6 YENGIL AVTOMOBIL-TAKSILAR ISHINI TASHKIL ETISH (1)
6.4. Yo‘nalishli taksilarda yo‘lovchilar tashishni tashkil etish Yo‘lovchi tashuvchi avtosaroylar davlat tasarrufida bo‘lgan davrlarda yo‘nalishli taksilar asosan yo‘lovchilar oqimi kichik bo‘lgan yo‘nalishlarda avtobuslardan foydalanish samarasiz bo‘lgani uchun qo‘llanilar va ularda tashilgan yo‘lovchilar miqdori 1% ni ham tashkil etmas edi.
O‘sha davrda yo‘nalishli taksilarda yo‘lovchilarni tashish asosan shahar va shahar atrofi yo‘nalishlarida tashkil qilinib, bugungi kunda yo‘nalishli taksilardan shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda ham keng foydalanilmoqda.
Bugungi kunda bozor iqtisodiyoti sharoitida xususiy yo‘lovchi tashuvchilar sonining ortib ketishi shunga olib keldiki, yo‘nalishli taksilar yo‘lovchilar oqimi katta bo‘lgan yo‘nalishlarda ham keng qo‘llanilib, avtobuslarni siqib chiqarmoqda.
Ayrim hollarda yo‘nalishli taksilar harakatini tashkil qilish uchun yo‘lovchilar oqimini o‘rganish, yo‘nalishni tanlash, harakat intervalini aniqlash, kerakli bo‘lgan ish tartibini belgilash, harakat tezligini me’yorlash va harakat jadvalini tuzish kerak bo‘ladi.
Buning uchun tender e’lon qilinganidan keyin, har bir tenderda ishtirok etmoqchi bo‘lgan tashuvchi berilgan boshlang’ich ma’lumotlar asosida kerakli avtomobillar sonini, tig’iz vaqtlardagi harakat intervalini aniqlaydi va ular asosida harakat jadvalini ishlab chiqadi. So‘ngra bu ma’lumotlar tender xujjatlari paketiga solinib tender komissiyasiga havola etiladi.
Yo‘nalishdagi taksilarda yo‘lovchilar oqimi so‘rovnoma, talon, ko‘z bilan kuzatish va so‘rov usullarida aniqlanishi avvalgi bo‘limlarda to‘liq bayon etilgan. Bu yerda faqat shuni eslatib o‘tish joizki, so‘rov uslubida maxsus hisobchi xodim bekatlarda taksiga chiqayotgan va tushayotgan yo‘lovchilardan so‘rab maxsus jadvalga yozib boradi.
Yo‘nalishli taksilar sonini aniqlashda avtobuslar sonini aniqlashda foydalanilgan formulalardan foydalaniladi. Kelgusida zarur bo‘ladigan taksilar soni esa marketing tadqiqotlari natijasida aniqlanishi mumkin.
Yengil avtomobil-taksilarga bo‘lgan ehtiyojni marketing tadqiqotlarini o‘tkazib aniqlashdan, transport xizmati turlari, transport xizmatidan foydalanuvchilar, transport xizmatiga bo‘lgan talab va transport xizmati bozoridagi raqobatni o‘rganish va bashorat qilish mumkin.
Тransport xizmatidan foydalanuvchilarni tadqiq qilish ularning transport xizmatiga bo‘lgan ehtiyojlari va istaklarini aniqlashga yordam beradi.
Тransport xizmati turlarini tadqiq qilish bugungi kunda mavjud bo‘lgan (transport xizmati) turlari va ularning sifatini aniqlash bilan birga, yangi (transport xizmatilari) turlarini aniqlash uchun foydaniladi.