Sulton Saodat majmuasi. XI asr. Sulton Saodat sayyidlar sulolasining maqbarasidir. Bu me’moriy majmua oilaviy maqbaralar va marosim xonalaridan iborat bo`lib, asrlar davomida tashkil topgan yaxlit inshootdir. Birinchi maqbarada IX asrning ikkinchi yarmida vafot etgan Hasan al-Amir ismli sayyidning xoki yotibdi. U shu atrofdagi yerlarning egasi, Payg`ambarimiz avlodlaridan hisoblanadi. Sulton Saodat mo`g`ullar istilosi paytida vayron qilingan edi. Termizning sharqiy tomoniga joylashgan bu ziyoratgoh yangidan bunyod etilgan. Qariyb yetti asr (X - XVII) davomida shakllangan bu me’moriy majmua jami yigirmaga yaqin qabrni o`z ichiga oladi.
Abu Iso at-Termiziy maqbarasi. Hozirgi SHerobod tumani hududida joylashgan ushbu maqbara XI- XII asrlar me’moriy yodgorliklaridan hisoblanadi. At-Termiziy hijriy 209 yilda (mil. 824-825 y.) tavallud topgan. Hofiz az-Zahabiy "Miyzon al-e’tidol "kitobida Termiziyning hijriy 279 yilda vafot etganini zikr qilib, "Vafot etgan vaqtlarida 70 yoshda edilar", deydi. Ismu nasablari - Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhok as-Sulamiy al-Bug`iy at-Termiziy. Alloma to`plagan hadislar ishonchliligi va mo`’tabarligi jihatidan "Sihohi sitta" (oltita eng sahih hadislar to`plami)ning biri sanaladi. Yoshliklarida ko`p yillar davomida Iroq, Hijoz kabi arab o`lkalarida hadis o`rganib, ularni jamlagan. 250 hijriy yilda Termizga qaytganlar. SHu yili Nishopurda Imom al-Buxoriy bilan uchrashib ko`p hadislar xususida mubohasalar olib borganlar. Bu buyuk vatandoshimizdan "Al-Jome’ as-Sahih" ("Sunani Termiziy"), "Ash-SHamoil" ("SHamoili Muhammadiya"), "Al-Hol", "At-Tarix", "Az-Zuhd", "Al-Asmou val-kunya" ("Ismlar va kunyalar") kabi asarlar bizgacha yetib kelgan.
Jarqo`rg`on minorasi.XII asr boshi. Hozirgi Jarqo`rg`on tumanining Alisher Navoiy nomidagi jamoa xo`jaligida joylashgan. O`rta Osiyoning shu turdagi minoralari orasida o`zining jimjimador o`n olti tutamlik yarim ustuni bilan ajralib turadi. Bu ustunlar qavariq, (qovurg`a) shaklida bo`lib, yuzasi yotiq kesimda ko`p yaproqli gulga o`xshaydi. Quyiga tusha borgan sari qavariqlar go`yo yig`ilib ketganday tuyuladi. YUqori qismida esa ular ravoqchalar zanjiri va enli epigrafik hoshiya bilan jipslashgan. Minora asosi baland sakkiz qirrali kursiga o`rnatilgan. Har bir qirraning markazida xushbichim ravoqli tahmonlar bor. Ana shu tahmonlardan bittasi janubiy-g`arbiy qirrada minora ichki aylana zinasiga olib chiqadi.
Oqsaroy. XIV asr. 1378-1379 yillarda Amir Temur Xorazmdagi barcha usta va hunarmandlarni Keshga keltirib, shaharda ulkan obodonlashtirshi ishlarini olib borgan va o`z davri uchun tengi bo`lmagan Oqsaroyni qurdirgan. Oqsaroy poydevoriga qo`yilgan dastlabki g`ishtlar oltin qumdan tayyorlangan. Saroy bezaklari orasiga Alloh taologa hamdu sanolar va Amir Temurga maqtov so`zlari bitilgan.