzumni dastlabki ishlashdan hosil boʻlgan chiqindilardan iborat ikkilamchi mahsulotlarga boʻlinadi.
Tokning boshqa mevali oʻsimliklarga nisbatan afzalligi yana shundaki, uni koʻpaytirish qulay, koʻchati oʻtqazilgach, 2-3-yili hosilga kiradi va qulay sharoitda yaxshi parvarish qilinsa, 100 hatto undan xam koʻp yil yashab hosil berishi mumkin. Tok ildiz tizimi baquvvat boʻlgani uchun, u qurgʻoqchilikka ancha chidamli. Undan togʻ va togʻ oldi yerlarini oʻzlashtirish, qumli yerlar va jar yoqalarini mustahkamlashda ham foydalanish mumkin. Uni boshqa mevali daraxt- lar oʻsishi ancha qiyin boʻlgan, shoʻrlangan, toshloq, yer osti suvi yaqin (1-1,5 m) yerlarda ham oʻstirib, hosil yetishtirish mumkin.