ELEKTROSTSTIK MAYDONDA O‘TKAZGICHLAR
Agar erkin zaryadlarga ega bo‘lgan o‘tkazgich tashqi elektrostatik maydonga joylashtirilsa, elektrostatik kuch ta’sirida, o‘tkazgichdagi erkin elektronlar maydon kuchlanganligining vektori ga qarama-qarshi tomonga siljiydi. Natijada o‘tkazgichning ikki tomonida har xil ishorali zaryadlar hosil bo‘ladi: elektronlari ortiqcha bo‘lgan uchi manfiy zaryadlanadi, elektronlar yetishmaydigan uchi esa, musbat zaryadlanadi. Shunday qilib, tashqi elektrostatik maydon ta’sirida, o‘tkazgichdagi mavjud zaryadlarni musbat va manfiy sirt zaryadlarga ajratish hodisasi elektrostatik induksiya yoki ta’sir orqali zaryadlash deyiladi. Hosil bo‘lgan zaryadlar induksiyalangan zaryadlar deb ataladi.
Elektrostatik maydonga kiritilgan o‘tkazgichdagi induksiyalangan zaryadlar maydonning manzarasini o‘zgartiradi. 1 - rasmda bir jinsli elektrostatik maydonga kiritilgan metall sharning bu maydonni deformatsiyalashi tasvirlangan.
1- rasm. Metall sharning elektrostatik maydonni deformatsiyalashi
2 - rasmda esa, nuqtaviy zaryad hosil qilgan elektrostatik maydonga kiritilgan o‘tkazgichning bu maydonni qanday deformatsiyalashi ko‘rsatilgan.
Musbat va manfiy zaryadlar qutbi hosil bo‘lgani uchun ekvipotensial chiziqlar o‘tkazgich sirti shakliga bog‘liq. Ammo, o‘tkazgichga kiruvchi va chiqayotgan kuch chiziqlarining soni teng bo‘lgani uchun o‘tkazgich ichidagi zaryadlarning algebraik yig‘indisi nolga teng bo‘ladi.
Tashqi elektrostatik maydon ta’sirida o‘tkazgichda zaryadlarni siljishi yoki manfiy va musbat qutblarni hosil bo‘lishi ekvipotensial sirtlar paydo bo‘lguncha davom etadi.
2- rasm. O‘tkazgichning nuqtaviy zaryad elektrostatik maydonini deformatsiyalashi
Tashqi elektrostatik maydonning kuch chiziqlari o‘tkazgich sirti bo‘yicha induksiyalangan manfiy zaryadlarda tugaydi. Kuch chiziqlari yana sirtqi musbat zaryadlarda davom etadi. Ammo, o‘tkazgich ichida kuch chiziqlari yo‘q bo‘lgani uchun o‘tkazgich ichida elektr maydoni bo‘lmaydi.
Zaryadlarning sirt bo‘yicha qayta taqsimlanishi ya’ni, manfiy va musbat qutblar hosil bo‘lishi, elektrostatik induksiya hodisasi deb ataladi.
O‘tkazgich ichida elektr maydon bo‘lmasligi sirtqi zaryadlarning teng taqsimlanganidan kelib chiqadi. Bu hol elektrostatik himoya yoki moddalarning ekranlashishi deb ataladi. Sirtqi zaryadlarning mavjudligi o‘tkazgich ichida maydon bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi, ya’ni tashqi elektr maydon ta’sirini yo‘qqa chiqaradi.
Dostları ilə paylaş: |