Maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Avvallari bu
tizim jamiyatning turli sohalarida mehnat qilayotgan ota-onalarning ijtimoiy
faoliyati uchun shart-sharoit yaratishgagina xizmat qilgan bo‘lsa, endilikda
maktabgacha ta’lim muassasalarining ish mazmuniga qo‘yilgan talablar xam
o‘zgartirildi. Asosiy vazifalardan biri kichkintoylarni maktab bosqichida o‘qishga
tayyorlashdir.Yosh avlodni o‘z xalqi, jamiyati va yurtiga fidoiylik ruhida
kelajak taqdiri uchun mas’ullikni his eta oladigan, boy milliy madaniy merosimiz va
qadriyatimizga hurmat va asrab avaylash ruhida tarbiyalash jamiyatimiz oldida
turgan kechiktirib bo‘lmas vazifa ekan, bu barcha ta’lim-tarbiya ishi bilan
shug‘ullanuvchi xodimlardan katta mas’uliyatli ishlarni bajarishni talab etadi.
O‘zbekiston Respublikasi kadrlar tayyorlash Milliy dasturi uzluksiz ta’limni bir
butun tizimini yaratish vazifasini ilgari surdi va mutaxassislar tayyorlash sifatiga
qo‘yiladigan talablarni yanada oshirdi. Yana shunga bog‘liq holda Respublikadagi
pedagogika oliy o‘quv yurtlaridagi ta’lim va tarbiya jarayonini takomillashtirish
masalasi dolzarb masalaga aylandi. So‘ngi yillarda mamlakatimizda maktabgacha
ta’lim muassasalarida matematika o‘qitish o‘z ko‘lami va ahamiyati jihatidan
nihoyatda katta bo‘lgan o‘zgartirishlar amalga oshirildi.
Maktab oldiga yangi maqsadlarning qo‘yilishi maktabgacha ta’lim
muassasalarida matematik ta’lim berish mazmunining tubdan o‘zgarishiga olib keldi.
Hozirgi kunda maktabgacha ta’lim muassasalarida matematik ta’lim berish
usulining mazmuni quyidagilardan iborat:
1. Matematika o‘qitishda ko‘zda tutilgan maqsadlarni asoslash. (Nima uchun
matematika o‘qitiladi, o‘rgatiladi?).
2. Maktabgacha ta’lim muassasalarida matematika o‘qitish mazmunini ilmiy
ishlab chiqish (nimani o‘rgatish?). Ya’ni, bolalarga bilimlar qanday berilganda, bu
bilimlar hozirgi zamon talablariga mos keladigan bo‘ladi.
3. Matematik bilim berish usullarini ilmiy ishlab chiqish (qanday o‘qitish
kerak?), ya’ni bolalar hozirgi kunda zarur bo‘lgan bilimlarni, malakalarni,
ko‘nikmalarni va aqliy faoliyati, qobiliyatlarini egallab oladigan bo‘lishlari
uchun o‘quv ishlari metodikasi qanday bo‘lishi kerak? Matematik bilimlarni
egallash jarayonida bolalar shaxsining rivojlanishi va shakllanishini amalga
oshirish uchun qanday o‘qitish kerak?
4. Matematik bilim berish vositalarini darsliklar, didaktik materiallar,
ko‘rsatma-qo‘llanmalar, pedagogik texnologiyalar va texnik vositalarni ishlab
chiqish (nima yordamida o‘qitish).
5. Ta’limni tashkil qilishni ilmiy ishlab chiqish (darsni va ta’limning
mashg‘ulotdan tashqari shakllarini qanday o‘tkazish?) Mashg‘ulot ishlarini qanday
tashkiliy metodlarda o‘tkazish kerak? Mashg‘ulot jarayonidagi ta’limiy va
tarbiyaviy masalalarni qanday qilib yanada samaraliroq hal qilish kerak?).
Bolalarga bilim berish maqsadlari, metodlari, vositalari va shakllari metodik
tizimning asosiy komponentlaridir.
Mashg‘ulotlar o‘quv yili boshidan boshlab haftasiga 1 martadan (1 yilda 36
marta) o‘tkaziladi. Sentabr oyida bir mashg‘ulotning davomiyligi 10 minutdan
oshmasligi kerak. Oktabr oyidan boshlab mashg‘ulot davomiyligi sekin-asta 15
minutga yetkaziladi. O‘rta guruhda mashg‘ulotlar sentabr; oyidan boshlab, haftasiga
1 marta o‘tkaziladi. Mashg‘ulot 20 daqiqa davom etadi. Yil davomida 36 ta
mashg‘ulot o‘tkaziladi. Bolalar harakatli-ko‘rsatmali shaklda berilgan o‘quv
materiallarini yaxshi o‘zlashtiradi. 5 yoshga qadam qo‘ygan bolalarni o‘qitishda
didaktik o‘yinlardan keng foydalanish kerak. Topshiriqlarning bajarilish jarayonida
tarbiyachi bolalarni o‘z harakatlarini (nima qilganlarini va qanday qilganlarini,
natijada nima hosil bo‘lganini) tushuntirib berishga undaydi. 6 yoshli bolalarda
o‘z xulq-atvorini boshqarish qobiliyati paydo bo‘ladi; erkin xotira, diqqat
rivojlanadi. Shu yoshda topshiriqni bajarishga, o‘z ishiga ijobiy baho olishga
intiladilar. Ular o‘quv topshiriqlariga katta qiziqish bilan qaraydilar. Bolalar katta
guruhda birinchi o‘nlik sonlarini yaxshi o‘zlashtirishlari kerak. Har xil buyumlar
to‘plamini sanash, ularning qatorda kelish tartiblarini aniqlash jarayonida sonlar
mohiyatini o‘zlashtirish amalga oshiriladi. Bolalar bilan bajariladigan hamma
ishlar ular oldingi bosqichlarda olgan bilimlar va ularni hisobga olish asosida
tashkil qilinadi. O‘rganishni o‘tilganlarni takrorlashdan boshlash kerak. Har qaysi
yangi bilim oldin o‘zlashtirilgan bilimlar tizimiga kiritilishi zarur. Mashqlar
miqdori yetarli bo‘lgandagina bolalarda puxta malaka va ko‘nikmalar shakllanishi
mumkin. Bolalarni buyumlar, o‘yinchoqlar, geometrik figuralar, kartochkalar va
rasmlardagi tasvirlarni sanash (qayta sanash, qo‘shib sanash, ajratib sanash)ga,
ob’ektlar miqdorlarini sezish bilan aniqlashga mashq qildirish kerak. Mazkur
guruhda haftada 1 tadan mashg‘ulot o‘tkaziladi. Maktabga tayyorlov guruhi bola 7
yoshga qadar son, buyumlarning shakli va kattaligi haqida nisbatan ko‘proq
bilimlarni o‘zlashtirgan bo‘lishi, fazoda (2 va 3 o‘lchovli) va vaqt bo‘yicha mo‘ljal
ola bilishi kerak. Tarbiyachi bolalarda matematik bilimlarga ustivor (turg‘un)
qiziqish, ulardan foydalanish malakasi va ularni mustaqil egallashga intilishni
tarbiyalashga harakat qilishi kerak. Shu yoshda bolalarda mustaqil fikrlashni,
fazoviy tasavvurni rivojlantirish, ayniqsa, muhim. Maktabgacha tayyorlov guruhi
uchun elementar matematik tasavvurlarni rivojlantirishda bolalarning oldingi
bosqichlarda olgan bilimlarini sistemalashtirish, kengaytirish va chuqurlashtirishni
nazarda tutadi. Elementar matematika mashg‘ulotlari oldida bir qator maqsadlar
qo‘yilgan. Bular: ta’limiy, tarbiyaviy va amaliy maqsadlardir.