3.Valyuta kursi va uning turlari qtisodiy adabiyotlarda valyuta kursi va uni aniqlash xususida juda ko‘p fikrlar va yondoshuvlar mavjud. Ular ko‘p holatda bir-biriga mos kelmaydi. Buning asosiy sababi valyuta kursi haqida bildirilgan fikrlar turli georgrafik va ijtimoiy-iqtisodiy muhitda yaratilganligi bo‘lsa kerak. Valyuta kursi bo‘yicha iqtisodchi olimlar tomonidan bildirilgan fikr va yondoshuvlarning umumiy mazmuni “Valyuta kursi – bu bir mamlakat milliy valyutasining “bahosini” boshqa mamlakat pul birligida ifodalanishini” anglatadi. Valyuta kursi valyuta tizimining muhim elementlaridan biri hisoblanadi, chunki xalqaro iqtisodiy munosabatlar turli mamlakatlarning milliy valyutalarini bir–biriga o‘lchashni taqozo etadi. Bu esa valyuta kursi orqali aniqlanadi. Turli mamlakatlar valyutalari bir-biriga taqqoslab bahosini aniqlash ishlab chiqarish va ayriboshlash jarayoniga asoslanib ularni obyektiv qiymat munosabatlari orqali amalga oshiriladi. Valyuta kursi fundamental va boshqa obyektiv– subyektiv omillar ta’sirida doimiy ravishda tebranib turadi, bozorda tovarlar va xizmatlar xajmining o‘zgarishi hamda pul tizimining ta’sirida valyutalar kursi aniqlanadi va uni aniqlash tartibi ham o‘zgarib turadi. Xalqaro amaliyotda valyuta kursining tartibga solib turiladigan va suzib yuruvchi usullari mavjud. Tartibga solinadigan valyuta kursi nazariyasinin tarafdorlari valyuta kursini davlat tomonidan tartibga solish orqali uni mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning qo‘shimcha mexanizmi ekanligini ta’kidlaydi. Fransiya iqtisodchisi Dj.Mid, R.Mandellning fikricha xalqaro bozorlarda valyuta kursining doimiy ravishda o‘zgarishi milliy iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki davlat har doim ham undan samarali foydalana olmasligi mumkin, shuning uchun ham davlat milliy valyuta kursini iqtisodiyotning samarali rivojlanish yo‘nalishidan kelib chiqib o‘zi belgilashi lozimligini ta’kidlaydi, Amerikalik iqtisodchi E. Birnbaum valyuta kursi davlatlararo tashkil etilgan xalqaro moliyaviy tashkilotlarning o‘zaro kelishuvi asosida o‘rnatilishi lozimligini ta’kidlaydi. Valyutaning suzib yuruvchi kursining nazariyasi tarafdorlari asosan neoklassik yo‘nalishdagi iqtisodchilar hisoblanadi. Jumladan, ularning qatoriga M. Fridmen (Chikago maktabining yo‘lboshchisi), F. Maxlup (Prinston universiteti), A. Lindbek (Stokgolm universiteti), G. Djonson (Chikago va London universitetlari), L. Erxard, G. Girsh, E. Dyurr (Germaniyaning Freyburg maktabi) va boshqalar kiradi. Valyutaning suzib yuruvchi kursining qattiq valyuta kursidan quyidagi afzalliklari mavjud: – mamlakat to‘lov balansini avtomatik tarzda tartibga soladi; – mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlari bo‘yicha siyosatni tashqi aralashuvsizlar tanlash imkoniyatini beradi; – valyuta savdosini rivojlanishiga keng imkoniyat beradi, bozordagi talab va taklif asosida kimdir yuttiradi kimdir esa yutadi; – xalqaro savdoni rivojlanishini rag‘batlantiradi; – valyuta bozori valyuta kursini davlatga nisbatan tez va aniqroq aniqlash imkoniyatini beradi. Har bir mamlakat valyuta kursining qanday usulini joriy etishni mustaqil hal etadi. Bunga qator omillar ta’sir etadi, jumladan, mamlakatning ijtimoiy–iqtisodiy holati, mamlakat bank tizimida pul –kredit siyosatining o‘ziga xos xususiyatlari, iqtisodiyotning barqarorligi va raqobatbardoshligi kabilar shular jumlasidandir. Valyuta kursining tartibga solinadigan usuli amaliyotda qo‘llanilganda milliy valyutaning kursi asosan Markaziy bank tomonidan o‘rnatiladi, valyuta kursining ushbu turi asosan iqtisodiyotni ma’muriy boshqarish sharoitiga xosdir. Bu sharoitda valyuta kursi mamlakat Markaziy banki tomonidan derektiv ko‘rsatilgan tarzda joriy etilib, tovar va xizmatlar bahosi ma’muriy usulda joriy etiladi. Bunday sharoitda, asosan milliy valyutalar boshqa mamlakat valyutasiga erkin ayirboshlanmaydi. Valyuta kursining suzib yuradigan turi, bozor iqtisodiyoti sharoitidagi tovar-pul munosabatlarida keng joriy etilib, bunda milliy valyutalarning xorijiy mamlakatlar valyutasiga nisbatan kursi talab va taklif asosida o‘rnatiladi.