2-mavzu. To‘qimalarning ochiq va yopiq jarohatlanishi Hayvonlarda lat eyish – eng ko‘p uchraydigan travmatik shikast-
lanishlardan biri bo‘lib, ular bir biri bilan urishib ketishi tufayli
paydo bo‘ladi. Tayoq, tosh bilan urish, yiqilib tushish natijasida
ham hayvon tanasi lat eydi. Lat egan joyda yumshoq to‘qima
shikastlanadi, qon tomirlari uziladi, to‘qimaga qon quyiladi, lekin
teri butunligi saqlanadi. Lat yegandan keyin ko‘p vaqt o‘tmasdan
qon quyilib, joyning chuqurligiga qarab to‘qimalarning jaro-
hatlangani bilinib turadi.
Patogenezi – to‘qimalar orasiga tarqalib, singib ketgan qonga
qontalash deyiladi. Yo‘g‘on qon tomirlari shikastlanganda qon ko‘p
miqdorda quyilib, to‘planib qoladi va bu gematoma deb ataladi.
To‘qimalar ichida to‘planib qolgan qon suyuqligicha turadi. Gema-
tomaning atrofida biriktiruvchi to‘qimadan tashkil topgan parda
hosil bo‘lib, bu hosil bo‘layotgan «kistalar»ning devori vazifasini
o‘taydi. Teri shikastlanishi bilan bir vaqtda gematomalar osongina
infeksiyalanadi va yiringlar paydo bo‘ladi. Quyilgan qon badandagi
bo‘shliqlarga yig‘ilib qolishi mumkin. Nihoyat qon tomirlarining
ko‘p shikastlanishi natijasida to‘qimalarning oziqlanishi buziladi,
bu to‘qimalarni, hatto organlarni ham o‘limga olib kelishi mumkin.
Kasallik belgilari. Lat egan joy og‘riydi, shishib ketadi, funksiyasi
buziladi va qon quyilishi ko‘rinib turadi. Og‘riq lat egan joyga va
quyilgan qonning miqdoriga qarab turlicha bo‘ladi. Qon oqish to‘x-
tashi bilan, og‘riq ham to‘xtaydi. Lat egan joylar nihoyatda qattiq og‘-
risa (katta nervlar, qorin bo‘shlig‘i) hayvonda shok paydo bo‘lishi
mumkin. Hayvonning lat egan joyidagi qon oqishni va og‘riqni to‘x-
tatish uchun o‘sha yerga sovuq kompress qilish, muz qo‘yish kerak.
Lat yeganda quyilgan qon tezroq singib ketishi uchun 2–3 kundan
boshlab isituvchi kompresslar, iliq vannalar va massaj qilinadi.