variant topshiriq. Quyidagi fikrlar orqali “Falsafa” atamasining mohiyati va mazmunini izohlang



Yüklə 158,24 Kb.
səhifə1/3
tarix01.12.2023
ölçüsü158,24 Kb.
#170443
  1   2   3
MAMADIYOROV


1-VARIANT


1 - topshiriq. Quyidagi fikrlar orqali “Falsafa” atamasining mohiyati va mazmunini izohlang:

*Abu Nasr Forobiy “Falsafa- Hikmatni qadrlash ilmi”
* Epikur “O`z- o`zingni yerga urish, tubanlashish nodonlikdan boshqa narsa emas, o`zligingdan yuqori turish esa - faylasuflikdir”
*Aflotun “hayron bo`lishni totib ko`rish… faqat faylasufgagina xosdir. Bu esa falsafaning boshlanishidir”
*T.Gobbs “Falsafa- to`g`ri fikrlash orqali bilishga erishish”
*Gegel “Falsafa- umuman predmetlarga fikriy yondoshish”
*Pragmatizm ta`limoti namoyandalari “Falsafa- foydali narsalarni bilish jarayoni”
* Lev Tolstoy donishmand kishilarning uch xislatini alohida ta`kidlab, shunday yozgan: “Ular, avvalo, boshqalarga bergan maslahatlariga o`zlari amal qiladilar; ikkinchidan, hech qachon haqiqatga qarsgi bormayilar; uchinchidan, atrofidagi kishilarning nuqsonlariga sabr-toqat bilan chidaydilar”.

Sharqda «Ikkinchi Arastu», «Ikkinchi muallim» deya e’tirof etilgan buyuk mutafakkir Abu Nasr Farobiy filosofiya so’zini «Hikmatni qadrlash» deb talqin etgan. Falsafa Sharq xalqlari ijtimoiy tafakkurida «donishmandlikni sevish» degan mazmun bilan birga, olam sirlarini bilish, hayot va insonni qadrlash, umr mazmuni haqidagi qarash va hikmatlarni e’zozlash ma’nosida ishlatilgan.


Hayot qonuniyatlarini yaxshi biladigan, umrning o’tkinchi ekani, abadiyat insonga emas, olamga xosligini yaxshi anglab etgan, o’zi va o’zgalar qadrini to’g’ri tushunadigan kishi hech qachon «Men — donishmandman» deya ochiq e’tirof etmaydi. Ayniqsa, Sharq xalqlari hayotida bu hol yaqqol ko’zga tashlanadi. Ammo, Farobiy ta’kidlaganidek, hikmatni qadrlash, olam va odam hamda hayotning qadriga etish — boshqa gap. Shu ma’noda, bizda qadim zamonlarda faylasuf deganda, ko’pdan-ko’p ilm sohalarini egallagan, ustoz va muallim sifatida shuhrat qozongan alloma va mutafakkir kishilar tushunilgan.
XIX asr nemis qadriyatshunosi I. Rikkert ham shunga o’xshash fikrni quyidagicha bayon qilgan: «Odamzod olam va odam hamda hayotning qadrini anglab, ular omonat bir narsa ekanini tushuna boshlagan davrlardan falsafiy fikrlashga kirishgan. Binobarin, birinchi faylasuf, kim bo’lganidan qat’i nazar, hayotni qadrlaydigan kishi bo’lgani shubhasiz».
Falsafa, avvalo, muayyan ilmiy bilimlar tizimidir. U, bir tomondan, insonning voqelikni aql vositasida idrok etishi, ikkinchi tomondan, ongning afsona va rivoyatlar asosidagi shakllardan uzil-kesil ajralish jarayoni natijasidir. Bu ikki jihat bir-biri bilan uzviy bog’liq. Chunki behuda xayolparastlik, havoyi va afsonaviy fikrlash tarzidan xalos bo’lish ilmiy bilimlarni egallash orqali ro’y beradi. Eng muhimi, falsafa kundalik turmushda uchrab turadigan eskilik asoratlari, bid’at va cheklanishlarga muxolif bo’lgan hurfikrlikdir. Falsafa aynan ana shunday yangi dunyoqarashning shakllanishi uchun asos bo’ldi.
«Falsafa» atamasi «filosofiya»ning Sharq ijtimoiy tafakkuridagi shaklidir. Odatda u tushuncha sifatida tor va keng ma’nolarda qo’llanadi. Xususan, keng ma’noda uni antik — qadimiy falsafada «donishmandlikni sevish» deb tushunilganini aytib o’tdik. Ayrim faylasuflar va falsafiy oqimlar, chunonchi, ingliz faylasufi T. Gobbs (1588—1679) uni «to’g’ri fikrlash orqali bilishga erishish», nemis faylasufi Hegel «umuman predmetlarga fikriy yondashish», Lyudvig Feyerbax «bor narsani bilish», pragmatizm ta’limoti namoyandalari esa, «foydali narsalarni bilish jarayoni» deya talqin etgan.
«Falsafa» tushunchasi tor ma’noda madaniyat, san’at, aqliy yoki hissiy bilish usuli, vositasi tarzida ta’riflanadi. Falsafaga bo’lgan munosabatning xilma-xilligiga asoslangan holda, unga yaxlit, umumlashgan ta’riflar ham berilgan. Falsafaga ijtimoiy ong shakli bo’lgan madaniyat, san’at, qadriyat nuqtai nazaridan qaraydigan bo’lsak, uning milliyligini aks ettirish imkoniyati tug’iladi. Ammo ontologiya, gnoseologiya, naturfilosofiya, antropologiya kabi fan sohalari nuqtai nazaridan qaralsa, ushbu ta’rifda umuminsoniylik va universallik falsafaning asosiy xususiyati ekanini ta’kidlash lozim bo’ladi.
Haqiqiy falsafa tafakkur mahsuli bo’lgan narsalarni oliy darajadagi haqiqat sifatida mutlaqlashtirmaydi. Bu borada Suqrotning «Men hech narsani bilmasligimni bilaman» degan e’tirofi haqiqat mezonidir. Holbuki, Suqrot qadimgi Yunonistonning eng bilimli faylasufi bo’lgan. U bilimdon, bahs-munozara chog’ida har qanday suhbatdoshni ham mot qilib qo’ya olgani haqida tarixda misollar ko’p. Falsafiy bilimlar rivoji uzluksiz jarayon bo’lib, u insoniyatning tafakkur bobida ilgari erishgan yutuqlarni tanqidiy baholashni taqozo etadi. Biroq bu — ularni tamoman rad etish, ko’r-ko’rona tanqid qilish lozim degani emas, balki ularga xos barcha xato va kamchiliklarni anglab, yaxshi va ijobiy jihatlaridan foydalanish demakdir. Ana shunday tanqidiy yondashuv va vorislik falsafaning muhim xususiyatlaridan biridir.
Bu fanning oldiga qo’yilgan vazifalarga va uning hayotdagi o’rniga qarab, ijtimoiy taraqqiyotning turli davrlarida unga bo’lgan munosabat ham o’zgarib borgan. Bu munosabatlar dastlabki fanlar paydo bo’lib va ularning ba’zilari falsafadan ajralib, alohida mustaqil fan sohasiga aylana boshlagan davrlardayoq shakllana boshlagan.
Falsafaning ijtimoiy ong tizimida tutgan o’rni, jamiyat va shaxs hayotidagi ahamiyati nimadan iborat, degan masala hamma davrlarda ham dolzarb bo’lgan. Ayniqsa, tarixiy taraqqiyotning tub burilish davrlarida falsafaning asl mohiyatini bilish, uning usul va g’oyalari kuchidan foydalanish muhim ahamiyat kasb etgan.
Falsafa, sirasini aytganda, ijtimoiy tafakkur rivoji yutug’i va insoniyat ma’naviy taraqqiyoti mahsulidir. U kishilarning olamni bilish, o’zlashtirish, farovon hayot kechirish va o’z insoniy salohiyatlarini namoyon etish ehtiyojlari bilan uzviy bog’liqdir. Falsafiy ta’limotlar hamma davrlarda ham insoniyatning ilg’or tajribalarini o’zida mujassamlashtirgan va insoniyat madaniyatini yanada yuksakroq bosqichga ko’tarishga xizmat qilgan.
Har bir falsafiy g’oya, mafkura, bilimlar tizimi asosan o’z davri xususiyatlarini aks ettirgan. Ular zamon ruhi va ma’naviyatini o’zida mujassamlashtirgan, davr muammolarini hal etishda qo’l kelgan. Shuning uchun Aflotun, Forobiy va Beruniy, Navoiy va Xegelning asar va ta’limotlarida ular yashab o’tgan davr g’oyalari aks etgan.
Kishilik jamiyati hech qachon bir tekis va silliq rivojlanmagan. Taraqqiyot ortidan inqirozlar, yutuqlar ketidan mag’lubiyatlar, farovonliklar izidan zavolga yuz tutishlar ta’qib etgan. Muayyan jamiyat iqtisodiy-siyosiy, axloqiy-diniy, badiiy-estetik taraqqiyot borasida inqirozga duch kelar ekan, undan chiqib ketish uchun ilg’or falsafiy ta’limotlarga ehtiyoj sezadi.
Shuning uchun ham buyuk falsafiy ta’limotlarni, bir tomondan, madaniy-intellektual rivojlanish samarasi, ikkinchi tomondan, tub ijtimoiy o’zgarishlar taqozosi deyish mumkin. Muayyan tarixiy burilish davrida «Falsafa nima o’zi?» degan masala dolzarb ahamiyat kasb etishi ham shundan. Ana shunday davrlarda kishilar falsafaning mohiyati, uning maqsad va vazifalarini yangicha idrok etganlar.
Qadimgi Yunoniston va Rim davridan buyon o’tgan ikki ming yildan ziyodroq vaqt mobaynida «Falsafa endi yo’q bo’ldi, uni o’rganishning hech bir zarurati qolmadi» qabilidagi gaplar ko’p bo’lgan. Lekin zamonlar o’tishi bilan odamzod baribir falsafaga ehtiyoj sezgan va u insonning ma’naviy kamolotida beqiyos ahamiyat kasb etishiga qaytaqayta ishonch hosil qilgan.


Yüklə 158,24 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin