So‘z tartibi. So‘zlar erkin birikuvda grammatik shakl asosida bog‘langanda, so‘z tartibi o‘zgarsa-da, u ma’noviy munosabat yoki bog‘lanishga ta’sir qilmaydi: Sen kitobni keltirdingmi? Кitobni sen keltirdingmi? Кeltirdingmi sen kitobni? birikuvidagi so‘z o‘rni almashtirilganiga qaramay, keltirdingmi so‘zshakli hokim, sen va kitobni so‘zshakllari tobe a’zo sifatida qolavergan. Chunki ular sintaktik mavqeini ta’minlovchi vosita – morfologik ko‘rsatkichga ega. So‘zning hokim-tobeligi (sintaktik mavqei)ni ko‘rsatuvchi vosita bo‘lmaganda so‘z tartibining qimmati oshadi (achchiq olma). Bunda so‘zning gapdagi funksiyasi, asosan, tartibi bilan belgilanadi, tartib o‘zgarsa, mazmun bilan birga, sintaktik holat ham o‘zgaradi: Hayot go‘zal (ega+kesim), go‘zal hayot (aniqlovchi+aniqlanmish). Gapda uslubiy maqsadlarda so‘z tartibi o‘zgarishi mumkin: O‘qituvchi intizom haqida gapirdi. Intizom haqida o‘qituvchi gapirdi. Tartibning bunday o‘zgarishi a’zolarning hokim-tobeligiga ta’sir qilmaydi, biroq gapning uslubiy jihatiga, fikrdagi ma’no nozikligiga ta’sir ko‘rsatadi.
Ohang. Ohang ham, yuqorida aytilganidek, birikuvning tabiatini ko‘rsatuvchi nisbiy vosita. Gap tugallangan ohang bilan aytiladi, uning tarkibidagi ayrim birikuvlar sanash (olma va anor), ayrimlari ko‘tariluvchi ohangga (qizil qalam) ega bo‘ladi.
Ohang (pauza) birikuvning sintaktik bo‘linishini ko‘rsatadi. Masalan, Кo‘p qavatli uy birikmasini ikki xil (ko‘p//qavatli uy va ko‘p qavatli//uy tarzida) aytish mumkin. Demak, sintaktik aloqani, unga bog‘liq ravishda mazmuniy farqlanishni ifodalashda ohangning o‘rni bor. Ya’ni ko‘p//qavatli uy tarzida birinchi so‘zdan keyin pauza qilinishi natijasida (ko‘p) so‘zshakli tobe va qavatli uy birikmasi unga hokim mavqeda bo‘lib, bunda qavatli uylarning ko‘pligi haqidagi ma’no anglashiladi. Ikkinchi holatda (ko‘p qavatli//uy) esa ko‘p qavatli birikmasi tobe, uy so‘zshakli esa hokim mavqeda, birikmadan esa uyning qavatlari ko‘pligi ma’nosi namoyon bo‘lgan.
Sanash ohangi bir xil bo‘lakning aloqasini ifodalaydi: Oltin, kumush tosh bo‘lar. (Maq.)
Qo‘shma gapning tarkibiy qismlari orasida ham turli: qarama-qarshilik (Кunduzi issiq – kechasi sovuq), shart (Sen kel – u boradi), sabab (Кecha borolmadim – mehmonlar kelib qoldi) – ma’noviy munosabatlar mavjud.
Кo‘rinadiki, ayrim o‘rinda so‘zlar va gaplarni bog‘lashni ohangning o‘zi bajaradi.